Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 10:41

O‘zbekiston diniy libosga oid qonunlarni o‘zgartirmoqchi


O‘zbekistonda ro‘mol o‘ragan ayollarning taziyqlarga uchrayotgani bilan bog‘liq muammo yuzaga kelgani va mamlakat qonunchiligida bunga oid mavhumlik bois mavjud qonunlarning diniy liboslarga oid moddalariga o‘zgartirishlar kiritilishi kutilyapti.


Ro‘mol bilan bog‘liq ikkita modda o‘zgartiriladi


O‘zbekiston qonunchilik palatasida diniy liboslar bilan bog‘liq qonunlarning yangi tahriri muhokamaga qo‘yilgan.

Bu haqda Ozodlikka ma‘lum qilgan O‘zbekiston Musulmonlari idorasidagi manbaga ko‘ra, "Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida" hamda "Ma‘muriy javobgarlik to‘g‘risida"gi qonunlarning diniy liboslarga oid moddalari o‘zgartirilishi kutilmoqda.

Shaxsini oshkor qilishni istamagan manbaga ko‘ra, ushbu ikki qonundagi diniy liboslar bilan bog‘liq mavjud moddalarda juda ko‘p mavhumlik bo‘lgani bois O‘zbekiston Musulmonlari idorasi vakillari unga o‘zgartirish kiritish taklifi bilan parlamentga murojaat qilishgan.

"Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida"gi qonunning "Diniy urf-odatlar va marosimlar" haqidagi 14-moddasida:

"O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarning (diniy tashkilotlarning xizmatidagilar bundan mustasno) jamoat joylarida ibodat liboslarida yurishlariga yo‘l qo‘yilmaydi", deyiladi.

Ozodlik manbasiga ko‘ra, ushbu moddada ibodat libosiga tegishli tasnif berilmagani bois mavhumlik jihatlari ko‘p bo‘lgani uchun diniy idora moddani o‘zgartirish va sharh berish masalasini ko‘targan.

"14-modda qaytadan ko‘rilayapti. Bu modda juda mavhum bo‘lib qolgan. Shular to‘g‘rilanishi lozim. Modda bilan bog‘liq sharh ham ko‘rilayapti. Qonunchilik palatasida qonunlar qayta ko‘rilayapti", dedi Ozodlik manbasi.

Shuningdek, "Ma‘muriy javobgarlik to‘g‘risi"dagi qonunning "Fuqarolarning jamoat joylarida ibodat liboslarida yurishi" haqidagi 184/1-moddasi ham o‘zgartirilishi rejalangan.

Ushbu moddada "O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining (diniy tashkilotlarning xizmatidagilar bundan mustasno) jamoat joylarida ibodat liboslarida yurishlari — eng kam ish haqining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma‘muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi", deyiladi.

Kelgusida jazo choralari qat‘iylashadimi yoki yumshaydimi, bunisi hozircha noma‘lum. Chunki O‘zbekiston Musulmonlari idorasidagi manba mazkur ikkita qonun moddalariga qanday o‘zgartirish kiritilayotganini ochiqlamadi.

"Yaqinda ushbu qonunlardagi yangi o‘zgarishlar ma‘lum bo‘ladi. Yaqin kunlarda natijasi chiqadi va e‘lon qilinadi. Hozircha o‘zgarishlar qanday bo‘lishi haqida gapira olmayman. Biz natijani har kuni kutayapmiz. Balki keyingi hafta ma‘lum bo‘lar, degan umiddamiz", dedi manba.


"Qo‘qondagi voqeadan xabardormiz"


Ozodlik 11 iyun kuni Qo‘qon shahrida yashovchi ro‘molli ayollarga agar ro‘mollarini yechmasa yoki aytilganidek o‘ramasa, bolalariga beriladigan nafaqa pullari to‘xtatilishidan tahdid qilingani haqida xabar qilgan edi.

Qo‘qon shahar 23-mahalla qo‘mitasi faollaridan biri Dilorom Karimova Ozodlik muxbiri bilan o‘zaro suhbatda ushbu holatni tan oldi.

O‘zbekiston Musulmonlari idorasidagi manbaga ko‘ra, idora rahbarlari ro‘molli ayollarga bo‘layotgan bu kabi tahdid va taziyqlardan xabardor.

"Ro‘mol bilan bog‘liq barcha holatlardan xabardormiz. Qo‘qondagi voqea: agar shunday qilgan bo‘lsa, qilgandir. Lekin ommaviy hamma joyda bunaqa qilinsin, degan topshiriq yo‘q. 14-moddada mavhumlik bo‘lgani uchun ham Ichki ishlar bo‘limlari, mahalliy mulozimlar shu kabi yo‘l tutayapti. Bu muammolardan yaxshi xabardormiz. Bu to‘g‘ridagi qonunlar qayta qo‘rilayapti. Natijasini kutaylik", dedi Musulmonlar idorasidagi manba.

O‘zbekistonda keyingi 4-5 yil davomida ro‘molli ayollarga qarshi keng ko‘lamli tadbirlar amalga oshirilayotgani kuzatilmoqda.

Dastlab davlat idoralarida ishlovchi ayollarga ro‘mollarini yechish talabi qo‘yildi. Keyin ushbu taqiq mamlakat bozorlariga ko‘chdi.

2010 yildan boshlab o‘quvchi qizlarga ro‘mol o‘rash mutlaqo taqiqlandi.

Bugungi kunda mamlakat oliygohlarining talaba qizlariga ham ro‘mol o‘rash taqiqlangan.
XS
SM
MD
LG