Линклар

Шошилинч хабар
02 май 2024, Тошкент вақти: 02:46

G‘arb Suriyaga ehtimoliy harbiy zarba masalasini ko‘rib chiqmoqda


Suriya hukumati kimyoviy hujum amalga oshirganiga oid iddaolar ortidan g‘arb davlatlarining bu mamlakatga harbiy zarba berishi ehtimoli kun tartibida qolmoqda. Britaniya bosh vaziri Devid Kemeronning Suriyada ehtimoliy harbiy harakatlarni boshlash masalasini muhokama qilish uchun mamlakat parlamentni faqvqulodda majlisga to‘plash borasida qaror berishi kutilmoqda. AQSh rasmiylari ham ehtimoliy hujumga ishora qiluvchi bayonotlari fonida BMT inspektorlari kimyoviy hujumga oid iddaolarni tekshirishni davom ettirmoqda.

Britaniya qurolli kuchlari Suriyada kimyoviy hujum uyushtirilgani haqidagi iddaolarga javoban bu mamlakatga harbiy zarba berish ehtimolini ko‘rib chiqmoqda.

Britaniya bosh vaziri ma‘muriyatining ma‘lum qilishicha, Devid Kemeron ehtimoliy harbiy interventsiya masalasini muhokama qilish uchun parlamentni chaqirtirish borasida qaror qabul qilishi kutilmoqda.

Kemeronning matbuot kotibi, hozircha kuch qo‘llash to‘g‘risida biror qaror berilgani yo‘q, deya alohida ta‘kidladi.

Suriya Tashqi ishlar vaziri Valid Muallim harbiy harakatlar boshlanadigan taqdirda Suriya “ixtiyoridagi barcha vositalar” bilan o‘zini himoya qiladi, deya bayon qildi. Seshanba kungi qilgan chiqishida Muallim g‘arb davlatlari tomonidan Suriyadagi urushda kuchlar muvozanatini yasashga urinish “xato” bo‘ladi, deya ta‘kidladi.

Chegara bilmas shifokorlar tashkiloti o‘tgan chorshanba kuni Damashq yaqinida amalga oshirilgani iddao qilinayotgan kimyoviy hujum oqibatida kamida 355 kishi halok bo‘lganini aytmoqda.

Suriya Prezidenti Bashar al-Assad va isyonchi kuchlar bir-birini kimyoviy qurol qo‘llayotganlikda ayblab keladi.

Ayni paytda, Suriya Tashqi ishlar vaziri Valid Muallim kimyoviy hujum iddaolarini dushanba kuni tekshira boshlagan BMT tergovchilari ishi chorshanba kungacha to‘xtatib qo‘yilganini ma‘lum qildi. Uning aytishicha, bunga isyonchilar BMT mutaxassislarining xavfsizligini kafolatlashni o‘z zimmasiga olmagani sabab bo‘lgan.

Dushanba kuni BMT inspektorlari hujum ro‘y bergan joydan namunalarni olishni boshladi va “muhim dalillar”ni qo‘lga kiritgani aytildi.

26 avgust kuni BMT inspektorlari Damashq tashqarisidagi Maadamiyet mavzesiga borib, tekshiruvni boshladi. Kecha voqea joyiga ketayotgan BMT inspektorlari noma‘lum snayper tomonidan o‘qqa tutildi. Suriya hukumati va muxolifat bir-birini otishmani maxsus uyushtirganlikda aybladi.

Dushanba kuni Vashingtonda chiqish qilgan AQSh Davlat kotibi Jon Kerri iddao qilinayotgan kimyoviy hujumni “ma‘naviy buzuqlik” deya atadi. Bu hujumni amalga oshirganlar javobagrlikka tortilishi lozim, dedi Kerri.

- Prezident Obama Assad rejimini bunga oid xalqaro qonunlarning buzilishi oqibatlarsiz qolmasligidan ogohlantirgani bejiz emas. Suriya haqida qanday fkrlar aytilayotganidan qat‘iy nazar, barcha xalqlar va millatlar umuminsoniy qadriyatlar haqqi, kimyoviy qurolning qo‘llanishi uchun javobgarlik bo‘lishini bir ovozdan aytishi kerak, toki bunday voqea takrorlanmasin,- dedi AQSh davlat kotibi.

Qo‘shma Shtatlar bunga oid qo‘shimcha ma‘lumotlarni qo‘lga kiritgan va yaqin kunlar ichida ularni e‘lon qiladi, dedi AQSh davlat kotibi.

Rossiya Assad tarafidagi qo‘shinlar kimyoviy qurol ishlatganiga oid iddaolarni tasdiqlovchi dalillar yo‘qligini aytmoqda.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot vakili Aleksandr Lukashevich seshanba kuni qilgan chiqishida BMT roziligisiz harbiy interventsiya boshlamaslikdan ogohlantirdi.

- BMT Xavfsizlik kengashini aylanib o‘tish harakatlari va yana bir bor mintaqada harbiy interventsiya boshlash uchun sun‘iy va asossiz bahonalarni o‘ylab topish Suriya uchun yangi azob hamda Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadagi boshqa mamlakatlar uchun halokatli oqibatlarni olib kelishi mumkin, dedi Rossiya rasmiysi.

Seshanba kuni Xitoyning Sinxua agentligi G‘arb davlatlari kimyoviy qurolni kim ishlatganiga oid xulosalarni chiqarishda, BMT tergovchilari o‘z ishlarini yakunlashini kutmasdan, shoshma-shosharlik qilmoqda, deya bayonot qildi.

BMT mutaxassislari Damashq yaqinida kimyoviy hujum amalga oshiriliganiga oid iddaolarni tekshirishni davom ettirishga hozirlik ko‘rmoqda.

Dushanba kuni BMT matbuot vakili Farhan Haq tergovchilar, uning ta‘biri bilan aytganda, “muhim dalillarni” topdi, deya ma‘lum qildi.
XS
SM
MD
LG