Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 11:27

"Qotil o‘g‘ri va uning o‘ynashi hozircha 14 ta jinoyatni bo‘yniga oldi"


WhatsApp orqali jo‘natilgan ushbu suratda o‘g‘irlikda gumonlanib, ushlangan shaxslar aks etgani aytilgan.
WhatsApp orqali jo‘natilgan ushbu suratda o‘g‘irlikda gumonlanib, ushlangan shaxslar aks etgani aytilgan.
Yolg‘iz qariyalarni tunashda gumon qilinib, 30 sentyabr kuni ushlangan zangiotalik Jaloliddin Xalilov bilan Nargiza O‘razimbetovalar ishi O‘zbekiston Bosh prokuraturasiga o‘tkazildi. Dastlabki tergov natijalariga ko‘ra, "Xalilov bilan O‘razimbetova Toshkent shahri, Toshkent viloyati va Farg‘ona shahrida jami 14 ta jinoyatni sodir etganlikni bo‘yniga olgan".

14 ta jinoyatdan 5 tasida qotillik sodir etilgan


Toshkent viloyati Zangiota tumani O‘rtaovul qishlog‘ida yashovchi 37 yashar Jaloliddin Xalilov va 35 yashar Nargiza O‘razimbetovaning Toshkent shahridan boshqa hududlarda sodir etilgan jinoyatlarni ham bo‘yniga olgani uchun ish 1 sentyabrdan boshlab, Bosh prokuraturaga o‘tkazilgan.

Bu haqda Ozodlikka huquq-tartibot idoralariga yaqin manba xabar qildi.

“Xalilov bilan O‘razimbetova 30 sentyabr kuni Zangiota tuman Ichki ishlar bo‘limining uch nafar tezkor xodimi tomonidan hibsga olingan. O‘sha kuni kechki soat 9 yarimlarda ular Toshkent shahar Ichki ishlar boshqarmasiga keltirilgan. Boshqarmadagi dastlabki so‘roq paytida ular Chirchiqda ham o‘g‘irlik qilganini aytgach, ish Bosh prokuraturaga o‘tkazildi”, deydi manbamiz.

WhatsApp orqali jo‘natilgan ushbu suratdagi erkak o‘g‘irlikda gumonlanib, ushlangan shaxs ekani aytilgan.
WhatsApp orqali jo‘natilgan ushbu suratdagi erkak o‘g‘irlikda gumonlanib, ushlangan shaxs ekani aytilgan.
Manbaga ko‘ra, Xalilov bilan O‘razimbetova Toshkent shahri, Toshkent viloyati va Farg‘ona shahrida sodir etilgan jami 14 ta jinoyatni bo‘yniga olgan. Ushbu jinoyatlarning beshtasida o‘lim holati qayd qilingan.

“Bugun ularni qamoqqa olishga sanktsiya berildi. Chunki 14 ta epizodni ular bo‘yniga olayapti. Balki epizodlar aslida bundan ham ko‘pdir. 5 ta epizodda o‘lim ham qayd qilingan. Lekin bular kirib, kampirlarni o‘ldirmagan. Ularning qo‘l-oyog‘ini bog‘lab, og‘zini skotchlab, karavotga yuzi bilan yotqizib qo‘yishgan. Keyin o‘g‘irlikni qilib, kampirlarni shu holatda tashlab, eshikni qulflab ketishgan. Kampirlar nafas ololmay, o‘lib qolgan”, deydi Ozodlik manbasi.

O‘g‘irlangan buyumlar : vaza, dazmol va mantiqozon


Ozodlikka ma‘lum bo‘lishicha, 1 sentyabr kuni Nargiza O‘razimbetovaning uyi tintuv qilingan. Tintuv payti uning uyidan jinoyat joyidan o‘g‘irlangan asheviy dalillar topilgan.

“Tintuv payti ular bitta vazani Chirchiqdan, yana bir vazani Algoritmdan o‘g‘irlaganini aytishdi. Yana o‘g‘irlangan dazmol, mantiqozon topildi. Barcha asheviy dalillar olinib, uy pechatlanib, kalit uchastka noziriga berilgan”, deydi vaziyatdan xabardor manbamiz.

Shuningdek, manbaga ko‘ra, jinoyat joylaridan olingan barmoq izlari tekshirilganda Xalilov bilan O‘razimbetovaning barmoq izlari 5 ta holatda to‘g‘ri kelgan.

