Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 18:03

TeliaSonera parlamentda hisob bergan kuni Usell rahbari almashdi


Ucellga yangi rahbar etib tayinlangan Usmon Turon.
Ucellga yangi rahbar etib tayinlangan Usmon Turon.
Shvetsiya parlamentida hisob bergan TeliaSonera rahbari Mariya Irlingga shirkatning Gulnora Karimova bilan bog‘liq muammolarini hal qilish uchun yana imkon berildi. Shu kuni shirkatning O‘zbekistonda Ucell brendi ostida ishlayotgan sho‘basiga yangi rahbar tayinlangani TeliaSonera rahbariyati qilayotgan o‘zgarishlardan biri sifatida baholandi.

Shvetsiya parlamenti TeliaSoneraning Mariya Irling yetakchiligida yangilangan rahbariyatiga shirkatning Gulnora Karimova bilan noqonuniy maxfiy kelishuvlariga oid mojarolarni hal qilish uchun yana imkon berdi.

4 iyun kuni Riksdagda yopiq eshiklar ortida o‘tgan Biznes va savdo qo‘mitasi yig‘ilishidan so‘ng ishtirokchilar bilan suhbatlashgan shved jurnalisti Ula Vesterberg qo‘mita a‘zolarining yakuniy xulosasini shunday umumlashtirdi:

- Menimcha, qo‘mita a‘zolari kelgan umumiy xulosa: "Bu haqiqiy ishbilarmon ayol va u muammolarni hal qilishga jiddiy bel bog‘lagan. Unga imkon berish kerak. Lekin bu oson va tez bo‘lmaydi", degan mazmunda bo‘ldi¸ dedi Ula Vesterberg.

Shved jurnalistiga ko‘ra, shirkatning bahorgi umumiy kengashida TeliaSonera boshqaruv kengashiga rais etib tayinlangan Mariya Irling parlament a‘zolariga qisqa muddat ichida bajarib ulgurgan bir necha o‘zgarishlar haqida hisobot bergan:

- Misol uchun, agar O‘zbekiston hukumati aloqa operatoridan mahalliy darajada aloqani uzish yoki muyyan hududda uyali xizmat ko‘rsatishni to‘xtatishni so‘rasa, bunday talabga beriladigan javob qarori bundan buëg‘iga TeliaSoneraning mahalliy rahbariyati emas, balki Stokholm rahbariyati tomonidan beriladi, tushunishimcha. Bundan tashqari, inson huquqlariga daxl qiluvchi har qanday talab bundan buyon shirkatning rasmiy saytida jamoatchilikka ham xabar qilinadi, dedi Ula Vesterberg.

Shirkatning bevosita Toshkentdagi idorasi faoliyatiga oid qaror ortidan uning O‘zbekistonda Ucell brendi ostida ishlayotgan sho‘‘basiga yangi rahbar ham tayinlandi.

2012 yilning sentyabr oyidan Ucellga rahbarlik qilib kelayotgan Ali Ag‘an shirkatning Qozog‘istondagi sho‘ba korxonasi — Kcellga rahbar etib tayinlandi.

Uning o‘rniga esa shu vaqtga qadar Nepaldagi Ncellga rahbarlik qilgan Usmon Turon Ucell Bosh direktori etib tayinlandi.

Ayni paytda shved parlamenti deputatlari savollariga javob bergan Mariya Irling shirkatning Toshkentdagi bo‘limi rahbarini almashtirish bilan ham jiddiy o‘zgarish qilish oson bo‘lmasligini ta‘kidlagan.

Shu bois, Toshkentdagi yangi rahbarga O‘zbekiston kabi diktatura hukm surgan va inson huquqlari poymol bo‘layotgan davlatda ishlayotgan boshqa xorijiy mobil kompaniyalar bilan tajriba almashish birinchi darajali vazifa qilib yuklatilgani aytildi.

