Линклар

Шошилинч хабар
24 апрел 2024, Тошкент вақти: 22:28

O‘zbekistonda Paynet raqibi paydo bo‘ldi


Aloqabank va Yagona umumrespublika protsessing markazi tomonidan joriy qilinayotgan “E-pos terminallar” qo‘shma to‘lov loyihasi plastik kartalar orqali turli xizmatlar uchun to‘lovlarni amalga oshirishga mo‘ljallangan.

Aloqabankning ismini oshkor qilmayotganimiz xodimasiga ko‘ra, mijozlar uchun “E-pos terminallar” xizmatidan foydalanish “Paynet” xizmatidan foydalanishdan ko‘ra manfaatliroqdir.

- “Paynet”ga pul o‘tkazganingizda o‘tkazilgan pul mablag‘ingizdan 4 foizdan 6 foizgacha sizdan xizmat haqi undirilardi: 1000 so‘m to‘lasangiz, 940 so‘m tushardi. Hozir esa 1000 so‘m to‘laysiz va 1000 so‘m sizning telefoningizgami yoki internetingizgami kirim qilinadi, ya‘ni hech qanaqa xizmat haqi undirilmaydi, - dedi Aloqabank xodimasi.

“Hech qanaqa haq undirilmaydigan bo‘lsa, bundan sizga nima foyda?” degan savolimizga javoban Aloqabank vakilasi bundan bankirlarga hech qanday foyda yo‘qligini aytdi.

- Qayerdan bank pul ishlaydi – bu bankning muammosi. Biz aholi uchun xizmat turini taklif qilayapmiz-ku. Karta iste‘molchisi, ya‘ni siz shu xizmat turidan foydalanayapsiz – siz uchun qulay qilayapmiz-ku. Bank balki o‘z zarari uchun ishlayotgandir... Bank bu tizimni joriy qilish jarayonida bu ishni hech qanaqa moddiy rag‘batlantirishsiz qilayapti, - der ekan Aloqabank xodimasi buning “O‘zbekiston jahon standartlariga yaqinlashishi uchun qilinayotgani”ni qo‘shimcha qildi.

Shu bilan birga, bank xodimasi bilan suhbat asnosida bu ish Aloqabank tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasi “ko‘nglini topish” uchun qilinayotgani ham ma‘lum bo‘ldi.

Shu yilning 1 iyulidan ishga tushirilgan “E-pos terminallar” xizmatidan UZKART plastik kartasiga ega bo‘lgan barcha o‘zbekistonliklar foydalanishi mumkinligi aytilmoqda.

- Avvalo kartani olganingizdan keyin SMS xizmatiga ulangan bo‘lishingiz kerak. Sababi – protsessing markazining UZKART tizimida (www.uzkart.uz) o‘zingiz uchun personalniy kabinet ochasiz. Ana shu personalniy kabinetda ro‘yxatdan o‘tish jarayonida SMS orqali sizga login va parollar keladi. Bu sizning hisob raqamingiz, sizning kartangizni faqat o‘zingizgina boshqara olishingiz uchun xavfsizlik nuqtai nazaridan qilingan. Shu personalniy kabinet orqali to‘lovlarni amalga oshirishingiz mumkin. Hozirgi kunda Uzmobile, shahar telefon tarmog‘i, Ucell uyali aloqa kompaniyasi va O‘zbektelekomning onlayn internet xizmatiga haftaning 7 kunida, sutkasiga 24 soat pul to‘lovlarini amalga oshirishingiz mumkin, - dedi Aloqabank xodimasi bu xizmatdan har bir o‘zbekistonlik internet foydalanuvchisi iste‘foda etishi mumkinligini qo‘shimcha qilarkan.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, bu tizim bo‘yicha yaqin orada barcha kommunal xizmat turlari uchun to‘lovlar amalga oshirish mumkin bo‘ladi.

Shu oy boshida Ozodlik Andijonda Paynet terminallari olib qo‘yilayotgani haqida xabar qilgandi. Aytilishicha, Paynet terminallari plastik kartalar orqali to‘lov amalga oshirishning oldini olish uchun yig‘ishtirib olingan va paynetchilarga to‘lovni faqat naqd pul orqali amalga oshirish imkoni qoldirilgan, xolos. Buni Ozodlik manbalari pensiya ta‘minotidagi naqd pul yetishmovchiligi bilan izohlangandilar.
XS
SM
MD
LG