“Keyin ularning uyi tintuv qilingan paytda ikkalasining Farg‘onaga borib- kelgan aviabiletlari topilgan. Ular 21 sentyabrda Farg‘onada jinoyat sodir qilib, qaytib kelishgan”, deydi Ozodlik manbasi.

“Bosqinchilar er-xotin emas, o‘ynashlar”


Xalilov bilan O‘razimbetov qo‘lga olinganida dastlab ularning er-xotin ekani aytilgan edi. Ayrim internet nashrlari esa ularning ikkalasi ham sobiq militsiya xodimlari ekani haqida yozdi.

Chilonzordagi kamida to‘rtta jinoyatni sodir etganlikda gumonlangan shaxslarning fotoroboti.
Chilonzordagi kamida to‘rtta jinoyatni sodir etganlikda gumonlangan shaxslarning fotoroboti.
Biroq Ozodlik manbasi, bu ikkala ma‘lumotni ham inkor qiladi.

“Xalilovning oilasi boshqa. O‘razimbetova uning o‘ynashi bo‘lgan. Bundan xatto Xalilovning rafiqasi ham bexabar ekan. Xalilov savdo bilan shug‘ullanib kelgan. Uning o‘ynashi O‘razimbetova esa Zangiotadagi to‘qimachilik fabrikasida ishlagan. Ularning militsiyaga umuman aloqasi yo‘q”, deydi manbamiz.

Qizaloq ham so‘roq qilingan


Manabaga ko‘ra, Xalilov bilan O‘razimbetova dastlab ikkalasi birgalikda harakat qilaganini keyingi bir nechta jinoyatni sodir etishda ular Nargiza O‘razimbetovaning 11 yoshli qizi Mohirani ham jinoyatga sherik qilishgan. Qizaloq asosan qariyalar ishonchiga kirish vositasi sifatida qo‘llanilgan.

Mohiraning hozirda qayerda ekani Ozodlikka ma‘lum emas. Manbaga ko‘ra, Mohirani Bosh prokuratura tergovchilari so‘roq qilgan.


O‘g‘rilarga "Neksiya" pand berdi


Ozodlik muxbiri o‘rganishicha, Toshkent shahrining Chilonzor, Mirobod kabi tumanlarida qilingan jinoyatlarda bosqinchilar kulrang "Neksiya" avtomobilidan foydalangan.

Militsiya xodimlaridan olingan ma‘lumotga ko‘ra, Xalilovga tegishli "Neksiya" o‘g‘irlikni ochishda “yordam” bergan.

“Ularning oxirgi o‘g‘irligi 26 sentyabrda Chilonzorda bo‘lgan. Bir necha odam ularning shoshilib, "Neksiya"ga o‘tirib ketganini ko‘rishgan. Keyin shu yerdagi kuzatuv kameralaridan biriga ham "Neksiya" tushib qolgan. G‘ildirigi sakadiskli kulrang "Neksiya-1". Ular jinoyat payti sakadiskni qo‘yisharkan, boshqa payti esa uni yechib, oddiy g‘ildirakni o‘rnatib olar ekan. "Neksiya" ham genprokuraturada”, dedi ishonchli manbamiz.


“Malibu” egasi kim?


Toshkent ko‘chalariga yopishtirilgan qidiruv e‘lonlarida talonchilar haqida militsiyaga xabar bergan shaxsga 5 million so‘m mukofot puli va‘da qilingan.

Ozodlikka email orqali yozgan toshkentlik manbaga ko‘ra, yolg‘iz qariyalarning qotillarini qidirish ishlarini shaxsan Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev o‘z nazoratiga olgan.

“Shavkat Mirziyoyev qotillarni topganga bitta “Malibu” mashinasi bilan Toshkentdan uy berarmish” degan gap tarqaldi", deya yozgan edi manbamiz.

Hozircha zangiotalik uch militsiya xodimiga bosqinchilarni ushlagani uchun qanday mukofot berilishi noma‘lum.

Toshkent shahar Ichki ishlar boshqarmasidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, keyingi bir yil mobaynida Toshkent shahrida yolg‘iz pensionerlarni tunash va o‘ldirish holatlari soni o‘ttizdan oshgan.

Toshkentda yolg‘iz qariyalarni tunash holatlari dastlab 2011 yilning boshida qayd qilingan bo‘lib, bir xil stsenariy asosida bir qancha guruh harakat qilgan.
XS
SM
MD
LG