Линклар

Шошилинч хабар
19 сентябр 2024, Тошкент вақти: 15:25

"Rus zachistkasi" ishtirokchilari javobgarlikka tortildi


Millatchilar o‘zbek, tojik, ozarbayjon va kavkazliklarni haqorat qilib, kaltaklashiga politsiya xodimlari shu paytgacha befarq qarab kelayotgan edi.
Millatchilar o‘zbek, tojik, ozarbayjon va kavkazliklarni haqorat qilib, kaltaklashiga politsiya xodimlari shu paytgacha befarq qarab kelayotgan edi.
Peterburgda muhojirlarga qarshi o‘tkazilgan “rus zachistkalari”ning 18 nafar ishtirokchisi politsiya tomonidan hibsga olindi. Shaharda rus bo‘lmagan savdogarlarning mol-mulkini oyoq-osti qilgani chiqqan rus millatchilari ustidan mahalliy ozarbayjon diasporasi vakillari sudga murojaat qilgani aytilmoqda.

Sankt-Peterburg politsiyasi mahalliy millatchilarning 18 avgust kuniga rejalashtirgan navbatdagi “noqonuniy ko‘cha savdosiga qarshi reydi”ning oldini oldi.

Shahar politsiya boshqarmasida ularni ma‘muriy javobgarlikka tortish masalasi ko‘rilayotganini xabar qilishdi. Keyinroq huquq-tartibot bo‘linmasiga keltirilgan shaxslar “rus zachistkalari” nomi ostida shaharda bezorilik va o‘zboshimchalik bilan tanilgan millatchi va neofashistlar tashkilotlari vakillari ekani ma‘lum bo‘ldi.

Oldingi gal “Ya - russkiy” yozuvi tushirilgan futbolkalarda “tozalash”ga chiqqan yoshlar Sankt Peterburg ko‘chalarida asosan meva-sabzavot sotayotgan va ko‘rinishidan rus bo‘lmaganlarning hujjatlarini tekshirib, ularning mol-mulkini ag‘darib tashlagan yoki tekinga atrofdagilarga ulashgan.

Youtube ga chiqarilgan videolavhada millatchilar o‘zbek, tojik, ozarbayjon va kavkazliklarni haqorat qilayotgani, kaltaklayotgani va ularning noqonuniy hatti-harakatlariga politsiya xodimlari befarq qarab turganini ko‘rish mumkin.

Bu safar Sennaya maydoni yonidagi bozorchadagi “reyd” davomida mahalliy politsiya taqirboshlarni qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortdi. Aksincha, ulardan 18 nafarini politsiya bo‘limga “suhbatga” taklif etdi.



“Russkaya zachistka” tashabbuschisi, rahbari va shaharda muhojirlarning tovarlari oyoq-osti qilinishida bevosita ishtirok etgan Dmitriy Yevtushenko Sankt Peterburgning Viborg tuman sudi tomonidan uy qamog‘iga mahkum qilingani ma‘lum bo‘ldi.

"Besheniy" ("Quturgan") laqabi bilan tanilgan millatchining advokati Svetlana Ratnikova 26 va 27 iyul kuni Viborg tumanidagi bozorchada o‘tkazilgan “rus zachistkasi” paytida bir necha ozarbayjon fuqarosi kaltaklangani iddaosi bilan sudga murojaat qilganini jurnalistlarga bildirdi.

- Uni kecha Jinoyat Kodeksning 213-moddasi, ya‘ni “bezorilik” bo‘yicha qo‘lga olishdi. Ikkinchi qismi asosida unga 7 yilgacha berishlari mumkin. Uni ikki nafar ozarbayjonlik jabrlanuvchi yuzlashtirish paytida tanidi, yana bittasi tanimaganini ma‘lum qildi,- dedi advokat Ratnikova.

Rossiya jamoatchilik orasida katta shov-shuv ko‘targan videolavhada ayrim “faollar” tayoq ko‘tarib olgani tasvirlangan. Sud jarayoni davomida o‘tkazilgan yuzlashtirishda yuzi yashiringan ozarbayjonlik guvohlar tayoq ko‘targanlardan biri Dmitriy Yevtushenko ekanini tasdiqlab bergan.

Iyun oxirlaridan buyon Sankt-Peterburgdagi “rus zachistkalari”da ishtirok etayotganlar reydlarga bitalarni ko‘tarib chiqqanini inkor etayotgani ham yo‘q: taqirbosh yoshlar buni “sportga sevgisi katta ekani” bilan izohlamoqda.

Mahalliy axborot vositalaridan olingan ma‘lumotga ko‘ra, millatchilarning deyarli barcha reydlari mushtlashuv va janjal bilan yakunlangan.

Sudga taqirboshlar ramzi yopishtirilgan kiyimda kelgan Dmitriy Yevtushenkoni himoya qilib bir guruh piterlik millatchi yig‘ildi.

O‘z tarafdorlari qarsaklari ostida sud zalidan tashqariga chiqqqan Dmitriy Yevtushenko, “zachistkalar” bilan shaxsan o‘zi boshqa shug‘ullanmasligi, ammo boshqalar bu ishni davom ettirsa, “xursand” bo‘lishini aytdi.

- Men sud qaroridan roziman, albatta. Men ozodlikka chiqarilishimdan mamnunman, chunki ikki nafar Ozarbayjon millatiga mansub shaxs tomonidan tuhmatga qoldim. Shunga qaramasdan, biz sud qarori ustidan arz qilamiz, chunki men aybdor emasman. Sud qaroriga bo‘ysinaman – hech qanday aktsiyalarda ishtirok etmayman. Ammo shahrimizda kavkazlik yoki boshqalar tomonidan olib borilayotgan noqonuniy savdo bilan kurashmoqchi bo‘lganlar chiqib, bunga qarshilik qilsa – men juda xursand bo‘lardim,- dedi ikki oyga uy qamog‘iga olingan millatchi Dmitriy Yevtushenko.

Eslatib o‘tamiz, “Tayoq ko‘targan blondinka yoki Ruschasiga Tozalash” (Blondinka s bitoy ili Russkaya Zachistka ) deb nomlangan videoda bir guruh piterlik yosh millatchi shahar ko‘chalarida savdo qilayotgan muhojirlarni kaltaklab, sotayotgan meva-sabzavotlarini oyoq-osti qilayotgani ommaviy axborot vositalari va huquq himoyachilari e‘tiborini o‘ziga qaratdi.

Kuzatuvchilar tozalashda ishtirok etganlar “bezorilik” moddasi asosida javobgarlikka tortilishi mumkinligini taxmin qilmoqda.
XS
SM
MD
LG