Линклар

Шошилинч хабар
17 март 2025, Тошкент вақти: 01:03

O‘zbekistonlik ayol Qirg‘iziston chegarachisi tomonidan yaralandi


Bu haqda 24 sentyabr kuni Qirg‘iziston Chegara xizmati bayonot tarqatdi. Ma‘lum qilinishicha, mazkur voqea 21 sentyabr kuni sodir etilgan, ammo bu haqda faqat uch kun o‘tibgina jamoatchilikka xabar berilgan. Qirg‘iz rasmiylari 22 sentyabrda O‘zbekiston chegarachilari Qirg‘izistonga tegishli ob‘ektda tekshiruv o‘tkazganini ham iddao qilmoqda.

Qirg‘iziston Chegara xizmatining ma‘lum qilishicha, o‘zbekistonlik ayol Botken viloyatining Qadamjoy tumanidagi Jiydeariq hududida Haydarkon chegara naryadi tomonidan o‘qotar quroldan yaralangan.

Rasmiy bildiruvda chegarachilar O‘zbekistondan Qirg‘izistonga noqonuniy tarzda o‘tayotgan uch ayol kishini ko‘rib qolgani aytiladi. Chegarachilar osmonga qarata o‘q otgan.

“Biroq ayollar chegarachilarning ogohlantiruvchi o‘q otishiga e‘tibor bermay, Qirg‘iziston hududiga kirib kelishda davom etgan. Harbiylar chegarabuzuvchilarga qarata o‘q otishga majbur bo‘lgan, natijada ayollardan biri oyog‘idan yaralangan”, deb aytiladi rasmiy bayonotda.

So‘nggi xabarlarga qaraganda, yaralangan o‘zbekistonlik ayol Qadamjoy tuman kasalxonasiga yotqizilgan. Ayni paytda uning bu yerda davolanayotgani aytilmoqda.

Mazkur voqea yuzasidan Botken gornizoni harbiy prokuraturasi jinoyat ishi ochgan. Qolgan ikki ayolning taqdiri hozircha noma‘lum.

Qirg‘iziston Bosh vaziri o‘rinbosari To‘qo‘n Mamitov esa 24 sentyabr kuni O‘zbekiston chegarachilari Qirg‘iziston-O‘zbekiston chegarasidagi retranslyatsiya stantsiyasida ogohlantiruvchiz tekshiruv o‘tkazganini ma‘lum qildi.

To‘qo‘n Mamitovning aytishicha, bu yerdagi chegara chizig‘i hozircha aniqlanmagan. Mana shu aniqlanmagan hududda Qirg‘izistonga qarashli retranslyator stantsiyasi bo‘lgan. O‘zbekistonning 15 nafar chegarachisi 22 sentyabrda vertolyotda Jalolobod viloyatidagi Ungar-Too tog‘idagi stantsiyaga uchib kelishib, bu yerda ishlayotgan ishchilarni so‘roq qilishgan, ularning ismlarini yozib olishgan.

-O‘zbekiston chegarachilari stantsiyaga janjal qilmay kirib kelgan, navbatchi aloqachilar bilan gaplashib, ularning ismlarini yozib olgan. O‘zbek chegarachilarini nega aniqlanmagan hududda Qirg‘izistonga qarashli stantsiya ishlayotgani qiziqtirgan. Aloqachilar stantsiya bu yerda 20 yildan beri ishlayotganini aytishgan. Shundan so‘ng o‘zbek chegarachilari ortga qaytgan, -deb bildirgan To‘qo‘n Mamitov.

Qirg‘iz rasmiysining aytishicha, ayni paytda bu masala yuzasidan Toshkent rasmiylari bilan o‘zaro maslahatilashuvlar o‘tkazilmoqda.
XS
SM
MD
LG