Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 00:36

"Arzon dollar" ham chayqovchilardan ortmayapti


Toshkentda ikki haftadan buyon AQSh dollarining tijorat banklari kursi bo‘yicha savdosi davom etmoqda. Banklarning bu “saxovati” qayerdan paydo bo‘lgani noma‘lum, lekin arzon dollarni sotib olayotganlarning ko‘pchiligi valyuta dallollari ekani aytiladi .

Toshkentdagi valyuta shoxobchalari oldidagi vaziyatni kuzatgan o‘zbekistonlik jurnalistlardan birining aytishicha, "qora bozor"da 2750-2800 so‘m bo‘lgan AQSh dollarining 2025 so‘m kursda sotilishi bank bo‘linmalari hamda valyuta shoxobchalari oldida uzundan-uzoq navbat, shovqin suron va ur-yiqitlarning avj olishiga sabab bo‘lmoqda.

- Bir AQSh dollarini 2025 so‘mga olib, uni bank shoxobchasidan sal naridagi "qora bozor"ga olib borsangiz, uni 2800 so‘mga alishtirsa bo‘ladi. Demak¸ bankdan valyutani xarid qilishga imkoni bor har bir odam bir lahzada boyishi mumkin, ur-yiqitlarni boisi shu¸ deydi ismi sir qolishini istagan jurnalist.

Aytilishicha¸ oddiy odamlarning “arzon dollar”ni xarid qilish imkoniyatlari deyarli yo‘q. Bank shoxobchalari oldida navbatda turganlarning ko‘pchiligi “qora bozor”da dollar olib sotadigan valyuta dallollaridir.

Valyuta shoxobchalari oldida turgan bank va militsiyaga aloqador ekani ishoniladigan maxsus ayollarning tajovvuzkor atvoriga qaraganda¸ bu navbatlarga begonalarning kirishi mushkul, deydi valyuta shoxobchalari oldidagi vaziyatni kuzatgan o‘zbekistonlik jurnalist.

Toshkentlik tadbirkor Abror aka ham bank shoxobchalari oldida turganlarning ko‘pchiligi "valyutchik"lar ekanini aytadi.

- Begona odam kelsa, valyuta tugab qolgan bo‘ladi yoki ocheredga turaman desa shu¸ shallaqi ayollardan baloga qoladi. Bilishimcha militsiya ham hech narsa qilolmaydi, bu arzon dollar sotilishi ham shular uchun o‘ylab topilgan bir tadbir, deydi Abror.

O‘zbekistondagi ichki bank normativlariga ko‘ra, har bir fuqaro rasmiy kurs bilan yilning har choragida bir marta 2000 AQSh dollarigacha bo‘lgan miqdorda valyuta xarid qilish huquqiga ega.

Biroq bunday huquq pesh qilingan paytda, bank xizmatchilari hamisha naqd valyutaning yo‘qligini aytishadi:

- “Obmennыy punkt” deb yozib qo‘yibdi, o‘zining tanish-bilishlari oladi, chetdan bir odam ham ololmaydi. Shuning uchun majbur qora bozorga boramiz. Qanchasini militsiya ushlab ketganini ko‘rganman. Dollarni boshqa qayerdan olamiz, faqat "valyutchik"lardan. Davlatni o‘zi shunga yo‘l qo‘yib beryapti. Qaysi “Obmennыy punkt”dan dollar olish mumkin, hech biridan olib bo‘lmaydi, deydi toshkentlik Baxtiyor ismli 46 yashar tadbirkor.

Toshkentdagi "Dedeman Silk Road Tashkent" mehmonxonasidagi valyuta almashtirish shoxobchasiga qo‘ng‘iroq qilganimizda:

- Bizda dollar yo‘q, faqat davlat kursi bo‘yicha olamiz, sotishga yo‘q, Milliy bankga boring, degan javobni eshitdik.

Milliy bankka murojaat etganimizda, bank xodimlari O‘zbekistonda valyuta almashtirish shoxobchalari yoki bank bo‘linmalarida davlat kursi bo‘yicha dollar olish mumkinligini aytdi:

- Milliy bankning istagan bo‘limiga borasiz, pasportingiz va uchish chipta biletingizni ko‘rsatasiz, 2000 dollargacha bo‘lgan miqdorda bemalol almashtirishingiz mumkin. Naqd yoki bo‘lmasa kartochkangizga o‘tkazib berishadi, dedi Milliy bank xodimi.

Chet elga uchib ketayotgan har bir o‘zbek fuqarosi pasporti va uchqich chiptasini ko‘rsatib 2000 dollargacha pulni davlat belgilagan kursda olishi mumkin.

Lekin bu ham so‘nggi paytlarda chayqovchilikka aylangan:

- Davlat kursi va qora bozor kursi o‘rtasida sal kam 1000 so‘m farq bor. Hamma shu farqdan foyda ko‘rishni istaydi. Kimdir 1000 dollar foyda ko‘rdim, deb xursand, boshqalar esa million, balki undan ham ko‘p, deydi xorazmlik Muhabbat opa.

Ayni paytda, Milliy bank rasmiylari ham dollar chayqovchiligiga qarshi chora ko‘rishayotganini aytishadi:

- Shu paytgacha chet elga uchib ketayotganlar qayta-qayta kelib almashtirib, ketaverishardi. Chunki yilning har choragida almashtirish mumkin. Hozir endi shu muddatni olti oylik muddatga o‘zgartirayapmiz. Masalan, bir borib keldingiz va yana kelib ketishingizga berilmaydi, faqat olti oy oraliqda beriladi, shunaqa limit qo‘yilmoqda endi, deydi Markaziy bank xodimi.

Kuzatuvchilar esa, O‘zbekistonda dollarning davlat va "qora bozor" kursi saqlanib qolaverar ekan, valyuta chayqovchiligi barham topmasligini aytishadi:

- Shundan foyda ko‘rayotganlar bor-da. Ular hech qachan mamlakatda bir xil valyuta kursi bo‘lishini istashmaydi, deydi Muhabbat opa.

Hozir O‘zbekistondan chet davlatga chiqmoqchi bo‘lgan fuqarolari o‘zlari bilan 2000 dollargacha ruxsatsiz, 5000 dollargacha Markaziy bank ruxsati bilan pul olib chiqishlari mumkin.
XS
SM
MD
LG