Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 12:15

Blog: Rayhonning oshiqlariga hamdardlik


Rayhon G'anieva
Rayhon G'anieva

Devonaoshiqlar og‘ir yo‘qotishga uchradi. “Ana, xolos... Yana kim vafot etdi!” deb esxonangiz chiqmasin - yo‘qotish deganimiz xursandchilikka.

O‘n minglab, balki yuz minglab azamatlarning ko‘ngliga gurillatib olov yoqqan sohibjamol xonanda Rayhon turmushga chiqyapti.

Hali eshitmadingizmi? Shou biznesdan non yeydigan gazetayu saytlar shu haqda bong urib yotibdi-ku.

Hofiz Ozodbek Nazarbekov “Rayhon, senga uylanaman, go‘shangamiz bog‘ bo‘ladi” deb, xunibiyron qo‘shiq kuyladi. Oh-vohlardan foyda chiqmadi.

Aftidan, Rayhon xotin ustiga xotin bo‘lishga rozi bo‘lmagan. Yo, chimildiqning ochiq osmon ostida bo‘lishiga unga ma‘qul kelmagan. “Evropeyskiy” tarbiya ko‘rgani, o‘zbekchani uncha bilmagani bilan, baribir o‘zbek-da!

Bu yoqimtoy qizginaga kimlar og‘iz solmadi! Buyurganniki emas, yugurganniki ekan-da.

"Maqolni xato yozvordi" deb tusmollamang, asli aktyor bo‘lgan kuyov bo‘lmish Yigitali Rayhonning kliplarida bearmon yugurib rol o‘ynagan.

Ta‘riflarga ishonsak, Yigitali yigitmisan-yigit! O‘mbaloq oshishmi, chapdastlik bilan chopishmi, xonaki qurollardan otishmi, ma‘shuqasini tarallabedodchi ko‘chabezorilardan himoya qilishmi, ishqilib, kiroyi aktyor nima qilishi kerak bo‘lsa, barini uddalarkan.

Og‘ziga kuchi yetmaganlar "kuyov qaylig‘idan 12 yosh kichik ekani chatoq bo‘pti-da", deb gap tarqatib yurganmish. Hasadchi bo‘l, insof bilan bo‘l-da!

“Muhabbat yosh tanlamaydi” degan ekan Napoleon (mabodo buni aynan Napoleon aytmagan taqdirdayam, biror ishqparast frantsuz tilidan chiqqani aniq).

Yulduzi yulduziga to‘g‘ri kelgandirki, ko‘plarni quruq qo‘l bilan qaytargan ofatijon Rayhon Yigitaliga rozilik bergan.

Boya aytdim-ku, "Rayhonga ko‘ngil qo‘yganlar sonmingta edi" deb. Uzunquloq gaplarga qaraganda, ancha-muncha ashaddiy rayhonsevarlar to‘y haqidagi xabarni motamdek qabul qilibdi. Hatto o‘z joniga qasd qilishga urinishlar bo‘pti.

Toshkentda bir kirakash yigit “Matiz”ida “Neksiya”ni turtib yuboribdi.

Melisa kelib, qoidabuzarlik sababni so‘rasa, “Rayhon erga tegib ketyapti, endi menga yashashning hojati yo‘q”, debdi.

Melisa: “Yashashning hojati yo‘q bo‘lsa, boringizni chiqarib bera qoling”, debdi.

“Kamandir, jinnimanmi, hali hayotdan umidim bor”, debdi oshiq pishiqlik bilan.

Qashqadaryoda rayhonsevarlardan bittasi to‘y daragini eshitib, o‘ylab-netib o‘tirmay, mahalladagi chog‘roq ariqqa tashlabdi o‘zini! Ariq suvi arang tizzadan kelarkan, oshiqning hamma yog‘i shalabbo bo‘lgani qolibdi.

Shu holatda satilini ko‘targancha xotini chiqib qolibdi. Qarasa, er so‘laqmonday bo‘lib ariqda yotibdi. “Cho‘kib ketishdan oldin o‘g‘lingizning oyog‘iga olib bersangiz bo‘lardi!” kesatibdi ayol “majnun” eriga.

Andijonda ham xonandaning xufyona oshiqlaridan biri gaz bilan zaharlanish orqali joniga qasd qilmoqchi bo‘libdi. Ammo uyida gaz yo‘qligi pand berib, niyati amalga oshmay qolibdi.

Aytishlaricha, keyin o‘ziga kelib, qo‘l urmoqchi bo‘lgan ishining dahshatini his
qilgan oshiq gaz idorasi vakillarini chaqirib, osh qilib beribdi. Joni yoniga qolgani uchun-da!

Men ham bir paytlar Rayhonga ko‘ngil qo‘ygandim. Xayriyat, ishq balosidan vaqtida xalos bo‘lgan ekanman. Bo‘lmasa, etak silkib, tarki dunyo qilishimga to‘g‘ri kelarmidi?!

Sobiq rayhonsevar
XS
SM
MD
LG