Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:14

Rostovda 4 yashar qizchani zo‘rlaganlikda ayblanayotgan shaxs qo‘lga olindi


Rostov-Donda 4 yashar o‘zbekistonlik qizchani zo‘rlaganlikda ayblanib, 30 yoshli tojikistonlik qo‘lga olindi. Millati o‘zbek ekani aytilayotgan ayblanuvchi mast holatda qizchani konfetlar bilan aldab olib ketgani va o‘z aybiga iqror bo‘lgani xabar qilindi.


"Jinoyatchi tojikistonlik o‘zbek ekan"


Shu yilning 3 aprel kuni Rostov-Donning dala hovli va bog‘dorchilik xo‘jaliklaridan birida juda og‘ir ahvolda bo‘lgan 4 yoshli o‘zbekistonlik Maftuna ismli qizcha topildi.

Zo‘rlanib va kaltaklanib ketilgan norasida shu yerdagi axlatxonaga nimjon holatda tashlab ketilibdi, deydi hodisa tafsilotlarini gapirib bergan Rostov viloyati bo‘yicha Tergov qo‘mitasi Bosh boshqarmasi matbuot kotibi Galina Galalayeva.

- Ayblanuvchi qizcha yashagan joyga yaqin mahallada yashab kelgan, bir necha marotaba uni ko‘rgan va u bilan gaplashgan. Jinoyat sodir etilgan kun u qizcha yashaydigan uy yonidan o‘tib ketayotib, uni yoniga chaqirgan va o‘zi bilan olib ketgan. Shundan keyin u qizaloqni bog‘dorchilik xo‘jaligi hududiga olib borib, o‘z jinoyatini sodir etgan,- deydi Tergov qo‘mitasi rasmiysi Galina Galalayeva.

Tergovchilardan olingan ma‘lumotga ko‘ra, politsiya xodimlari qizchadan jinoyatchining tashqi qiyofasini surishtirib, u shu atrofda yashaydigan mardikor fuqaroga o‘xshab ketishini taxmin qilishgan.

Katta shov-shuvga sabab bo‘lgan bu hodisa ortidan mahalliy va markaziy ommaviy axborot vositalarida jinoyatni sodir etgan 30 yoshli O‘zbekiston fuqarosi Oqsoy shossesi yo‘nalishidagi avtobus bekatida Voroshilov tumani politsiya xodimlari tomonidan hibs etilgani xabar qilindi.

Rostov-Don shahrining 1-sonli porlitsiya bo‘limida qolayotgan bu shaxs o‘z aybiga iqror bo‘lgan.

Biroq, 4 yashar qizchani zo‘rlaganlikda ayblanayotgan shaxsni qidirishda bevosita ishtirok etgan “Aziz” O‘zbeklar milliy-madaniy markazi rahbari Qiyomxon Boboyev Ozodlik bilan suhbatda jinoyatchi aslida Tojikiston fuqarosi, lekin millati haqiqatan o‘zbek ekani aniqlanganini aytadi.

- Uni hamma deyarli qidirdi. Men ham ko‘pchilikni yig‘dim, volonter o‘zbek-ruslar yig‘ildi. O‘sha kuni qo‘limizga uni pasportini olganimiz uni ushlashni tezlashtirdi. Odamlar uni tanishni boshladi. Biz tushlikdan keyin allaqachon uning ma‘lumotlarini hamma joyga tarqatib chiqdik. “Ashan” magazinida ishlaydigan o‘zbek qizlar uni o‘sha yerda paydo bo‘lganida tanib qolibdi. Ana shular qo‘ng‘iroq qilganidan keyin, “Ashan” bekatida qo‘lga olindi. Men uni qilganlarini eshitib shok holatida edim. U barcha jinoyatni bo‘yniga oldi, “menga advokat berasizlar, o‘z xohishimga binoan taslim bo‘lganimni rasmiylashtirasan”, deb toza rus tilida surbetlarcha shart qo‘yib o‘tiribdi. Shunday quturgan odamlar butun millatga isnod keltiryapti, deydi “rostovlik pedofilni” o‘shlashda bevosita ishtirok etgan mahalliy o‘zbeklar jamiyati raisi Qiyomxon aka Boboyev.

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:05:55 0:00
Бевосита линк


Politsiya xodimlari ayblanuvchini topishda uning sobiq xotini yordam berganini ma‘lum qilishdi.

Huquq-tartibot organlaridan olingan ma‘lumotga ko‘ra, hibsga oilngan Tojikistonning Isfara shahrida 1982 yilda tug‘ilgan Jo‘rayev Ilhom ismli shaxsdir.


"Qizchaning ahvoli birmuncha yaxshilangan"


Rostov o‘zbeklari jamiyati rahbari so‘zlariga ko‘ra, Maftuna ismli 4 yashar jabrlangan qizchaning ahvoli birmuncha durust, vrachlar uni hatto so‘roq qilishga ruxsat bergan. Maftuna jinoyatni aynan hibsga olingan tojikistonlik qilgani to‘g‘risida ko‘rsatma bergan.

Ma‘lum bo‘lishicha, Maftuna asli Buxorodan, onasi bir o‘zi uni tarbiyalab kelmoqda. O‘sha kuni Madina qizchasini tog‘asi qaramog‘ida qoldirib ishga ketgan. Ko‘chaga ikkita dugonasi bilan o‘ynagani chiqqanidan biroz vaqt o‘tib, Maftuna yo‘qolib qolgan.

Ilhom Jo‘rayev
Ilhom Jo‘rayev
Politsiya xodimlari tomonidan Life News nashriga taqdim qilingan videolavhada Jo‘rayev jinoyat joyida olib borilayotgan amaliyot davomida qizcha avvaliga qarshilik ko‘rsatishga uringanini gapirmoqda.

- Avvaliga qo‘lidan olsam men bilan borishga qarshilik ko‘rsatdi,- deydi o‘sha kuni o‘ta mast holatda ekani va nima qilayotganini anglamaganini gapirgan Ilhom Jo‘rayev.

Jinoyatchi qizcha bilan mahalliy do‘konga kirib bir hovuch konfet olib bergan. Zo‘rlab bo‘lganidan keyin, jinoyatchi qizchani qattiq kaltaklagan. Og‘ir ruhiy holatda, jarohat olgan va yig‘layotgan qizchani uni tog‘asi topgan.

Jo‘rayev Ilhom Rossiya Federatsiyasi Jinoyat Kodeksining 132 moddasi 4 qismi, ya‘ni zo‘rlash asosida jinoiy javobgarlikka tortildi. Tergov ishlari davom etmoqda.

Qiyomxon Boboyev ayrim millatchi guruhlar bu hodisani o‘z manfaatlari yo‘lida ishlatishga va “yana bir o‘zbek migrant rossiyalik 4 yashar qizchani zo‘rladi” qabilida mish-mishlarni tarqatayotganidan norozi ekani, jinoyatchining aslida millati bo‘lmasligini aytdi.

Ozodlik o‘tgan oy oxirlarida Tataristonning Naberejniye Chelni shahrida 8 yashar Vasilisa Galitsinani o‘ldirganlikda gumonlanib, qo‘lga olingan yana bir O‘zbekiston fuqarosi - Farrux Toshboyevga yakuniy ayblov e‘lon qilingani haqida xabar bergan edi.

Agar sud Farrux Toshboyevni aybdor deb topsa, u umrbod qamoq jazosiga hukm etilishi mumkin.
XS
SM
MD
LG