Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 17:11

Bunyodkor stadionida futbol ishqibozlari kaltaklandi


Bunyodkor stadioni chiptaxonasi oldidagi 18 mart kungi vaziyat. (Surat Facebook ijtimoiy tarmog‘idan olindi.)
Bunyodkor stadioni chiptaxonasi oldidagi 18 mart kungi vaziyat. (Surat Facebook ijtimoiy tarmog‘idan olindi.)
18 mart kuni Bunyodkor stadionining chiptaxonasi oldida O‘zbekiston-Livan o‘yiniga chipta sotilayotgan payt minglab futbol ishqibozlari orasida yuzaga kelgan tiqilinchni tartibga solish vaqti maxsus xizmat kuchlari ishga solingan. Manbalarga ko‘ra, futbol ishqibozlariga nisbatan “dubinkalar” qo‘llagan va bir necha kishi hibsga olingan.


"Dubinkalar ishga tushdi"


26 mart kuni o‘tkaziladigan O‘zbekiston – Livan o‘yiniga 18 martdan boshlab Bunyodkor stadionida chiptalar sotila boshladi.

Toshkentdagi manbalarga ko‘ra, chipta sotilishining ilk kunida chiptaxona kassalari oldida, taxminan 1,5 mingdan 3 mingga yaqin odam yig‘ilgan.

Futbol ishqibozlaridan birining Ozodlikka yozishicha, chiptaxona kassalari oldida yuzaga kelgan tiqilinchni tartibga solish uchun maxsus xizmat kuchlari chaqirtirilgan.

“Ular odamlarni kaltaklab, qarshilik ko‘rsatganlarni hibsga olishdi”, deb yozdi ismini oshkor qilmayotganimiz futbol ishqibozi.



Voqea joyida bo‘lgan Elyor Mirzo ismli futbol ishqibozi esa Facebook ijtimoiy tarmog‘ida: “Vaziyat kuch ishlatishgacha yetdi. Maxsus guruh dubinkalarini ishga sola boshladi. Olomon ichida yosh bolalar, ayollar, qizlar ham bor edi. Oyoq ostida qolib ketganlarni aytmasa ham bo‘ladi”, deb xabar qoldirdi.

Bunyodkor stadionining mas‘ul xodimlaridan biri 18 mart kuni olomonni tartibga solish uchun qo‘shimcha militsiya xodimlari chaqirtirilganini tan oldi.

Biroq o‘zini tanishtirmagan mas‘ul xodim futbol muxlislariga nisbatan kuch qo‘llanilgani va hibs olish holatlari bo‘lganini mutlaqo inkor qildi.

O‘zbekiston Futbol federatsiyasi (O‘FF) matbuot kotibi Sanjar Rizayev esa bu voqeadan bexabarligini aytib, savolimizni ochiq qoldirishni ma‘qul topdi.


"Chipta sotish to‘xtatildi"


19 mart kuni tushdan keyin O‘zbekiston-Livan o‘yiniga chipta sotish vaqtincha to‘xtatilgani xabar qilindi.

Sanjar Rizayevga ko‘ra, bu xabardan O‘FF ham seshanba kuni tushga yaqin xabar topgan.

- Chipta sotish to‘xtatilganining sababini izohlay olmayman. Chunki bu haqdagi xabar bugun tushlikka yaqin bizga rasman ma‘lum qilindi. Keyin O‘zbekiston Futbol federatsiyasi bu haqda rasman xabar berdi. Ishqibozlarning kassa oldida behuda to‘planib, kutmasliklari uchun rasman xabar berdik, deydi Sanjar Rizayev.

Toshkentdan olingan ma‘lumotga ko‘ra, Bunyodkor stadioni chiptaxonalariga yopishtirilgan e‘londa Navro‘z bayrami munosabati bilan chipta sotish uch kunga to‘xtatilgani yozilgan.


“6000 chipta sotilgani yolg‘on”


Dastlab O‘zbekiston-Livan o‘yiniga chiptalar 15 mart kuni sotuvga chiqarilishi aytilgan edi. Keyinchalik bu sana 18 mart kuniga o‘zgartirildi.

Futbol ishqibozlari dushanba kuni ertalabdan Bunyodkor stadioni chiptaxonasi oldiga to‘plana boshladi.

Chipta olish umidida navbatga turgan toshkentlik Anvar ismli yigitning aytishicha, soat 18:00 dan keyingina kassalar ishga tushgan.

"Kecha soat 10 dan keyin navbatga turdim. Kuni bo‘yi kutdim. Kechgi soat 6 dan keyin 2 ta kassa ishga tushdi. Afsus, mening navbatim kelmasdan kassa yopildi", deydi Anvar.

Terma jamoalar markazi bergan ma‘lumotga ko‘ra, O‘zbekiston-Livan o‘yiniga jami 28 ming 300 ta chipta chiqarilgan. 18 mart kuni esa 6000 mingta chipta sotilgan.

Biroq Muloqot.uz saytiga ko‘ra, futbol muxlislar ushbu raqamning haqiqatga mos kelmasligini ta‘kidlashgan.

Jumladan, o‘zbek futbolining ishqibozlari bo‘lgan Twitter foydalanuvchilaridan biri @AAkramov o‘z sahifasida 6 mingta chipta sotilgani haqidagi xabarga "G‘irt yolg‘on!", deya munosabat bildirgan bo‘lsa, yana bir foydalanuvchi @Turoniy "6000ta bilet sotilganiga ishonmayman!", deb yozdi.

O‘FF matbuot kotibi Sanjar Rizayev bu gaplarni "mish-mish", deb atadi.

Quyida Sanjar Rizayev bilan suhbatni to‘liq tinglashingiz mumkin.
XS
SM
MD
LG