Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 12:08

Fransiya gomoseksual nikohga izn berdi


Fransiya prezidenti Fransua Olland 18 may kuni bir jins vakillari orasida nikohni qayd qilishga oid qonunni imzoladi. Shu tariqa Fransiya parlamenti tarafidan 23 aprel kuni qabul qilingan qonun rasman kuchga kirdi.

Qonun kuchga kirgan muddatdan 10 kun o‘tib, Fransiyada ilk bir jinsli juftlik nikohdan o‘tishi mumkin.

Juma kuni Fransiya konstitutsiyaviy kengashi bu qonunga qarshi da‘voni asossiz deb topib, Fransiya prezidenti Fransua Ollandga bu qonunga imzo chekish imkonini yaratgan edi.

Konstitutsiyaviy kengash qaroridan keyin Olland bu qonunga imzo chekish respublikadagi tamoyilga mosligini bildirdi.

Geylar nikohini legalizatsiya qilish Fransua Olland boshchiligidagi sotsialistik partiyaning saylovoldi dasturidir.

Shu tariqa Fransiya bir jinsli nikohlar qonuniy bo‘lgan Yevropadagi sakkizinchi davlat bo‘ldi.

Dunyodagi 14 davlatda bir jinslar orasidagi nikoh legallashtirilgan.
Bu davlatlar orasida Kanada, Argentina, Urugvay, Janubiy Afrika, Ispaniya, Portugaliya, Shvetsiya, Norvegiya kabi mamlakatlar bor.


Hamma rozi emas


Bir jinsli nikohlarga qarshi mamlakatning sobiq prezidenti Nikolya Sarkozi yetakchiligidagi Xalq harakati ittifoqi konstitutsiyaviy kengashga da‘vo arizasi bilan murojaat qilgan edi.

Ayni paytda Fransiyada bir jinsli nikohlar masalasida turli qarashlar mavjud.

O‘tkazilgan so‘rovlarga ko‘ra, bir jinsli nikoh amaliyotini so‘ralganlarning 60 foizi yoqlagan. Bir jinsli nikoh asosida qurilgan oilalarning bola asrab olishiga frantsuzlarning 50 foizi qarshi ekanini so‘rovlarda bildirgan.

Bir jinsli nikohlarga qarshi namoyishlarda mamlakatning muhofazakor qatlam vakillari, katolik ruhoniylari va o‘n minglagan frantsuzlar qatnashgan edi.

Fransiyadagi Xalq harakati ittifoqi raisi Jan-Fransua Kope bir jinsli nikohlarga izn beruvchi qonun qabul qilinganidan taassuf bildirdi.

O‘ng qarashdagi yana bir frantsuz siyosiy arbobi Erve Mariton esa bu masalaga 2017 yilgi saylovda yana qaytilajagini bildirdi.


O‘zbekiston - gomoseksualistlar kamsitiladigan mamlakat


O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov ham o‘z chiqishlaridan birida “gomoseksualizm o‘zbeklar uchun jirkanch” deb ta‘kidlagan edi.

Qarorgohi Bryussel shahrida joylashgan Gey va lesbiyanlar xalqaro uyushmasiga ko‘ra, postsovet o‘lkalari orasida faqat O‘zbekiston va Turkmanistonda gomoseksualizm uchun jinoiy jazo belgilangan.

O‘zbekiston Jinoyat Kodeksida "besoqolbozlik" sifatida tasniflangan gomoseksualizm o‘rtacha og‘irlikdagi jinoyat sanaladi va gomoseksualizm bilan shug‘ullangan fuqarolar 3 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinishlari mumkin.

O‘zbekistonda gomoseksualistlar jamoat nafratidan qo‘rqqani bois¸ o‘z jinsiy oriyentatsiyalarini ochiq ayta olishmaydi.

Gey va lesbiyanlar xalqaro uyushmasi hisobotiga ko‘ra, Eron, Saudiya Arabistoni, Sudan, Mavritaniya gomoseksualistlar uchun eng yomon mamlakatlardir.

Bu davlatlarda gomoseksualizm uchun o‘lim jazosi belgilangan.
XS
SM
MD
LG