Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 16:59

Termizdagi buzilishlarga oid yangi videolar paydo bo‘ldi


Termiz shahrida obodonchilik ishlari doirasida mevali va manzarali daraxtlar ayovsiz kesilayotgani haqidaYouTube portaliga yana ikkita lavha qo‘yildi. Videolavhada uylari buzilayotganidan shikoyat qilgan odamlar bilan militsiya xodimlari o‘rtasida yuzaga chiqqan mojaro ham tasvirlanadi. Bu muammolar xususida Internetda chiqish qilgan 75 yoshli O‘lmas opa Ochildiyevaning yaqinlari ta‘qib qilinmoqda.

Termiz shahrida daraxtlarning kesilayotgani haqida YouTube portaliga qo‘yilgan videolavhalarning birinchisi “Termiz shahrida ekologiya xodimlari ekologiyani buzmoqda”, ikkinchisi esa “Surxondaryo viloyati rahbarlari tabiat boyliklarini butkul yo‘q qilmoqda”, deb nomlanadi.

Bundan ikki oy muqaddam bu portalga “Termizda aholini o‘z uylaridan ko‘chirishmoqda” sarlavhali videolavha qo‘yilib, unda 75 yoshli onaxon mamlakat prezidentiga murojaat qilar ekan, Termiz shahridagi buzilishlar zo‘ravonlik bilan olib borilayotganini ta‘kidlagan edi.



Yangi videolavhada esa, daraxtlarni kesishga qarshilik qilayotgan termizlik ayol va militsiya xodimlari o‘rtasidagi mojaro aks etadi:

- Buni nima desa bo‘ladi, yana bir to‘g‘ri gapni aytsangiz dumingizgacha poylab yuradi. To‘g‘ri gapni aytmaslik kerak bularga. Xullas borku ona, eshitib qo‘ying, agar mana shu kuni bir narsa bo‘lsa men o‘zimni o‘zim o‘ldiraman, degan notanish ayolning ovozi eshitiladi.



Yana bir lavhada esa kesilgan daraxtlar, avtokranlar, traktorlar va to‘p-to‘p militsiya xodimlari ko‘rsatiladi. Militsiya boshliqlari bilan aholi o‘rtasida quyidagi gap so‘zlar bo‘lib o‘tadi:

- Ona tuqqan bo‘lganda shunday qilmasdilaring, deydi ayol ovoz.
- Siz iflossiz, deydi militsiya boshliqlaridan biri.
- Mayli aka, siz tozasiz, xo‘sh, javob beringlar, shu qilganlaring to‘g‘rimi? deydi termizlik ayol.

Ikkinchi videolavhada esa termizlik 75 yoshli onaxon O‘lmas Ochildiyeva kesib tashlangan darxatlar kundalarini birma-bir ko‘rsatib chiqar ekan, deydi:

- Tabiatni qo‘riqlayman deb vayrona qildilar. Mana qarang, mana bu eng katta daraxt edi. Noinsoflar, shunday sersoya, bo‘ston joyni cho‘lga aylantirdilar qo‘ydilar. 40-50 yillik manzarali va mevali daraxtlarni kesib tashladilar, deydi onaxon O‘lmas Ochildiyeva.



Ozodlik 11 iyul kuni onaxon O‘lmas opa bilan bog‘lanishga harakat qildi. Biroq, uning farzandlaridan biri: “onamning ruhi tushib ketgan, hech kim bilan gaplashishni istamayapti, haqiqat qaror topmaganidan kuyinib yotibdi, dedi.

O‘lmas Ochildiyevaning boshqa farzandlari ham Ozodlik bilan gaplashishni istamadi.

Bunday istak yo‘qligining sababi, shu muammolardan yaxshi xabari bor va oilani yaqindan biladigan termizlik o‘qituvchilardan biri bilan suhbatlashilgandan so‘ng anglashilgandek bo‘ldi. Bu o‘qituvchi Ozodlikka mikrofonsiz gapirdi:

- Termizdagi obodonchilik ishlari bahonasida xonavayron qilingan xonadonlar dardini faqat mana shu O‘lmas opa aytib, uni Internetlarga chiqarib yubordi. Bundan, buzilishlar tepasida turgan rahbarlar juda qo‘rqib ketdi va onaxonga tazyiq o‘tkazishni turli yo‘llarini qo‘llay boshlashdi.

Eng avvalo, militsiya onaxonning katta qizi Termiz Davlat universiteti o‘qituvchisi, filologiya fanlari nomzodi, dotsent Oliya Qodirovani hech bir asossiz, zo‘rlik bilan 5 sutkaga qamab qo‘ydi. Undan onangni rozi qilasan¸ degan rozilik olishga harakat qilindi. Universitet rektori bu olima opani "xalq dushmani", deb atadi. Onaxon qizini chiqarib olish uchun uyining tomi ko‘chirilishiga rozilik berishga majbur bo‘ldi.

Ikkinchidan, onaxonning uch o‘g‘li biznes bilan shug‘ullanadi. Hozir ularning biznesi to‘xtatib qo‘yilgan, do‘konlari ham yopilgan. Va yana bir kichik qiziga ham ishxonasidan ta‘qiblar bo‘lyapti, dedi Termiz Davlat universitetining ismi sir qolishini so‘ragan o‘qituvchisi.

Termiz shahar hokimiyatidan bu safar ham bu masala bo‘yicha munosabat olishning imkoni bo‘lmadi. Hokimlik mulozimi Ozodlik so‘zini eshitishi bilan aloqani uzdi.

Eslatib o‘tamiz, 2012 yildan buyon Termiz shahrida obodonchilik ishlari doirasida aholi yashaydigan yuzlab uylar buzildi. Shahar hokimining qarori bilan uyini bo‘shatmagan odamlar militsiya va xavfsizlik xodimlari tomonidan siquvga olingan edi.

2013 yilda ham uylarni buzish ishlari davom etayapti. Aholiga shahar chetidan va joy ko‘rsatilgani, uylarning tovon pullari juda ham kam berilayotgani termizliklarning noroziligiga sabab bo‘lyapti.
XS
SM
MD
LG