Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 19:49

Guardian hamon Snouden bergan maxfiy hujjatlarni chop etish niyatida


Britaniyada chiqadigan Guardian gazetasi bosh muharriri Alan Rasbrijer London hukumati AQSh xavfsizlik xizmati sobiq xodimi Edvard Snouden taqdim etgan maxfiy hujjatlar nusxasini yo‘q qilishga majburlaganini bayon qildi. Muharrirga ko‘ra¸ gazeta Snouden bergan hujjatlarni chop qilishni davom ettirgan taqdirda¸ hukumat uni sudga tortish bilan po‘pisa qilmoqda.

“Agar Britaniya hukumati bunday bosimni davom ettirsa¸ Guardian gazetasi Snouden bergan maxfiy hujjatlarni Amerika va Braziliyada chop etish niyatida”¸ dedi jumladan Rasbrijer.

Bunday bayonotga munosabat bildirgan Britaniya Bosh vaziri ma‘muriyati rasmiysi¸ uni “haqiqatdan yiroq” deya baholadi va hukumat tahririyat ishiga aralashmaganini iddao qildi.

Muxolifatdagi Mehnat partiyasi¸ bu voqea yuzasidan maxsus parlament tekshiruvi o‘tkazish talabi bilan chiqdi.

Britaniya hukumati va mamlakatdagi yetakchi nashr o‘rtasida yuzaga chiqqan bu mojaroni sharhlagan Guardian tahlilchisi Lyuk Harding AQSh Milliy xavfsizlik agentligi sobiq xodimi Edvard Snouden taqdim etgan maxfiy hujjatlarning gazetada chop etilgani londondagilar asabini nihoyatda buzganini aytadi:

- Gazetamiz idorasiga kelgan yuqori darajali rasmiylar orqali Britaniya hukumati Snouden bergan materiallarning chop etilishidan keskin noroziligini bildirdi va bu hujjatlarning hukumatga topshirilishi yoxud yo‘q qilinishini talab qildi. Bunday talab¸ maxfiy hujjatlarning Snouden tomonidan o‘g‘irlangani va qonuniy egasidan ruxsat olmay turib¸ bu materiallarni chop qilib bo‘lmasligi bilan izohlandi.

Biz bu iddaoga maxfiy hujjatlarning chop etilishi jamoatchilik manfaatiga xizmat qilishini aytish orqali javob berdik. Hukumat bizga haqiqatan sud bilan po‘pisa qilmoqda va ana shu bosim ostida bosh muharririmiz kompyuter faylllarimizda saqlangan AQSh maxsus xizmatlari maxfiy hujjatlari nusxalarini yo‘q qilishga majbur bo‘ldi¸ deydi Ozodlik bilan suhbatda Guardian gazetasi sharhlovchisi Lyuk Harding.

Bunday bosimga qaramay¸ Guardian tahririyati Snouden taqdim etgan maxfiy hujjat nusxalari boshqa davlatlarda saqlanayotgani va gazeta bu materiallarni boshqa hududlarda chop qilish rejasida ekanini ta‘kidlamoqda:

- Biz¸ albatta¸ bu hujjatlarni chop etishni davom ettiramiz. Qolaversa¸ bizda Snouden portfelidagi yangi hujjatlarni olish kanali ham ochiq qolmoqda. Gazetamizda Amerika maxsus xizmatlarining faoliyatiga doir yangi hujjatlar paydo bo‘ladi. Bu yangi materiallarda esa¸ nafaqat AQShning qariyb barcha aholisi¸ balki boshqa davlat fuqarolarining ham Amerika maxfiy xizmatlari tomonidan yoppasiga kuzatuv ostida ekaniga oid hujjatlar chop etiladi¸ deydi Ozodlik bilan suhbatda Guardian sharhlovchisi Harding.

Britaniya hukumati¸ Hardingga ko‘ra¸ 2000 yilda qabul qilingan antiterror qonuniga muvofiq Guardian gazetasini sudga tortishi va unga katta miqdorda jarima solib¸ yopishgacha borib yetishi mumkin. Ammo bu jarayon¸ ta‘kidlanishicha¸ Edvard Snouden erkin matbuotga taqdim qilgan maxfiy hujjatlarning jamoatchilikka yetib borishini to‘xtat olmaydi:

- Amerika rasmiylari¸ Snouden olib chiqqan materiallar ustidan nazoratni yo‘qotib bo‘ldilar va hatto bizni sudga tortib¸ gazetamizni yopgan taqdirlarida ham¸ bu hujjatlar boshqa nashrlarda chop qilinaveradi. Sud bu jarayonni to‘xtata olmaydi¸ deydi Lyuk Harding.

Bugunga kelib nafaqat Britaniya¸ balki umujahon miqyosida jiddiy axborot manbasi sifatida e‘torof etilgan Guardian gazetasining AQShdagi nashri muxbiri Glenn Grinvald Edvard Snouden bilan u Hong-Kongda ekanida uchrashib¸ birinchi intervyuni chop etgan taniqli jurnalist.

Asli AQSh fuqarosi Grinvald kasbiga ko‘ra huquqshunos va hozirda Braziliyada yashaydi. G‘arb siyosatidagi so‘lchi va liberallar¸ huquq tashkilotlari bilan yaqin aloqada ishlab kelayotgan Grinvald¸ avvaliga Jorj Bush¸ hozirda esa¸ Barak Obama siyosatining ashaddiy tanqidchilaridan biri.

Guardian sharhlovchisi Lyuk Hardingning Ozodlik muxbiriga aytishicha¸ iyun oyida Hong-Kongdagi uchrashuv paytida Edvard Snouden AQSh Milliy xavfsizlik agentligining 20 mingdan oshiq maxfiy hujjatini Grinvaldga taqdim etgan va endilikda dunyodagi biror qudrat bu hujjatlarning jamoatchilikka oshkor bo‘lishini to‘xtata olmaydi.
XS
SM
MD
LG