Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:32

.UZ domenlari muddatini uzaytirish tartibi o‘zgardi


UZ domeni ma‘muriyati domenlar muddatini uzaytirish tartibiga o‘zgartish kiritdi . Bundan maqsad Internet saytlari soni kamayishiga yo‘l qo‘ymaslik va mushtariylar soni ko‘payishiga hissa qo‘shishdan iborat ekani aytilmoqda.

UZINFOCOM Kompyuter va axborot texnologiyalarini rivojlantirish va amalga oshirish markazining UZ milliy domenini rivojlantirish guruhi bosh mutaxassisi Vladislav Deyxin Ozodlik bilan suhbatda domenlar muddatini uzaytirish bo‘yicha ishlab chiqilgan yangi tartib 28 martda kuchga kirganini ma‘lum qildi.

Deyxinning aytishicha, bundan maqsad .UZ domenidan foydalanuvchilar uchun qulaylik yaratishdir.

- Oldin domenlar muddati tugashiga ikki oy qolganda uni uzaytirish mumkin edi. Shunday foydalanuvchilar borki, domenni uzaytiradigan paytda ular xizmat safarida bo‘lishlari mumkin yoki ularda moliyaviy muammolar bo‘lishi mumkin. Shu bois ularga domen muddati tugashidan bir yil oldin uni uzaytirishga imkon yaratildi.

Masalan, siz domeningizni 5 yilga ro‘yxatdan o‘tkazgan bo‘lsangiz, to‘rt yillik muddat tugashi bilan bir yil davomida o‘zingizga qulay paytda domen muddatini uzaytirishingiz mumkin, - deydi UZ milliy domenini rivojlantirish guruhi bosh mutaxassisi.

Vladislav Deyxinga ko‘ra, hozir O‘zbekistonda domenlar nomini ro‘yxatga oladigan 12 ta qaydga oluvchi (registrator) bor. Ulardan oltitasi Toshkent shahrida oltitasi viloyatlarda faoliyat yuritmoqda.

- Hozir bizda domen nomlarini ro‘yxatga oladigan 12 ta registrator bor. Ularda narxlar bir-biridan katta farq qilmaydi. Domenni bir yilga ro‘yxatdan o‘tkazish va uzaytirish o‘rtacha 25-30 ming so‘mni tashkil qiladi. Domenni bir yildan o‘n yilgacha ro‘yxatdan o‘tkazish mumkin, - deydi UZ milliy domenini rivojlantirish guruhi bosh mutaxassisi Deyxin.

Internet saytlari bir maromda faoliyat olib borishini ta‘minlash maqsadida UZINFOCOM markazi joriy yil yanvar oyi o‘rtasida domenlarni 10 yilgacha ro‘yxatga olishga ruxsat bergan edi.

Deyxin hozir bitta domenni 10 yilga ro‘yxatdan o‘tkazish uchun taxminan 250-300 ming so‘mni to‘lash kerakligini qo‘shimcha qildi.

UZ milliy domenini rivojlantirish guruhi bosh mutaxassisiga ko‘ra, 2013 yil 1 apreliga qadar .UZ domenida 16200 ta sayt ro‘yxatga olingan. Ulardan 7348 ta domen (46%) jismoniy shaxslar, 8852 ta domen (54%) yuridik shaxslarga tegishli.

Ayni paytda 13676 ta domen O‘zbekistonda yashovchi fuqarolar, 2524 domen O‘zbekistonda yashamaydigan xorijliklar tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

Vladislav Deyxin UZINFOCOM Kompyuter va axborot texnologiyalarini rivojlantirish va amalga oshirish markazi xorijda yashayotganlar qaysi davlat fuqarosi bo‘lishidan qat‘iy nazar, http://cctld.uz/ sayti orqali .UZ domenida o‘z saytlarini ocha olishlari, ro‘yxatdan o‘tkazishlari va domen muddatini uzaytirishlari mumkinligini urg‘uladi.

O‘zbekiston Aloqa va axborotlashtirish agentligi ma‘lumotiga ko‘ra, 2012 yilda O‘zbekistonda Internetdan foydalanuvchilari soni 9 milliondan oshgan.

Ayni paytda UZ domenida mustaqil axborot saytlari yoki rasmiylar siyosatiga muqobil mulohazalarni aks ettiradigan veb-resurslar yo‘q.

O‘zbekistonda erkin axborot yoyinlaydigan boshqa xorijiy domenli saytlarga kirish uchun to‘siq qo‘yilgan.

Keng tasmali aloqa va Internet tarmog‘i tadqiqi bilan shug‘ullanuvchi Ookla shirkati 2013 yil 10 yanvar kuni e‘lon qilgan hisobotda O‘zbekistonni Internet tezligi eng sust va zaif bo‘lgan davlatlar qatoriga qo‘shgan.

O‘zbekiston Internetdan ma‘lumotlar yuklab olish tezligi bo‘yicha 180 ta davlat ichida 166-o‘rinni (1,81 Mbs) egallagan.
XS
SM
MD
LG