Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:32

Gulnora Karimovaning Moskvadagi hashamatli uyi hibs qilindi


"Kamelot" turar-joy kompleksi
"Kamelot" turar-joy kompleksi
O‘zbekiston prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova Moskvadagi narxi 10 million dollarga baholanayotgan uch qavatli kvartirasidan mahrum bo‘lishi mumkin. Kuzatuvchilar buni MTS bilan bog‘liq mojaroning davomi o‘laroq baholamoqda.

Al qasos?


Moskva markazida badavlat mijozlar uchun maxsus qurilgan “Kamelot” turar-joy kompleksidan Gulnora Karimova sotib olgan 3 qavatli kvartira hibs etildi.

Rossiya matbuotida 31 oktyabr kuni paydo bo‘lgan bu xabarga ko‘ra, hozirda narxi 10 million AQSh dollariga baholanayotgan bu kvartira Rossiya adliya tizimlari tomonidan hibs etilgan.

Bunday qarorning esa¸ Rossiyadagi eng yirik mobil aloqa operatori MTSning O‘zbekistonda sindirilishiga javob tariqasida qabul qilingani aytilmoqda.

MTSning O‘zbekistondagi sho‘’ba korxonasi bo‘lgan "O‘zdunrobita" faoliyatining to‘xtatilishi ortida aynan Gulnora Karimova turganiga oid turli taxmin va farazlar mavjud. Ammo hozircha na MTS shirkati va na MTSning O‘zbekistonda sindirilishi yuzasidan jinoiy ish ochgan Rossiya tergovchilari MTS muammolari ortida aynan Gulnora Karimova turganiga oid biror ma’lumot e’lon qilgan emas.

MTS egasi sanalgan “AFK Sistema” korporatsiyasi rasmiy vakilasi Yuliya Belous Ozodlik muxbiri bilan suhbatda Gulnora Karimovaga tegishli kvartiraning hibs qilinganiga oid xabarlarni tasdiqlay olmasligini bildirdi.

Ayni paytda¸ MTS mulkdori namoyandasi Karimova pentxausining Rossiya Federatsiyasi IIV Tergov departamenti tomonidan O‘zbekistonda MTS aktivlari musodara qilinishi yuzasidan qo‘zg‘atgan jinoiy ish doirasida hibs etilgan bo‘lishini ehtimoldan soqit qilmadi:

- Karimovaning kvartirasi Tergov qo‘mitasi olib borayotgan ish asosida hibsga olingan bo‘lishi mumkin. Bu sentyabrda qo‘zg‘atilgan jinoiy ish doirasidagi qandaydir amaliyot bo‘lishi ham mumkin. Lekin bunga biz aloqador emasmiz¸ bundan xabarimiz ham yo‘q, dedi “AFK Sistema” korporatsiyasi rasmiy vakilasi Yuliya Belous.

Bu suhbatdosh voqea tafsilotlarni aniqlash maqsadida Rossiya Ichki ishlar vazirligi Tergov departamentiga murojaat qilishni tavsiya etdi.

Tergov departamenti matbuot xizmati xodimi Ozodlik bilan suhbatda¸ hozircha MTSning O‘zbekistondan siqib chiqarilishi yuzasidan ochilgan jinoiy ish doirasida Gulnora Karimovaning Moskvadagi qimmatbaho ko‘chmas mulki hibs etilganidan bexabarligini bildirdi. Ayni paytda¸ kun davomida bu masalaga oydinlik kiritishga urinajagini va’da qildi.


MTS bo‘yicha maxfiy muzokaralarning davom etayotgani taxmin qilinmoqda


Rossiya Federatsiyasi IIV Tergov departamenti Rossiya Jinoyat Kodeksining favqulodda holatlarda qo‘llaniladigan 178-moddasi 2-qismi (“Raqobatga yo‘l qo‘ymaslik, cheklash yoki uni bartaraf qilish”) asosida sentyabr oyida "MTS-O‘zbekiston" shirkatining O‘zbekistondan siqib chiqarilgani yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atdi.

Ayni paytda, O‘zbekiston adliya tizimlari MTS taqdiri yuzasidan uzil-kesil qaror chiqarishni paysalga solmoqda.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining apellyatsiya kollegiyasi MTS kompaniyasining O‘zbekistondagi sho‘’ba korxonasi "O‘zdunrobita" shirkatining to‘rt menejeri ustidan chiqarilgan avvalgi sud qarorini ko‘rib chiqishni 13 noyabrga qoldirdi.