Bir necha yil muqaddam TeliaSoneraning Shvetsiya bo‘limini boshqargan va shirkat O‘zbekiston prezidentining qizi Gulnora Karimova bilan korruptsion aloqalarda ayblanayotgan kezda yana shirkatga qaytgan Mariya Irling parlament a‘zolarini muammolarni hal qila olishi, buning uchun esa anchagina vaqt kerakligiga ishontirishga muvaffaq bo‘lgani aytildi.

Ozodlik bilan suhbatlashgan parlament deputatlari - Yeva Flayborg va Yenni Nilsonlar shirkat rahbari bilan 4 iyun kuni bo‘lib o‘tgan muloqotni qo‘mita a‘zolari ichidagi o‘zaro muloqot, deya baholamoqdalar.

Parlamentda katta nufuzga ega bo‘lgan har ikki deputat Telia Sonera va Gulnora Karimova o‘rtasidagi noqonuniy oldi-berdilarga oid iddaolar hozir politsiya tergovi ostida ekanini urg‘ulagan.

Hatto, Shvetsiya parlamenti ham tergov yakunlanmay turib, shved jurnalistlari ilgari surgan iddaolarga oid jiddiy qarorlarni qabul qilish imkonsizligini ta‘kidlamoqdalar.

Shunday bo‘lsada, Ula Vesterberg 4 iyun kungi imkonni qo‘ldan boy bermay Mariya Irlingga aynan shu iddaolar bilan bog‘liq savollarni berganini aytadi.

- Men Mariya Irlingdan TeliaSonera haqiqatda ham O‘zbekistonda himoyalanish uchun muzokaralar o‘tkazganmi, deb so‘radim. Bizdagi hujjatlarga ko‘ra, shirkatga mahalliy tashkilotlardan himoya uchun pul taklif qilingani aytilgan. Mariya Irling esa shunaqa muzokara bo‘lganini bilishi, ammo boshqa ma‘lumotlarni bilmasligini aytdi, dedi Ula Vesterberg.

Ula Vesterberg Gulnora Karimova Telia Sonera shirkatiga ko‘p million dollarlik haq evaziga O‘zbekiston davlat idoralaridan “himoya qilishni” taklif qilganiga oid maxfiy kelishuvlar fosh etilgan "Moskvadan kelgan chopar" hujjatli filmini tayyorlashda qatnashgan jurnalistlardan biridir.

Shvetsiya jamoat televideniyesi jurnalistlari bu filmga qadar o‘tgan yili kuzida "TeliaSonera:O‘zbek ishi" deb nomlangan ilk hujjatli filmni namoyish qilgan va undan so‘ng yuzaga chiqqan mojaro ortidan Mariya Irling shirkatga yangi rahbar etib tayinlangan edi.

22 may kuni shved jurnalistlari e‘lon qilgan "Moskvadan kelgan chopar" nomli navbatdagi hujjatli filmida TeliaSonera rahbariyatining Gulnora Karimovaga aloqador jamg‘armalarga pul o‘tkazish¸ hanuz korruptsion kelishuvlarni ado etaëtganligiga oid yana yangi iddaolar ilgari surildi.

Eski va yangi iddaolar xususida jurnalistlar berayotgan savollarga javoban esa shved parlamenti ham, TeliaSoneraning yangi rahbari ham tergov natijasini kutish zarur, mazmunida javob bermoqda.

- Aslida shirkatning O‘zbekiston bilan bog‘liq mojarolariga oid ikkinchi yirik voqea tergov xulosasi bo‘ladi, albatta. Bundan tashqari, hozir Takilant shirkatining muzlatilgan mablag‘lari taqdiri ham turibdi. Mendagi ma‘lumotga ko‘ra, prokuror bu muddatni sentyabr oyiga qadar uzaytirishni so‘rab, sudga ariza kiritgan. Endi bu borada sud qarori kutilmoqda, dedi Ula Vesterberg.
XS
SM
MD
LG