Линклар

Шошилинч хабар
17 март 2025, Тошкент вақти: 00:38

Radiohikoya: Ko‘lobga borib qolgan tuyakash qarshiliklar


Tojikistonning Ko‘lob shahrida qarshiliklar istiqomat qiladigan Tomoshatepa mahallasi.
Tojikistonning Ko‘lob shahrida qarshiliklar istiqomat qiladigan Tomoshatepa mahallasi.
Qashqadaryoning Qarshi shahridan bundan yaqin yuz yil avval Tojikistonga borib qolgan qarshiliklar Ko‘lob shahrida muqim yashab qolganlar. Qarshiliklarning aytishlaricha, ularning ota-bobolari o‘tgan asrning 20-yillarida “O‘zbektrans” uyushmasida tuyachi bo‘lib xizmat qilganlar.

Tojikiston janubidagi Ko‘lob shahrining Tomoshatepa mahallasida 400 oiladan iborat ikki mingdan ortiq qarshilik istiqomat qiladi.

Bu odamlarning ajdodlari bundan 90 yil muqaddam, o‘z tuyalarida oilasi bilan Qarshidan Ko‘lobga kelib, muqim yashab qolgan.

Ko‘lobga kelgan birinchi karvon


Qarshiliklar mahallasidagi e‘tiborli oqsoqollardan biri, uzoq yillar xo‘jalik raisi bo‘lib ishlagan, ayni paytda “Rahbar Qosimov” nomli kooperativ shirkati raisi Iskandar Qudratovning aytishicha, ularning ota-onalari o‘tgan asrning 20 yillarida Ko‘lobga kelib qolgan:

“Bizning bobolarimiz karvonda tuyakash edi. Oktyabr inqilobidan keyin O‘zbekistonda ham “O‘zbektrans” tashkiloti tuzilgan edi. Bu tashkilot hozirgi avtobazalarga o‘xshagan bir narsa edi, faqat mashinalar o‘rniga tuyalar yuk tashirdi. Bobolarimiz ham o‘z tuyalari bilan “O‘zbektrans”ga ishga kirganlar va O‘zbekistondan Dushanbega yuk tashigan”, dedi Iskandar Qudratov.

Tojikiston 1929 yilgacha O‘zbekiston SSR tarkibidagi muxtor respublika bo‘lgan va shuning uchun ham bu hududga “O‘zbektrans” xizmat ko‘rsatgan. 1929 yilda Tojikiston alohida respublika sifatida e‘tirof etilib, “O‘zbektrans” “Tojiktrans”ga aylantirilgandan so‘ng qarshilik 60 tuyakash o‘zlarining 80ta tuyasi bilan shu yerda ishlab, yashab qolgan.


Tuyalar xizmatini o‘tab bo‘ldi


Tomoshatepa qishlog‘ida istiqomat qiladigan O‘ta Qahhorovning aytishicha, yuk tashiydigan mashinalar kelgach, ularning bobolari rulga o‘tirgan:

Tomoshatepalik O‘ta Qahhorov
Tomoshatepalik O‘ta Qahhorov
“Shundan keyin boboblarimiz tuyalari bilan Ko‘lobda qoldi. Ular Ko‘lobdan Baljuvon, Xovaling, Sarixosor, Dashtijum tumanlariga oziq-ovqat olib borib, u yerdan Dushanbe va Ko‘lobga meva tashigan. Aholining tog‘li hududlardan vodiylarga ko‘chishida yordam bergan. Keyinchalik mashinalar ko‘payib, tuyalarga ish qolmadi. Bobolarimiz shopirlikni o‘rganib, rulga o‘tirishgan. Shu tariqa biz bu yerda vatandor bo‘lib qoldik”, dedi O‘ta Qahhorov.


Ishimiz asosan chorvachilik


Tomoshatepalik Kamol Qodirovning aytishicha, qarshiliklar asosan chorvachilik bilan shug‘ullanib kelgan:

Tomoshatepalik Kamol Qodirov
Tomoshatepalik Kamol Qodirov
“Biz nimaiki kasb bilan shug‘ullangan bo‘lsak ham, chorvachilikni hech qachon tashlamaganmiz. Tuyalarga xizmat qolmaganidan keyin, biz mol boqishga o‘tdik. Bu yaqin atrofda molni bizday yaxshi biladigan odam bo‘lmasa kerak. Mol bozorlaridagi asosiy savdogarlar ham bizlar”, dedi Kamol Qodirov.


Tojiklar bilan bir xalqday yashayapmiz


Iskandar Qudratovning aytishicha, qarshiliklar Ko‘lobda tojiklar bilan og‘a-ini, quda-anda bo‘lib ketgan:

“Bizda ilgari o‘zbekcha maktablar ko‘p edi. Hozir ham bor. Kim qaysi maktabda o‘qishi o‘ziga havola. Ko‘lobda o‘zbek-tojik degan gap yo‘q. Biz ozod yashayapmiz. Biz, qarshiliklarni hamma hurmat qiladi. To‘yu azalarimiz ham bir xil. O‘zimizni begona deb his qilmaymiz. Eng yomoni O‘zbekiston bilan viza ekanligi. Qarshida qarindoshlar ko‘p, biroq bordi-kelin qiyin. Viza olish azob. Mana, Qarshiga bormaganimga ham 20 yil bo‘libdi", dedi Iskandar Qudratov.

Ko‘lobdagi qarshilik Iskandar Qudratov bilan suhbat:

Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:05:25 0:00
Бевосита линк


Qarshilik ayol boshiga erkakcha ko‘ylak tashlab yuradi


Yaqin vaqtlargacha Ko‘lobdagi qarshilik ayollarni ularning boshiga tashlab yurgan erkakcha ko‘ylakdan ajratib olish mumkin edi, deydi tomoshatepalik Nazirmad Do‘styorov:

“Har bir qarshiklik qiz, tumushga chiqqandan keyin boshiga erkakcha ko‘ylak tashlab yurardi. Bu ayolning erli ekanligini bildirardi. Bunday ayollarga hech kim yomon ko‘z bilan qaramas edi. Ikkinchi tomondan esa, balki bu sobiq ittifoqda taqiqlangan hijob o‘rniga boshga tashlangandir, balki. Hozir bu an‘ana asta sekin yo‘q bo‘lyapti, boshiga erkakcha ko‘ylak tashlagan ba‘zi yoshi katta ayollarni ko‘rish mumkin, xolos”, dedi Nazirmad Do‘styorov.

Qarshiliklar mahallasi Ko‘lob shahrining markazida joylashgan va boshqa mahallalardan hashamatli uylari va baland devorlari bilan ajralib turadi.
XS
SM
MD
LG