Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 17:40

Qirg‘izistonda o‘zbekistonlik 19 tilanchi ushlandi


O‘zbekistonning 19 fuqarosi Qirg‘iziston poytaxtida tilanchilik bilan shug‘ullanayotgan paytda ushlangani to‘g‘risida 22 iyul kuni paydo bo‘lgan xabarlarni Bishkek shahar ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati Ozodlik muxbiri bilan suhbatda tasdiqladi.

Bishkek militsiyasi vakiliga ko‘ra, tilanchilik bilan shug‘ullangan o‘zbekistonlik fuqarolar ilgari ham ushlangan biroq birdaniga 19 kishilik katta guruhning qo‘lga olinishi ilk bor yuz bergan hodisadir.

Bishkek shahar ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati xodimi Karima Amankulova qo‘lga olingan o‘zbekistonlik tilanchilar ro‘yxatini o‘qib berdi:

- 1984 yilda tug‘ilgan Niyozova Gulbahor, 1965 yilda tug‘ilgan Anhorova Shohsanam, 1961 yilda tug‘ilgan Namozov Ro‘zitosh, 1984 yilda tug‘ilgan Namozova Gulshod...

...va yana 15 o‘zbekistonlik Bishkek shahar militsiyasi rasmiy vakilining aytishicha, Qirg‘iziston poytaxtida o‘tkazilgan maxsus reyd davomida ushlangan.

Karima Amanqulovaga ko‘ra, “ular Qirg‘iz Respublikasi “Tashqa migratsiya to‘g‘risida”gi qonunining 29-moddasi, 2-qismini hamda Chet ellik fuqarolarning Qirg‘iziston hududida mehnat faoliyatini amalga oshirishiga oid nizomning 23-moddasi talablarini buzgan”.

Militsiya vakili qo‘lga olingan 19 o‘zbekistonlikning “tilanchilik bilan shug‘ullanganini” aytdi.

- Bu O‘zbekiston fuqarolarining Qirg‘iziston hududida tilanchilik qilishi bilan bog‘liq birinchi voqeami? Ozodlikning bu savoliga Bishkek shahar ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati xodimi Karima Amanqulova mana bunday javob berdi:

- Bu birinchi voqea emas, shu paytgacha bir kishining, ikki kishining qo‘lga olingani qayd etilar edi. Bu gal endi shunchasi qo‘lga tushdi-da...
Xabarlarga ko‘ra, Bishkek shahar Sverdlov tuman sudi 19 o‘zbekistonlikni mamlakatdan chiqarib yuborish to‘g‘risida qaror qabul qilgan.

19 o‘zbekistonlikning tilanchilik bilan shug‘ullangani uchun Qirg‘izistonda ushlanishi O‘zbekistonning o‘zida tilanchilarga qarshi kurash kampaniyasi davom etayotgan bir paytga to‘g‘ri keldi.

O‘zini Abdullajon, deb tanishtirgan 50 yashar andijonlik tilanchi o‘tgan hafta oxirida Ozodlikning “Erkin mikrofon”i bilan bog‘lanib, mana bunday degan edi:

- Melisa bolalar “bu yerda turmanglar” deydi. Boshqa rayonlarda ham shu gaplar hozir bo‘layapti ekan. Xususan Xo‘jaobod rayonida, Jalaquduqda, Shahrixonda turgan bolalarga ham shunaqa debdi melisalar.

Ozodlik: Demak, melisalar yaqindan beri sizlarni tilanchilik qilib turgan joyinglardan haydayapti. Shunaqami?

- Ha. “Bu yerda turmanglar” deyapti.

Ozodlik: Qayerda turishinglar kerak ekan?

- Umuman mahallaning ichida yurishimiz kerak ekan ularning aytishi bo‘yicha. Mahallaning ichida yurib, qilaverishimiz kerak ekan. Bozor territoriyasida ëki bo‘lmasa mashina yo‘laklarida turish mumkin emas ekan, dedi andijonlik tilanchi.

Uning aytishicha, tilanchilarni jamoat joylaridan haydash O‘zbekiston Prezidenti 19 iyunь kuni Jizzaxga qilgan safari davomida qilgan bayonotidan so‘ng boshlangan.

Prezident Karimov o‘shanda Jizzaxda mahalliy fermerlarga gap uqtirar ekan:

- Qidirsang topolmaysan tilanchini hozir. Mana, Xudoga shukur qilish kerak, yo‘q. Jizzaxda bormi kimdir qo‘lini tortib ë so‘rab o‘tirganlar? E‘tibor beringlar shunga, degan edi.
XS
SM
MD
LG