Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 15:05

Rossiyada Kuliyev o‘girgan Qur‘on sotuvdan olinmoqda


Rossiyada islomshunos Elmir Kuliyevning sud qarori bilan taqiqlangan "Qur‘oni karim ma‘nolarining rus tiliga tarjimasi" kitobi Qorachoy-Cherkes Respublikasi markazidagi bozorlardan yig‘ib olindi. Ma‘murlar bu harakatiga Novorossiysk shahridagi Oktabr tuman sudi qarorini asos qilib keltirmoqda.

2 oktabr kuni Qorachoy-Cherkes Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tarqatgan press-relizda respublika poytaxti Cherkessk shahri markazidagi savdo nuqtalarida Qur‘on ma‘nolari tarjimasi va sharhi o‘rin olgan 10 dan ortiq kitob tortib olingani ma‘lum qilindi.

Ushbu hujjatda kitoblarning "Novorossiysk shahri Oktyabr tuman sudi tomonidan ekstremistik mazmunda, deb topilgan kitotoblar" ekani aytildi.

Ayni paytda Elmir Kuliyev tarjima qilgan "Qur‘oni karim ma‘nolarining rus tiliga tarjimasi" kitobini sotgan sotuvchilarga nisbatan ma‘muriy javobgarlikni ko‘zda tutgan protokollar tuzilgani ham aytildi.

Bu xabar Rossiya ijtimoiy tarmoqlaridagi musulmon foydalanuvchilarni yana junbushga soldi.

Zero, 17 sentyabr kuni Novorossiysk sudi tomonidan mamlakatda tanilgan islomshunos, faylasuf olim Elmir Kuliyevga oid Qur‘on ma‘nolari tarjimasi ekstremistik, deb topilgani va uni taqiqlash haqida qaror chiqarilgani katta norozolik uyg‘otgan.

Novorossiysk shahar Transport prokuraturasi davogar bo‘lgan bu mahkama qarorida Elmir Kuliyev tarjimasi "musulmonlarni nomusulmonlardan ustun qo‘ygani" va "davlat milliy xavfsizligiga tahdid solgani" uchun taqiqlangani aytilgan.

Ammo, 23 sentyabr kuni sud qarori ustidan shikoyat arizasi kiritildi va bu ariza oktyabr oyi boshida sud tomonidan qabul qilindi.

Shu bois, Cherkessk shahrida Qur‘on ma‘nolari tarjimasini yig‘ib olishga uringan politsiya xodimlari harakati noqonuniy, deb hisoblanmoqda va bu shoshilinch qadam Rossiyada 20 milliondan ortiqni tashkil qiluvchi musulmonlar noroziligini yanada kuchaytirmoqda.

Jumladan, 1 oktabr kuni Moskva, Tyumenь, Qozon va Chelyabinsk shaharlaridagi jamoat joylarida "Rossiya islomga qarshi: 17 sentyabrda Qur‘on taqiqlandi" deb yozilgan plakatlar osib chiqildi.

Moskva shahri metrosining bir necha gavjum bekatlarida "Rossiya islomga qarshi. Hijobni taqiqladilar", "Rossiya islomga qarshi. Qur‘onni taqiqladilar" mazmunidagi plakatlar osildi.

Tyumenь, Qozon va Chelyabinsk shaharlarida esa "Rossiyada islom taqiqlangan. Ammo, Olloh yagona va Muhammad uning rasulidir" mazmunidagi plakatlar yopishtirildi.

Shuningdek, bu shaharlarda yosh yigitlar qo‘llarida plakat tutgan holda, bir kishilik piketlar o‘tkazdilar.

Rossiya muftiylar kengashi raisi Ravil G‘anutdin Novrorossiysk sudi qarorini bekor qilishini so‘rab prezident Vladimir Putinga maktub yozgan. Hozircha bu maktubga javob bo‘lgani haqida biror xabar berilgani yo‘q.

Musulmonlar uchun faqat islomiy va halol internet xizmatini taqdim etish maqsadida tuzilgan SalamWorld ijtimoiy tarmog‘i tashkilotchilaridan biri Abdul-Vohid Niyozov bu qarorni “provokatsiya” deb baholadi.

- Bu yerda nafaqat tarjima, balki dunyodagi eng yirik diniy konfessiyaning muqaddas birlamchi kitobining o‘zini taqiqlash haqida gap bormoqda. U yerda tarjimagina emas, Qur‘onning asli ham keltirilganku?! Boz ustiga, bunday qarorning qanaqadir tuman sudi tomonidan berilishi mutlaqo absurd, - dedi Abdul-Vohid Niyozov.

Rossiyada bunga qadar 2012 yilning may oyida ham Boshqirdiston Oliy sudi Qur‘onning bir necha oyatini ekstremistik, deb topish bo‘yicha kiritilgan da‘vo arizasini ko‘rib chiqqan edi.

O‘shanda sud qoshidagi lingvistik tahlil guruhi ekspertlari sud ishiga tirkalgan LiveJournal saytida e‘lon qilingan maqola ichidagi Qur‘on oyatlaridan 5 tasini ekstremistik mazmunda, deb xulosa bergan edi.

Jumladan, Toho surasidagi oyatlardan biri sud ekspertlari tomonidan “islomdan boshqa dinlarga qarshi salbiy munosabat uyg‘otuvchi” deb topilgan va ekstremistik adabiyot sifatida taqiqlash haqida xulosa berilgan edi.

20 milliondan ortiq musulmon istiqomat qiladigan Rossiyada tuman sudlarining musulmonlarni junbushga soluvchi bunday qarorlar chiqarayotganiga hali Kreml rasmiylari munosabat bildirgani yo‘q.

Rossiyada tanilgan, asli ozarbayjonlik islomshunos faylasuf Elmir Kuliyev esa shu kunga qadar bu haqda matbuotga biror bayonot bergani yo‘q.

Ammo, faylasuf bilan yaqin aloqada bo‘lgan rossiyalik jamoat arboblarining aytishicha, Kuliyev Oktabrskiy tuman sudi qaroridan keskin norozi va ayni damda o‘z haqqi va muhimi, Qur‘oni karim himoyasi uchun advokat yollagan.

Elmir Kuliyev o‘girgan "Qur‘oni karim ma‘nolari rus tiliga tarjimasi" 20 milliondan ortiq rossiyalik musulmonlar orasida I.Yu.Krachkovskiy va V.M.Poroxovalar o‘girgan ruscha Qur‘ondan keyingi uchinchi o‘rinda turadigan diniy adabiyot sifatida tiga olinadi.
XS
SM
MD
LG