Линклар

Шошилинч хабар
21 март 2025, Тошкент вақти: 21:40

Go‘zallik tanlovida tojikistonlik qiz peshqadamlik qilmoqda


Niso Muborakshoyeva tojik nozaninlari qanchalik xushro‘y bo‘lishini ko‘rsatib qo‘yish niyatida.
Niso Muborakshoyeva tojik nozaninlari qanchalik xushro‘y bo‘lishini ko‘rsatib qo‘yish niyatida.
Rossiyada o‘tkazilayotgan “Russian Beauty-2013” go‘zallik tanlovi ishtirokchisi asli tojikistonlik Niso Muborakshoyeva Internetdagi ovoz berishda yetakchilik qilmoqda. Tanlov natijalari kuzda e‘lon qilinishi aytilmoqda.

“Russian Beauty-2013” go‘zallik tanlovida 98-raqam ostida ishtirok etayotgan tojik go‘zali 19 yoshli Niso Muborakshoyeva onlayn saylovning dastlabki natijalariga ko‘ra birinchilar qatorida ketmoqda.

Ozodlik savollariga javob bergan Niso Dushanbeda tug‘ilgani, Tojikistondagi fuqarolar urushi davrida mamlakat shimolidagi Chkalovsk shahriga ko‘chib o‘tganini gapirib berdi.

“Maktabga Chkalovskda borishni boshlagan bo‘lsam, o‘qishni Moskvada bitirdim”, deydi u.

Hozirda Moskvadagi Plexanov nomidagi Iqtisodiyot universiteti talabasi bo‘lgan bu qiz, zamonaviy moda, reklama va raqs bilan qiziqishini aytadi.

- Men ilgari ham go‘zallik tanlovlarida ishtirok etganman. “Universitet go‘zali” va “Afimoll go‘zali” – Moskvada mashhur savdo markazi nomi - unvonlari sohibiman. Shuningdek, “Shpilkalarda yugurish” musobaqasi g‘olibiman, deya kuladi Niso.

Go‘zal qizning aytishicha, u hatto Alla Duxovaning “Todes” guruhi musiqa shoularida ishtirok etgan, reklamalarda va moda namoyishlarida ishtirok etib keladi.

Aytish joyizki, musobaqada o‘zini go‘zal deb hisoblayotgan har qaysi ayol ishtirok etishi mumkin. Tashkilotchilar tanlovga 1 mingdan ortiq ariza kelib tushgani, undan 100 kishi tanlab olinganini aytmoqda.

- Kasting bo‘lib o‘tdi va tashkilotchilar ishtirok etayotgan qizlar orasida noyob ko‘rinishga ega tojik qizni ko‘rib hayron qolishdi. Men tanlovga tojik qizlarining go‘zalligini namoyish qilishga keldim. Men qizlarimiz ham juda zamonaviy ekani va o‘zlarini munosib tuta olishlarini ko‘rsatmoqchiman,- deydi Ozodlikka go‘zallik tanlovi ishtirokchisi.

Niso Muborakshoyeva oldinda tanlovning yana ikkita bosqichi turgani, u fotosessiya va reklama s‘yomkalarida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritgan 11 nafar qizning orasida o‘rin olganini qo‘shimcha qildi.

Ma‘lum bo‘lishicha, “Russian Beauty-2013” go‘zallik tanlovining borishi Vkontakte, Facebook, YouTube, Twitter hamda “REFASHION” jurnali sahifalarida yoritilib bormoqda.

Suhbatimiz so‘nggida Niso g‘olib bo‘lishga barcha kuch-g‘ayratini ishga solishi va keyinchalik ham yuqoriroq darajada go‘zallik tanlovlarida ishtirok etish niyatidan ekanini aytadi. Bundan tashqari, tojikistonlik sohibjamol ingliz va ispan tillari tarjimoni bo‘lish istagi borligini ma‘lum qildi.

Rossiyada o‘tkazilayotgan go‘zallik tanlovlarida o‘zbekistonlik nozaninlar ham qatnashgani ma‘lum. 2010 yil yanvarida "Tatariston go‘zali" unvonini egallagan asli buxorolik Irina Sharipova, Rossiya tanlovida faxrli ikkinchi o‘rin sohibi bo‘lgan.

Buxoroda tug‘ilgan Irina Sharipova go‘zallik unga onasidan o‘tganini ma‘lum qilgan: bir vaqtlari Iraning onasi Yelena Sharipova 1989 yilda "Buxoro go‘zali", bir yildan keyin esa "O‘zbekiston go‘zali" unvoniga sazovor bo‘lgan.

U otasi o‘zbek ekani, onasining qonida esa rus, tatar, ukrainlar qoni aralashgani bilan faxrlanishini ma‘lum qildi.

Irina Sharipova "Top-antropos.kom" saytida olib borilayotgan "Eng go‘zal o‘zbek ayollari" tanlovida ham ishtirok etmoqda.

Sayt nafaqat ayollar, balki o‘zbek erkaklari orasida eng maftunkorini ham saylab bormoqda.
XS
SM
MD
LG