Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:47

Qarshida shanbalikka chiqqan talaba cho‘kib ketdi


11 iyun kuni Qarshi shahrida magistral kanal atrofini tozalashga jalb etilgan akademik litsey talabalaridan biri suvga cho‘kib o‘ldi. Bu haqda Ozodlikka O‘zbekiston Inson huquqlari jamiyatining Qashqadaryo viloyat bo‘limi faollari ma‘lum qildi.

Qashqadaryolik huquq faoli Gulshan Qorayevaning aytishicha, jazirama issiqda ishlab, terga botgan o‘quvchilar magistral kanaliga sho‘ng‘ishgan.

Ular orasida bo‘lgan 18 yoshli Uyg‘un Suvonov islmi talaba cho‘ka boshlagan.

- Ular o‘sha kuni "shanbalikka", deb olib chiqilgan. Ishlab terlagan bolalar: "Suvga bir sakraymiz", deyishgan. Uyg‘un cho‘kib o‘lgan, bir soatdan keyin g‘avvozlar uning jasadini suvdan olib chiqishgan, - dedi Qorayeva.

Huquq faoliga ko‘ra, o‘sha kunni o‘zidayoq voqea guvohi bo‘lgan talabalar prokuraturaga olib ketilib, so‘roq qilingan va ulardan tushuntirish xati olingan.

- Tushuntirish xatida ular: "Subbotnikka borishga hech kim bizni majburlamadi, o‘z xohishimiz bilan subbotnikka borganmiz", deb yozishgan, - deydi Gulshan Qorayeva.

Ammo, sinf rahbarining aytishicha, talabalarni shanbalikka olib chiqishga buyruq bo‘lgan, shunga asoslanib ular olib chiqilgan.

Uyg‘unning otasi To‘lqin Suvonov ham o‘g‘lining shanbalikka majburlab chiqarilganini tasdiqladi.

- Bir kun oldin: "Subbotnikka chiqasizlar", deb aytishgandi. Eski kiyimda kelishlari aytilgandi. O‘qishga borgan, keyin o‘sha yerdan shanbalikka olib ketishgan. Hozir prokuratura buni surishtiryapmiz, deb aytyapti, - deydi marhum talabaning otasi To‘lqin aka.

- Shanbalik qurbonlari hali ko‘p bo‘ladimi? Javobgarlik kimni bo‘ynida? Nega xalqni bolasi bilim olish o‘rniga hasharga chiqadi?” Hali oldinda O‘zbekistonimizning paxtasi turibdi, paxta siyosati tufayli qurbonlar bo‘lmaydi, deb kafolat bera olisharmikan? - deydi O‘zbekiston Inson huquqlari jamiyati Qashqadaryo viloyat bo‘limi faoli Gulshan Qorayeva.

Xalqaro tashkilotlar O‘zbekiston hukumatidan bolalar majburiy mehnatiga chek qo‘yishni talab etib keladi.

12 iyun kuni Bolalar mehnatiga qarshi kun munosabati bilan Jenevada anjuman o‘tkazgan Xalqaro Mehnat tashkiloti bu haqda yana bir bor ta‘kidladi.

O‘zbekiston hukumati paxta dalalarida bolalarning ekspluatatsiya qilinishini rad etib keladi.
XS
SM
MD
LG