Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 11:23

Hirotdan topilgan o‘zbek askari O‘zbekistonga qaytishni istamadi


Bahriddin Hakimov Afg‘onistonda Shayx Abdulla ismini olgan.
Bahriddin Hakimov Afg‘onistonda Shayx Abdulla ismini olgan.
Bundan 33 yil avval Afg‘onistonda xizmat qilgan payti bedarak yo‘qolgan va shu yilning 23 fevral kuni Hirotdan topilgan samarqandlik Bahriddin Hakimov O‘zbekistonga qaytishni rad qildi.

"O‘zbekistonga qaytmayman"


4 aprel kuni Afg‘onistonning Hirot shahrida o‘tgan matbuot anjumanida 53 yoshli Bahriddin Hakimov O‘zbekistonga qaytishni xohlamasligini e‘lon qildi.

Bu haqda xabar qilgan Afg‘onistonning Pajhwok axborot agentligi ma‘lumotiga ko‘ra, anjuman payti Bahriddin Hakimovning Samarqanddagi akasi – iste‘fodagi militsiya podpolkovnigi Sharof Hakimov bilan telefon orqali suhbatlashishiga imkon berilgan.

Bahriddin Hakimov harbiy xizmatdaligi paytida.
Bahriddin Hakimov harbiy xizmatdaligi paytida.
Telefon muloqoti davomida Sharof Hakimov ukasidan uyga qaytishni so‘raganiga qaramasdan, Bahriddin Hakimov O‘zbekistonga qaytish niyati yo‘q ekanligini aytib, qolgan umrini Hirotda o‘tkazish niyatida ekanini aytgan.

MDHga a‘zo davlatlar hukumat rahbarlari Kengashi huzuridagi Baynalmilalchi jangchilar ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining o‘rinbosari Aleksandr Lavrentyev sobiq o‘zbek askari Bahriddin Hakimovni topgan shaxs bo‘ladi.

Qo‘mita faollaridan olingan ma‘lumotga ko‘ra, hozirda Aleksandr Lavrentyev Afg‘onistonda bo‘lib, Hirotda o‘tkazilgan matbuot anjumani ham uning tashabbusi bilan tashkil qilingan.

“Lavrentyev to‘rt kun ichida Hirotdan qaytadi. Kelgach, barcha ma‘lumotlarni undan olasiz”, deyishdi qo‘mita faollari.


“Sobiq o‘qchi 33 yil avval bedarak yo‘qolgan”


Asli Samarqand shahridan bo‘lgan Bahriddin Hakimov, 101-motorlashgan o‘qchi polkida xizmat qilgan.

Aleksandr Lavrentyevning Ozodlik bilan 5 mart kungi suhbatda aytishicha, Bahriddin Hakimov 1980 yilning sentyabr oyida Afg‘onistonning Eron bilan chegaradosh Hirot viloyati hududida bo‘lgan shiddatli jangda og‘ir yarador bo‘lib, asirga tushgan.

- Jang tugagach, uni izlashgan. Biroq u yarador bo‘lib yiqilgan joyidan topilmagan. U asirlikka tushgan ekan,- deya ma‘lum qilgan edi Lavrentyev.

Bahriddin Hakimov (chapda) va Aleksandr Lavrentyev (o‘ngda)
Bahriddin Hakimov (chapda) va Aleksandr Lavrentyev (o‘ngda)
Asirlikka tushgan Hakimovni mahalliy tabib giyohlar bilan davolab, oyoqqa turg‘izgan. Tabib uni o‘g‘il qilib olib, giyohlar bilan davolashni o‘rgatgan. Hozir Bahriddin Hakimovning o‘zi ham tabiblik bilan shug‘ullanadi.

Bahriddin Hakimov hozirda Shayx Abdulla ismini olgan. Shayx Abdulla afg‘onistonlik ayolga uylangan, biroq farzandi bo‘lmagan. Rafiqasi o‘lgach esa, Abdulla boshqa uylanmagan, hozirda yolg‘iz yashaydi.

To‘qqiz sobiq "afg‘onchi" uyiga qaytishni istamagan
MDHga a‘zo davlatlar hukumat boshliqlari Kengashi huzuridagi Baynalmilalchi jangchilar ishlari bo‘yicha qo‘mita 1992 yilning 13 mart kuni tashkil qilingan.

O‘tgan vaqt davomida qo‘mita tomonidan Afg‘onistonda bedarak yo‘qolgan 31 sobiq sovet askari topilgan, ulardan faqat 22 nafari o‘z vataniga qaytgan.

Hozirda qo‘mita Afg‘on urushida bedarak ketgan yana 263 nafar askarni qidirishda davom etmoqda.

Afg‘onistondagi o‘n yillik urush chog‘ida, rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistondan Afg‘onistonga 65 mingdan ziyod askar yuborilgan.

Ulardan 1512 nafari halok bo‘lgan, 2500 dan ziyod askar va zobit nogiron bo‘lib qaytgan.
XS
SM
MD
LG