Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 21:55

Qirg‘izistonda o‘zbek tilida test topshirishga izn berildi


O‘zbek maktablarida tahsil olgan qirg‘izistonlik bitiruvchilar Umumrespublika test sinovini ona tilida topshirish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Qirg‘iziston ta‘lim va fan vaziri Qanat Sadiqovning 2 may kuni Bishkekda o‘tkazilgan matbuot anjumanida qayd etishicha, o‘zbek tilida test topshirishni istaganlar soni 1600 kishini tashkil etgan.

- Umumrespublika testini o‘zbek tilida o‘tkazish uchun xohlovchilar soni yetarli, - dedi vazir Sadiqov.

Qirg‘iz parlamentining ayrim deputatlari va boshqa shaxslar ikki yildan buyon mamlakatda o‘zbek tilida test olish amaliyotiga chek qo‘yishni talab qilib kelayotgan edilar. Bu bosim tobora kuchayib, shu yilning 31 yanvar kuni Ta‘lim va fan vazirligi o‘zbek tilidagi testni bekor qilish bo‘yicha qaror qabul qilgani haqida ham xabar tarqalgandi. Bu ma‘lumotni Ozodlikka tasdiqlagan vazirlik xodimi bu yil Qirg‘izistonda Umumrespublika test sinovi faqat qirg‘iz va rus tillarida o‘tkazilishini aytgandi.

Ammo mart oyi oxirida Ozodlikka intervyu bergan Qirg‘iziston Ta‘lim va fan vazirligi matbuot kotibi Kerez Jukeyeva joriy yilda ham o‘zbek tilida test o‘tkazilishi ehtimoldan soqit qilinmayotganini aytgandi.

- O‘zbek tilida umumrespublika testini turli yillarda mingtadan ikki mingtagacha bo‘lgan bitiruvchi topshirgan. Bu o‘zbek maktabi bitiruvchilarining 20-30 foizini tashkil qiladi. Ayni paytda umumrespublika testini topshirish niyatida bo‘lgan bitiruvchilarni ro‘yxatga olish jarayoni ketmoqda. Bu jarayon 11 aprelda yakunlanadi. Ro‘yxatga olish natijalariga qarab vazirlik testni uchinchi tilda o‘tkazish masalasini o‘rganib chiqadi. Agar o‘zbek tilida imtihon topshirishni istovchilar ko‘p bo‘lsa, bu tilda test imtihonlarini qoldirish masalasi hal etiladi, - degandi Ozodlik bilan 27 mart kungi suhbat chog‘ida Kerez Jukeyeva.

Ta‘lim va fan vaziri Qanat Sadiqovning aytishicha, bu yil Umumrespublika test sinovini topshirish istagini qariyb 49 ming bitiruvchi bildirgan va ulardan 1 ming 600 nafari o‘zbek maktablari bitiruvchilaridir.

Eslatib o‘tamiz, Qirg‘iziston Ta‘lim va fan vazirligi qaroriga ko‘ra, 2012 yildan boshlab Umumrespublika testi oliy o‘quv yurtlariga kirish uchun majburiy sinov bo‘lib hisoblanadi.

Bu yil Qirg‘izistonda Umumrespublika testi 18 may kuni o‘tkazilishi mo‘ljallanmoqda.

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda Qirg‘izistondagi o‘zbek maktablarida 122 ming 200 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda, ular orasidan umumrespublika testini topshirishni istaganlar soni yildan yilga qisqarib bormoqda. Bunga rasmiylar 2004 yilda o‘zbek tilida testni 1 ming 932 topshirgani, 2011 yilga kelib esa o‘zbek tilida test topshirishni istaganlar soni 1 ming 74 kishiga tushib qolganini dalil o‘laroq keltiradilar.
XS
SM
MD
LG