Bundan avval sud 16 oktyabr kuni ayni ishni ko‘rib chiqishni ikki haftaga qoldirgan edi. Sud o‘z qarorini ishni batafsil o‘rganib chiqish kerakligi bilan izohlagan edi.

Ayni paytda, O‘zbekiston Oliy xo‘jalik sudi ham 30 oktyabr kuni “O‘zdunrobita” litsenziyasining qaytarib olingani bo‘yicha shirkat kacsatsiya tartibida taqdim qilgan shikoyatini uchinchi marta ko‘rib chiqib¸ qaror qabul qilishni aynan 13 noyabrga qoldirdi.

9 va 16 oktyabr kungi mahkamada hakamlar qaror berishni 30 oktyabrga qoldirgan edi.

Axborot agentliklari va mustaqil tahlilchilar fikricha, sud qarorlari "O‘zdunrobita"ga tegishli aktivlar taqdirini hal qilish bo‘yicha parda ortida muzokaralarni davom ettirishga imkoniyat yaratish maqsadida kechiktirilmoqda.

O‘zbekiston MTS bo‘yicha yakuniy hukmni kechiktirayotgan bir paytda¸ Rossiyada Toshkentga bosim kuchaytirilmoqda.

Xususan¸ 18 oktyabr kuni Rossiya Davlat Dumasining Mulkchilik macalalari bo‘yicha qo‘mitasi yig‘ilishida deputatlar Rossiyaning qator shirkatlari O‘zbekistonda hukumat idoralari tomonidan bosimga uchrayotgani va bunga “keskin javob qaytarilishi” lozimligi yuzasidan kelishib olgan edilar.

Ayrim kuzatuvchilar¸ Gulnora Karimovaning Moskvadagi ko‘chmas mulki hibs etilishi ana shu bosim ifodasi ekanini taxmin qilmoqdalar.


“Kamelot oddiy fuqarolar uchun emas”


Rossiyadagi O‘zbekiston elchixonasida siyosiy maslahatchi bo‘lib ishlagan Gulnora Karimovaning Rossiya hududidagi ko‘chmas mulki va boshqa boyliklariga oid aniq ma’lumot yo‘q.

Ayrim norasmiy manbalar¸ Karimovaning Moskvada hashamatli ko‘chmas mulklar¸ xususan qimmatbaho do‘konlar tarmog‘i egasi ekanini iddao qiladi.

Cnews nashrining Rossiya Davlat Dumasidagi o‘z manbasiga tayanib yozishicha¸ Gulnora Karimova“Frunzenskaya” metro bekati yonidagi “Kamelot” kompleksining 9-11 qavatlaridagi kvartirani 2003 yilda taxminan 2 million dollarga sotib olgan.

2003 yilda bu savdo haqida xabar tarqatgan “Nezavisimaya gazeta”ga ko‘ra, Gulnora Karimovaning "Kamelot"dagi 420,8 kvadrat metr hududlik uch qavatli “de-lyuks" kvartirasi zodagonlarcha yashash uchun lozim barcha qulayliklar – basseyn, sauna, fitness-klub, bar, bir necha mashinaga mo‘ljallangan garaj hududi bilan jihozlangan.

Xamovniki tumanidagi bu kompleksni qurib topshirgan “Avgur Esteyt” shirkatidan olingan ma’lumotga ko‘ra, uyning tepa qavatida joylashgan pentxauslarning barchasi allaqachon sotib bo‘lingan.

"Kamelot"dagi kvartiralar savdosi bilan shug‘ullanayotgan HOUSE MALL rieltori Anastasiya Tatarskaya Ozodlik muxbiriga bu kompleksdagi kvartiralar bahosi oddiy fuqarolarga qimmatlik qilishi va bu erda asosan Rossiya biznes-elitasi vakillari yashashini bildirdi:

- Bu kompleksda yaqinda 13 qavatdagi 400 kvadrat metrlik katta pentxaus 8 million AQSh dollariga sotildi. Har metr kvadrat hudud taxminan 16-18 ming dollarga baholandi¸ deydi rieltor Anastasiya Tatarskaya.

HOUSE MALLdan olingan m’lumotga ko‘ra, “Kamelot”dagi bitta mashina turar joyi bahosining o‘zi 35-40 ming AQSh dollari atrofidadir.
XS
SM
MD
LG