Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 08:40

Fransiya politsiyasi Gulnora Karimovaning uylarini bosgan


Fransiyada Gulnora Karimovaga qarashli uylarda reydlar o‘tkazilgani bir-biridan ayri uchta manbadan tasdiqlandi. O‘tgan hafta Fransiya politsiyasi Shveysariya prokuraturasi so‘roviga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolarini o‘z ichiga oluvchi tergov doirasida bir nechta uyda tintuv o‘tkazgani haqida Ozodlik xabar qilgan edi. Bu uylar O‘zbekiston prezidentining qiziga qarashli bo‘lishi mumkinligi taxmin qilingan, lekin bu ma‘lumot tasdiqlanmagan edi.

Shvetsiyaning TT agentligi seshanba kuni tarqatgan xabarga ko‘ra, Fransiya politsiyasi iyun oyi o‘rtalarida aynan Glunora Karimovaga qarashli uylarni tintuv qilganini bir-biridan mustaqil uchta manba tasdiqlagan.

Ma‘lum bo‘lishicha, frantsuz politsiyasi Gulnora Karimovaning Parijdagi kvartirasi, Sen Trope kurort shahridagi villasi hamda Versal shaharchasidagi qasrini bosgan.

Shveytsariya prokuraturasi o‘tgan yilning iyul oyidan beri O‘zbekistonning to‘rt fuqarosini katta miqdorda pul yuvganlikda ayblab, tergov olib bormoqda.

Bu ish bo‘yicha gumonlanuvchi sifatida o‘tayotgan Alisher Ergashev, Shoxrux Sobirov, Gayane Avakyan va Behzod Ahmedovlar O‘zbekiston prezidentining qiziga yaqin shaxslar sifatida ko‘rilmoqda.

Shveytsariya Bosh prokuraturasi matbuot vakili Janett Balmer 2 iyul kuni Ozodlik muxbiri bilan mikrofonsiz suhbatda Frantsiya politsiyasi “o‘zbek ishi” doirasida reydlarni o‘tkazganini tasdiqlagan, lekin tintilgan uylar kimga tegishli ekanini ochiqlamagan edi.

“Bizning so‘rovimizga ko‘ra, Frantsiyada mahalliy huquq-tartibot idoralari reyd o‘tkazganini tasdiqlayman. Bu reyd siz qiziqayotgan ish, ya‘ni o‘zbekistonliklarga aloqador tergov doirasida o‘tkazildi. Bu reydga doir boshqa tafsilotlarni ochiqlamayman”, degan edi Shveysariya prokuraturasi rasmiysi Ozodlik radiosiga.

Frantsiya politsiyasi ham mazkur ish Shveysariya tomonidan tergov qilinayotgani vajidan Ozodlikning savollariga javob bermayotir.

Ayni paytda, Shvetsiya prokuraturasi TeliaSonera telekom shirkati O‘zbekistonga kirish uchun Gulnora Karimovaga yaqin shaxslarga jami 320 million AQSh dollari miqdorida pora berganiga oid jinoiy ish ham Shveysariyada tergov qilinayotgan jinoyatga bevosita bog‘liqdir. Shvesiyadagi tergovda ham Alisher Ergashev, Gayane Avakyan va Behzod Ahmedov gumonlanuvchi siftaida o‘tayotgani ma‘lum.

Iyun oyi boshida Shvetsiyadagi ishda to‘rtinchi gumonlanuvchi paydo bo‘ldi.

Ozodlik va Shvetsiya jamoatchilik televideniyesi o‘tkazgan jurnalistik surishtiruv ortidan prokuratura Stokholm sudiga kiritgan arizadan to‘rtinchi gumonlanuvchi Gulnora Karimova ekanini anglash mumkin.

1 Avenue du Marechat Manoury ko‘chasida joylashgan Gulnora Karimvoaga tegishli uyning bahosi 9 million yevrodan 15 million yevrogacha bo‘lishi mumkin.
1 Avenue du Marechat Manoury ko‘chasida joylashgan Gulnora Karimvoaga tegishli uyning bahosi 9 million yevrodan 15 million yevrogacha bo‘lishi mumkin.
Shvetsiyadagi ishni kuztayotgan jurnalistlardan biri Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda, Shvetsiya prokuraturasi tergov jarayonida Shveytsariya bilan hamkorlik qilayotganini ma‘lum qildi. Biroq, hamkasbimizning prokuraturadagi manbaga tayanib aytishicha, shvedlar Frantsiyadagi reydlarda bevosita ishtirok etgani yo‘q.

O‘tgan hafta Fransiyadagi reydlar haqidagi xabarni yetkazgan manba “Reydlardan maqsad hujjatlarni qo‘lga kiritish va balki Frantsiya rasmiylari tarafidan ko‘chmas mulkning hibsga olinishi bo‘lgan”, deya yozgan edi.

Bi-Bi-Si radiosi o‘tgan hafta, Toshkentdagi manbaga tayanib, O‘zbekiston prezidenti qizining Frantsiyadagi ko‘chmas mulki hibsga olinganini xabar qildi. Lekin bu xabarni boshqa mustaqil manbalardan tasdiqlashning iloji bo‘lgani yo‘q.


O‘tgan hafta, Ozodlik reydlar haqida xabar berishi ortidan Gulnora Karimova o‘zining Twitter sahifasida qoldirgan yozuvi diqqatga sazovordir. “Bizga Sen Trope kerak emas. O‘zimizda ham o‘zligimizni topish va FUN (huchaqchaqlik va ovunchoq) uchun hamma narsa bor”, deb yozdi Gulnora Karimova.

Ozodlik tasarrufidagi hujjatlarga ko‘ra, Gulnora Karimovaning Parij va Fransiya janubidagi mashhur Sen Trope kurort shahrida bir nechta ko‘chmas mulki bor. Shuningdek, bu hujjatlarga ko‘ra, Gulnora Karimovaning jazmani, ba‘zi manbalarga ko‘ra, eri ekani aytiladigan sobiq pop-qo‘shiqchi Rustam Madumarov nomiga Parij yaqinidagi Versal shaharchasida qasr rasmiylashtirilgan.
XS
SM
MD
LG