Линклар

Шошилинч хабар
15 март 2025, Тошкент вақти: 12:29

Obama odam miyasi tadqiqiga $100 million ajratish niyatida


AQSh Prezidenti Barak Obama odam miyasi faoliyatini tadqiq qilish loyihalariga 100 million dollar ajratishini so‘rab, Kongressga murojaat qilish niyatida. Bu tadqiqotlar natijasida Altsgeymer va boshqa neyrologik kasalliklarga da‘vo topilishiga umid qilinmoqda.

AQSh Prezidenti Barak Obama Kongressdan odam miyasi faoliyatini tadqiq qilish loyihalariga 100 million dollar ajratishini so‘ramoqchi.

U bu haqda seshanba kuni Oq Uyga yig‘ilgan olim va tadqiqitchilar bilan o‘tgan uchrashuvida e‘lon qildi.

- Inson sifatida biz bir necha yorug‘lik yili uzoqlikda bo‘lgan galaktikalarni aniqlay olamiz. Atomdan ham kichikroq bo‘lgan, eng mayda zarrachalarni o‘rganamiz. Ammo, hozirgacha ikki qulog‘imiz o‘rtasida joylashgan bir hovuch narsaning sirlarini ochganimiz yo‘q, dedi AQSh prezidenti.

Oq Uy rasmiylari “BRAIN Initiative” deb nomlangan loyiha, ya‘ni ilg‘or innovatsion neyrotexnologiyalar yordamida odam miyasi faoliyatini tadqiq qilish orqali neyrologik va ruhiy kasalliklarni davolash yo‘llari topilishiga umid qilmoqda.

Obama Parkinson kasalligi, epilepsiya kabi kasalliklar murakkabligini shifokorlar to‘liq o‘rgana olmagani bois samarali davolash usullari topilmaganini qayd etdi.

- Natijada, biz hozirgacha Altsgeymer yoki autizm kabi kasalliklarni davolay olmayapmiz yoki uning salbiy oqibatlarini to‘liq tugata olmayapmiz. Hatto, dunyodagi eng kuchli kompyuter ham biz kabi intuitsiyaga ega emas. Bizni ulkan sirlarni ochish vazifasi kutmoqda. “BRAIN Initiative” loyihasi odam miyasi qanday ishlashi, o‘ylashi, o‘rganishi va eslab qolish qobiliyatini batafsil o‘rganishda olimlar uchun zarur vosita bo‘ladi, dedi Barak Obama.

AQSh prezidenti tadqiqotlar nafaqat dunyodagi millionlab balki, milliardlab odamning hayotini yaxshilashiga ishonch bildirdi.

Agar Kongress mazkur loyihani moliyalashtirishga rozi bo‘lsa, AQShdagi Salomatlik Milliy instituti, Mudofaa bo‘yicha ilg‘or tadqiqotlar agentligi va Milliy ilm-fan jamg‘armasi odam miya faoliyati bo‘yicha tadqiqotlarni boshlaydi.

Axborot agentliklariga ko‘ra esa Obama taklif qilgan 100 million dollarlik loyiha uchun mablag‘ ajratishga Kongress roziligini olish qulay bo‘lmaydi.

Kongress a‘zolari hadi davlat byudjeti borasida bir kelishuvga erishgani yo‘q. Shu sabab, o‘tgan oy boshidan harajatlar avtomatik ravishda ikki foizga qisqartirila boshlandi.

Obama loyihada ishtirok etishni istagan xususiy shirkatlar va universitetlar federal tashkilotlar bilan hamkorlik qilsa, ularni rag‘batlantirajagini aytdi.

Odam miyasi faoliyatini o‘rganish bilan shug‘ullanib kelayotgan olimlar Oq Uy tashabbusini olqishlamoqda.

Yevropa Komissiyasi tomonidan moliyalashtiriladigan Yevropaning Odam miyasi bo‘yicha tadqiqotlar markazi direktori Richard Frakkoviak AQSh prezidenti e‘lon qilgan tashabbusdan mamnun bo‘lganini aytdi.

Yevropa vakili o‘zi va hamkasblari miya faoliyatini o‘rganishda “imkon qadar yaqin hamkorlik qilishi”ni ta‘kidladi.

Richard Frakkoviak “BRAIN Initiative” loyihasi neyrodegeneratsiya va ruhiy kasalliklar muammosini hal qilishda dunyo bo‘yicha keng hamkorlikka turtki bo‘lishini bashorat qildi.
XS
SM
MD
LG