Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 11:26

Karimovning Bleyk bilan so‘zlashuvi tafsilotlari ochiqlanmadi


U.S. -- Assistant Secretary of State for South and Central Asian Affairs Robert Blake, 16Feb2012
U.S. -- Assistant Secretary of State for South and Central Asian Affairs Robert Blake, 16Feb2012
AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo‘yicha yordamchisi Robert Bleykning O‘zbekistonga tashrifi yakunlandi. AQSh mulozimi 24 aprel kuni Toshkentda O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov va boshqa rasmiylar bilan uchrashdi. Rasmiy matbuot so‘zlashuvlarga oid umumiy gaplardan iborat xabarlarni bermoqda. Janob Bleykning o‘zi ham payshanba kuni o‘tkazilgan matbut anjumanida umumiy gaplardan nariga o‘tmadi.

AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo‘yicha yordamchisi Robert Bleyk 24 aprel kuni tongda Toshkentga yetib kelgach, dastavval O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov bilan uchrashdi.

Rasmiy xabarlarda aytilishicha, mazkur uchrashuvda prezident Karimov O‘zbekiston-AQSh munosabatlari “uzoq muddatli asosda barqaror” rivojlanib borayotganini ta‘kidlagan.

Prezidentning davlat kotibi yordamchisi bilan so‘zlashuvlarida, jumladan, Afg‘onistondagi hozirgi vaziyat yuzasidan fikr almashgani ham aytiladi rasmiy xabarnomada.

Bleykning Toshkentga safari Vashington 2014 yil oxiriga qadar Amerika qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqishga taraddud ko‘rayotgan paytga to‘g‘ri keldi. Qo‘shma Shtatlar qo‘shinlarni olib chiqishda O‘zbekiston hududidan tranzit sifatida foydalanishni ko‘zlamoqda.

Buning evaziga O‘zbekiston AQShdan harbiy yordam olishga umid qilmoqda. O‘tgan oyda AQSh Konrgessining tashqi ishlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi oldida qilgan chiqishida Robert Bleyk Vashington Toshkentning iltimosiga ko‘ra, O‘zbekistonga terrorchilikka qarshi kurashish uchun harbiy yordamni tiklashni rejalashtirayotganini ma‘lum qilgan edi.

Vashington 2005 yil Andijon voqealaridan keyin Toshkentga harbiy yordam ko‘rsatishni to‘xtatgan.

AQSh davlat kotibi yordamchisining prezident Karimov, O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov, Bosh vazir birinchi o‘rinbosari Rustam Azimov bilan so‘zlashuvlari chog‘ida harbiy yordamga oid masalalar ko‘tarilganmi, yo‘qmi bu haqda rasmiylar ma‘lum qilishgani yo‘q.

Ayni paytda, payshanba kuni Robert Bleyk Toshkentdagi AQSh elchixonasida o‘tkazgan matbuot anjumanida qatnshagan sanoqli jurnalistlar Vashington rasmiysiga bunga oid savollarni berishgan.

Matbuot anjumanida qatnashgan olti jurnalist orasida toshkentlik mustaqil jurnalist Abdurahmon Tashanov ham bor edi. Jurnalistning aytishicha, janob Bleyk ham matbuot anjumanida harbiy yordam, Afg‘onistondan qo‘shinlar olib chiqilishi haqidagi savollarga umumiy javoblar bilan kifoyalangan.

- Albatta O‘zbekistonga harbiy yordamlar masalasi ko‘tarildi va O‘zbekistonga doimiy hamkor sifatida harbiy yordamlar berib kelamiz, dedi. Jurnalistlarning yarim hazil ohangida “Nemislar O‘zbekistondan chiqib ketayotganda baza qoldirib ketishdi. Britaniyaliklar O‘zbekistonga qurol qoldirib ketishdi. Amerika O‘zbekistondan kargo sifatida foydalangandan keyin nima qoldiradi” degan savoliga “ biz, shubhasiz, endi harbiy texnika, hamkorligimiz davom etadi. Biz bu regionda uzoq ishlamoqchimiz” dedi,- deydi Abdurahmon Tashanov.

AQShning Toshkentdagi elchixonasi vakillari ham davlat kotibi yordamchisining tashrifi yakunlariga oid boshqa tafsilotlarni bera olmasligini bildirishdi.

AQSh davlat kotibi yordamchisi Bleyk mart oyi boshida Kongressdagi yig‘inda harbiy yordam evaziga Vashinton Toshkent hukumatidan inson huquqlariga oid vaziyatni yaxshilash bo‘yicha amaliy qadam tashlashni so‘rashini ma‘lum qilgan edi.

AQSh diplomati 23 aprel kuni Toshkentda fuqaroviy jamiyat vakillari bilan ham davra suhbati o‘tkazgan edi.

Payshanba kungi matbuot anjumanida berilgan savollarning aksar ko‘pchiligi ham O‘zbekistonda inson huquqlari, fuqaroviy jamiyat va demokratiya bilan bog‘liq vaziyat haqida bo‘ldi, deydi Tashanov.

- Biz jurnalistlarni qiziqtirgan assoiy mavzu inson huquqlari va demokratiya masalasi bo‘lib qoldi. Shuning uchun masalan men mamlakatda muxolif partiyalar ro‘yxatga olinishi borasida ham gap bo‘ldimi, dedim. Boshqa hamkasblarim siyosiy mahkumlar masalasini ko‘tarishdi. Bleyk janoblari juda ham qisqa gapirib ketdi. “Men hamma mavzularda ochiqcha gaplashdim. AQSh talablarini qo‘ydim. Lekin bularning detallariga to‘xtalmoqchi emasman. Chunki diplomatik qoidalarga mos kelmaydi bu” deb gapirdi,- deydi toshkentlik mustaqil jurnalist Abdurahmon Tashanov.

AQSh elchixonasi vakillariga ko‘ra, Robert Bleyk payshanba kuni Olmaotada o‘tkaziladigan “Osiyo yuragi” nomli xalqaro konferentsiyada qatnashish uchun Qozog‘istonga jo‘nab ketgan.
XS
SM
MD
LG