Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:02

O‘zbekistonliklar Nargiz Zokirovaning "Golos"dagi chiqishini ko‘rolmadi


Nargiz Zokirovaning sochi qirilgan va yuz-qo‘li tatuirovkalangan ahvolda chiqishi Internetda bahsu-munozara uyg‘otdi.
Nargiz Zokirovaning sochi qirilgan va yuz-qo‘li tatuirovkalangan ahvolda chiqishi Internetda bahsu-munozara uyg‘otdi.
O‘zbekistonda Rossiyaning aksariyat telekanallarini to‘g‘ridan - to‘g‘ri uzatish to‘xtatib qo‘yilgani bois, ko‘pchilik tomoshabinlar Rossiyaning "Perviy" telekanalida o‘z vatandoshi Nargiz Zokirovaning chiqishini ko‘ra olishmadi. Kabel televideniyelari ham “Golos” ko‘rsatuvini translyatsiya qilmadi.

Rossiyaning "Perviy" telekanalida bir necha haftadan beri “Golos” teleloyihasining ikkinchi fasli namoyish qilinmoqda.

O‘tgan juma kuni qo‘shiq tanlovining navbatdagi sonida 42 yoshli Nargiz Zokirova afsonaviy “Scorpions” guruhining “Still Loving You” qo‘shig‘ini aytib, jyuri a‘zolarni qoyil qoldirdi.

Zokirova qo‘shiq aytayotganida to‘rtala hakamning bari uni o‘z guruhiga olishni istadi. Lekin, Nargiz rossiyalik qo‘shiqchi Leonid Agutin bilan ishlashni tanladi.

Ayni paytda o‘zbekistonliklarning ko‘pchiligi bu tanlovda o‘z vatandoshining chiqishini ertasi kuni Internetdan ko‘rishdi.

Tomoshabinlarning Ozodlikka aytishlaricha, juma oqshomida O‘zbekistondagi kabel televideniyelari “Golos” ko‘rsatuvini translyatsiya qilmaganlar , o‘rniga "Vishka" ko‘rsatuvi berilgan.

- ORTni ko‘ramiz, lekin o‘sha kuni “Golos”ni ko‘rolmadik. Unda Nargiz Zokirova qatnashayotganini ertasi kuni, Facebook tarmog‘ida tarqalgan videolardan ko‘rdik, - deydi ismini aytmagan toshkentlik tomoshabin.

Ayni paytda o‘zbekistonliklar orasida “Golos” loyihasida Nargiz Zokirova chiqqani bois u O‘zbekistonda ko‘rsatilmadi, degan gap-so‘zlar ham tarqaldi.

O‘zbekistondagi yirik kabel studiyalaridan biri UZDIGITAL TV vakili bu gap-so‘zlarni rad etishdi.

UZDIGITAL TV sutdiyasining Ozodlik suhbatlashgan xodimi “Golos” ko‘rsatuvi "Perviy" telekanalining O‘zbekistonga uzatilayotgan paketida yo‘qligini aytdi.

– Yettita ORT bor. Har xil region uchun har xil ko‘rsatuv beradi. Bizda O‘zbekiston regioni uchun mo‘ljallangan kanallar beriladi. Biz Osiyo mamlakatlari uchun mo‘ljallangan sputnikdan olamiz signalni, boshqa kabel televideniyelari ham shunday ishlaydi,- deydi UZDIGITAL TV xodimi.

"Golos" loyihasi matbuot vakili Vladimir Smirnov Ozodlik bilan suhbatda mazkur loyiha Rossiya Federatsiyasi auditoriyasi uchun mo‘ljallangani va shu bois O‘zbekistonga translyatsiya qilinmayotganini aytdi.

- Bu loyiha faqat Rossiyani ichkarisi uchun mo‘ljallangan. Litsenziyani talabi shu. O‘zbekistonda berilmayotgani shu bilan bog‘liq, - dedi Smirnov.

Ko‘p yillardan buyon sahnada ko‘rinmay qolgan Nargiz Zokirova 27 sentyabr kuni “Golos” teleloyihasida sochi qirilgan va yuz-qo‘li tatuirovkalangan bir alfozda paydo bo‘ldi.

"Tatuirovkalarga qaramay men ham hamma qatori odamman", dedi Zokirova telekanalga bergan intervьyusida.

1971 yilda Toshkentda tug‘ilgan Nargiz 19 yildan buyon AQShning Nyu York shahrida yashaydi.

To‘rt yoshidan qo‘shiq aytishni boshlagan Nargiz Zokirova saksoninchi yillarda suratga olingan "Vodillik kelin" filmi uchun tog‘asi Farruh Zokirov saundtrek sifatida yozgan “Unutma meni” qo‘shig‘i bilan tanilgan edi.

Nargiz Zokirova taniqli opera solisti Karim Zokirovning nevarasi, mashxur xonanda Botir Zokirov hamda Yalla guruhining asoschisi va solisti Farrux Zokirovning singlisi Luiza Zokirovaning qizi bo‘ladi.

Nargiz Zokirova "Golos" loyihasida qatnashayotgan birinchi o‘zbek qo‘shiqchisi emas.

Bundan oldin taniqli qo‘shiqchi Sevara Nazarxon ham ayni loyihada qatnashgan edi.

O‘zbekistonlik tomoshabinlarning esa bu ko‘rsatuvda o‘z vatandoshlarining chiqishini tomosha qilish imkoni yo‘qligidan xafsalasi pir.

- O‘zbekiston telekanali shu loyihani translyatsiya qilib olib bersa bo‘ladiku. Axir bu loyihada ikkinchi qo‘shiqchimiz qatnashyapti. Oldin Sevara Nazarxon ham qatnashgan edi. Hozir Nargiz Zokirova o‘zining jarangdor ovozi bilan jyurilarni lol qoldirdi,- deydi toshkentlik tomoshabin.

O‘zbekistonda Rossiyaning aksariyat telekanallarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri uzatish 1990-yillar o‘rtalaridayoq to‘xtatilgan, ammo keyinroq kabel televideniyelari o‘z tarmoqlari orqali yoyinlashni boshlagan edi.

2012 yil boshida “Muhtasham yuz yil” turk serialini namoyish etib keladigan Rossiyaning "Domashniy" telekanali ko‘rsatuvlari berilishi ham O‘zbekistonda to‘xtatib qo‘yilgandi.

Ayni paytda Nargiz Zokirovaning sochi qirilgan va yuz-qo‘li tatuirovkalangan ahvolda chiqishi Internetda o‘zbekistonliklar orasida bahsu-munozara uyg‘otdi.

"Uni tanasi kartinnaya galereya bo‘lib ketibdiku. Bu o‘zbekchilikka, musulmonchilikka to‘g‘ri kelmaydiku. Taniqli sulola vakilasining tatuirovkalar bilan chiqishi madaniyatimizga ham mos kelmaydi", deb yozdi Facebook ijtimoiy tarmog‘ida Diyor Rasulov deb tanishtirgan Internet foydalanuvchilaridan biri.

Buxorolik Malika Azizova esa: "Nargiz Zokirovadan faxrlanaman. Hamyurtlarimiz Rossiyada qora ishchi bo‘lib ishlab yuribdi. Nargiz Zokirova, bundan oldin esa Sevara Nazarxon "Golos"da o‘zbeklar obro‘sini ko‘taryapti", deb yozdi.

XS
SM
MD
LG