Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:24

Bishkekda o‘zbek tilida test topshirilishiga qarshi tadbir o‘tkazilmoqda


Bishkekdagi norozilar umumrespublika testini o‘zbek tilida topshirishga ruxsat berilishini inson huquqlari buzilishi, deb hisoblaydilar.
Bishkekdagi norozilar umumrespublika testini o‘zbek tilida topshirishga ruxsat berilishini inson huquqlari buzilishi, deb hisoblaydilar.
Qirg‘iziston Ta‘lim va fan vazirligi binosi oldida umumrespublika test sinovini o‘zbek tilida topshirilishini bekor qilish talabi bilan aktsiya bo‘lib o‘tayapti.

Bu haqda Qirg‘iziston axborot agentliklari xabar tarqatdi.

Sa-news nashrining aktsiya tashkilotchilari bo‘lgan “Ala-To‘o‘ Jashtar” (Olatog‘ Yoshlar) harakati raisi Tashtanbek To‘qto‘mushev va “Eldik Sayasiy qiymili” (Xalq siyosiy harakati) raisi Mirbek Sirikeyevdan iqtibos keltirishicha, umumrespublika testini o‘zbek tilida topshirishga ruxsat berilishi to‘g‘ridan-to‘g‘ri inson huquqlarini buzish bo‘lib hisoblanadi.

- Qirg‘izistonda 80 dan ortiq millat vakili yashaydi. Agar umumrespublika testini o‘zbek tilida topshirishga ruxsat berilsa, biz qolgan millat vakillarining haq-huquqlarini buzgan bo‘lamiz. Unaqada, keling, umumrespublika testini 77 ta tilda topshirilishini joriy qilamiz, - degan Mirbek Sirikeyev.

O‘zbek maktablarida tahsil olgan qirg‘izistonlik bitiruvchilar umumrespublika test sinovini ona tilida topshira olishlari haqida Qirg‘iziston ta‘lim va fan vaziri Qanat Sadiqov 2 may kuni Bishkekda o‘tkazilgan matbuot anjumanida bildirgandi.

- Umumrespublika testini o‘zbek tilida o‘tkazish uchun xohlovchilar soni yetarli, - degandi o‘tgan hafta boshida vazir Qanat Sadiqov bu yil o‘zbek tilida topshirish istagini 1600 nafar bitiruvchi bildirganini qayd etarkan.

Qirg‘izistonda o‘zbek tilida test topshirilishining bekor qilinishini qirg‘iz parlamentining ayrim deputatlari va boshqa faollar ikki yildan buyon talab qilib keladi. Bu bosim ostida shu yilning 31 yanvar kuni Ta‘lim va fan vazirligi o‘zbek tilidagi testni bekor qilish bo‘yicha qaror ham qabul qilgandi. Ammo o‘zbek maktablari bitiruvchilari orasida ona tilida test topshirish xohishini bildirganlar ko‘p bo‘lgani sababli vazirlik ularga sinovni o‘z tilida topshirishiga imkon bergandi.

Bu yil Qirg‘izistonda Umumrespublika testi 18 may kuni o‘tkazilishi belgilangan. Bu testni topshirmaganlar respublika oliygohlariga kirish imkoniyatidan mahrum bo‘ladilar.

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, ayni paytda Qirg‘izistondagi o‘zbek maktablarida 122 ming 200 nafar o‘quvchi tahsil oladi.

Bugungi aktsiya tashkilotchilaridan biri Tashtanbek To‘qto‘mushev norozilik tadbiri jamoatchilik manfaatlaridan kelib chiqqan holda uyushtirilganini aytgan.

- Biz Qirg‘izistonda yashovchi barcha millat vakillarini hurmat qilamiz, ammo amal qilinishi lozim bo‘lgan o‘z qonunlarimiz bor. Kishi Qirg‘izistonda yashayaptimi, demak, u umumrespublika testini yo rus tilida, yoki qirg‘iz tilida topshirish shart, - degan To‘qto‘mushev.

Aktsiya tashkilotchilari, agar ta‘lim va fan vaziri Qanat Sadiqov ikki kun ichida o‘zbek tilida test topshirishga ruxsat beruvchi qarorini bekor qilmasa, ochlik e‘lon qilishlari va vazirning iste‘fosini talab etajaklarini bildirganlar.
XS
SM
MD
LG