Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 00:24

UzGazOil Rossiyadan yonilg‘i import qilishni boshladi


O‘zbekiston Rossiyadan oliy sifatli benzin va dizel importini qayta yo‘lga qo‘ymoqda. UzGazOil mas‘ullari buning sababini mamlakatdagi yonilg‘i taqchilligiga barham berish va aholining sifatli benzinga bo‘lgan extiyojini qondirish niyati bilan izohlashmoqda.

UzGazOil shirkati mas‘uliga ko‘ra, hozirda Rossiyadan keltirilgan AI-80 markali sifatli benzin allaqachon Qashqadaryo, Samarqand va Buxoro yonilg‘i quyish shahobchalarida sotilmoqda.

– Rossiyadan benzin eksporti o‘tgan haftadan boshlandi. Hozir shu viloyatlar zapravkalarida shu importniy benzin sotilmoqda, - dedi UzGazOil shirkati mas‘uli.

O‘zbekistonda hozir A-93 va A-95 turdagi benzinning bir litri 1.650 -1.800 so‘m atrofida ekani aytiladi. Lekin, Rossiyadan keltirilayotgan AI-80 benzinining litri 2700 so‘mdan sotilmoqda.

- Sababi Rossiyadan keltirilgani - sifatli, shuning uchun qimmat. Naqd pulga ham, kartochkaga ham sotamiz, - deydi Buxorodagi AYoQSh xodimi.

Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari qatori O‘zbekiston ham Rossiyada ishlab chiqarilgan oliy sifatli benzin va dizel yonilg‘isining an‘anaviy xaridorlari hisoblanadi.

2011 yil may oyida Rossiya Energetika vazirligining mamlakat neft shirkatlariga chetga benzin sotishni to‘xtatish haqdagi tavsiyasi ortidan O‘zbekistonga ham bu mamlakatdan avtomobil yonilg‘isi eksporti to‘xtab qolgandi.

Bu esa O‘zbekistonda oliy sifatli benzin taqchilligini keltirib chiqargan va natijada O‘zbekistonda shundoq ham qimmat bo‘lgan oliy sifatli benzin narxlarining yanada oshib ketishiga olib kelgandi.

Mutaxassislar fikricha, O‘zbekistonning o‘zidagi neftni qayta ishlash korxonalarida oliy sifatli benzin ishlab chiqarish imkoniyatlari yo‘q.

Benzin ta‘minoti masalasida O‘zbekiston va Rossiya orasida amal qiluvchi hukumatlararo shartnoma imzolanmagan.

Rossiyadan O‘zbekistonga benzin keltirish ishlari bilan esa turli xil xususiy shirkatlar shug‘ullanadi.

2011 yilga qadar O‘zbekiston Rossiyadan yiliga 150 ming tonna atrofida AI-80, AI-93 va AI-95 turdagi oliy sifatli benzin sotib olgan.

Ammo mahalliy tahlilchilar fikricha, 29 million kishilik aholiga ega O‘zbekistonning yonilg‘i bozori uchun bu katta ko‘rsatkich emas.

Ayni paytda O‘zbekistonning ko‘pgina viloyatlari hamon benzin taqchilligini boshdan kechirmoqda.

Xorazmda benzinni noqonuniy ravishda baland narxda olib-sotish hollari nafaqat ko‘chalarda, balki yonilg‘i quyish shahobchalarida ham avjiga chiqqan.

Xivalik haydovchi Hakimjon shahardagi AYoQShlarda benzinni ustiga narx qo‘yib sotishayotgani guvohi bo‘lganini aytadi:

- Zapravkaga borsang, faqat 10 litr berayapti. Davlat narxi 1850 so‘m bo‘lgan benzinni zapravkada uzoq navbatda turib olasiz. Shunda ham faqat 10 litr beradi, har litriga 150 so‘m mindirib, 2000 so‘mga beradi. 10 litrdan ko‘proq so‘rasang¸ narxi yana oshadi, 2200 so‘m deydi, yana ko‘proq olaman desang¸ narxni yana ko‘taradi. Bersang ber, bo‘lmasa benzin yo‘q, bor qayerga borsang bor, degan gapni eshitasiz¸ deydi xivalik haydovchi Hakimjon.

Rasmiylar O‘zbekiston bo‘ylab bir necha oydan beri kuzatilayotgan yonilg‘i taqchilligining sabablari haqida shu vaqtgacha izoh bermaganlar.
XS
SM
MD
LG