Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 11:22

Tojiklarning mashhur futbolchisi gol urgani uchun jazolandi


Axtam Hamroqulov o‘ynayotgan Regar-TadAz finalda prezidentning o‘g‘li klubiga yutqizib qo‘ydi.
Axtam Hamroqulov o‘ynayotgan Regar-TadAz finalda prezidentning o‘g‘li klubiga yutqizib qo‘ydi.
Tojikiston janubidagi Qo‘rg‘ontepa shahri hokimiyati asli qo‘rg‘ontepalik futbolchi Axtam Hamroqulov o‘z shahri komandasiga qarshi o‘yinga tushib¸ ikkita gol urgani uchun undan o‘ziga xos o‘ch oldi – o‘yin tugashi bilan uning Qo‘rg‘ontepadagi uyi elektr va suv ta‘minotidan uzib qo‘yildi.

Hozirda futbol bo‘yicha Tojikiston milliy jamoasi hujumchisi¸ Regar-TadAz klubi o‘yinchisi Axtam Hamroqulov tojikistonlik futbol ishqibozlariga yaxshi tanish.

Avvaliga Qo‘rg‘ontepaning Vaxsh klubida o‘ynagan Hamroqulov¸ o‘z mahorati oshgach¸ mahalliy klubni qo‘yib¸ kattaroq pul evaziga qo‘shni Tursunzoda shahar klubiga o‘tib ketdi.

1 oktyabr kuni Tojikiston birinchiligi doirasida Hamroqulov Regar-TadAz klubi safida o‘z sobiq klubi Vaxshga qarshi Qo‘rg‘ontepa stadionida o‘yinga tushdi va o‘yin davomida ikkita gol urib¸ Vaxshning mag‘lubiyatini ta‘minladi.

Uning o‘z mahalliy klubini shu zayil “sharmanda” qilganini Vaxsh ishqibozlaridan ko‘ra ham shahar hokimligi kechira olmadi.

Hamroqulovning Ozodlikka aytishicha¸ o‘yin tugashi bilan u ikki futbolchi do‘sti bilan o‘zi tug‘ilib o‘sgan ota uyiga borib¸ TadAz g‘alabasini nishonlab o‘tirgan paytda shahar hokimiyati va kommunal xizmat rasmiylari kirib kelgan.
Shahar elektr tarmoqlari¸ Vodokanal va Tojikstandart vakillari o‘z hamshaharlari darvozasiga ikkita gol urgani uchun qasos olinishini aytib¸ elektr simlarini kesib¸ hisoblagichga muhr bosib¸ suv berilishini to‘xtatib ketganlar.

Boz ustiga¸ Hamroqulovning aytishicha¸ otasining kommunal xizmatlar uchun qarzi bo‘lmagani holda¸ unga elektrdan qarzdorlik uchun 1259 somoniy (taxminan 225 AQSh dollari)¸kommunal xizmatlar qarzdorligi uchun esa 1590 (305 dollar) miqdorida jarima yozib ketganlar:

- Biz kommunal xizmatlar haqini doim 100 foiz to‘lab kelamiz va buni tasdiqlovchi kvitantsiyalar ham turibdi. Shuning uchun men ulardan jarimalarini olib¸ uydan chiqib ketishlarini so‘radim¸ deydi Ozodlik bilan suhbatda tojik futbolchisi.

Qo‘rg‘ontepa shahar kommunal xizmat boshqarmasi boshlig‘i Mirzo Ashurov Hamroqulov uyida shunday voqea bo‘lganini tasdiqladi. Biroq rasmiylar tomonidan qilingan bu harakatning Hamroqulov Vaxsh darvozasiga ikkita gol urgani uchun olingan o‘ch ekanini inkor qildi:

- Men Hamroqulov kimu uning qaysi klubda o‘ynashini ham bilmayman. Biz bu qadar past ketmaymiz. Ammo qarzini vaqtida to‘lamagan oilalarni ogohlantirib¸ ularni tarmoqdan uzib qo‘yishimiz bor gap¸ dedi Ozodlik bog‘langan shahar kommunal xizmat boshqarmasi boshlig‘i.

O‘ziga oyiga 6000 dollar maosh to‘layotgan Tursunzoda klubi oldidagi majburiyatini bajargani uchun Qo‘rg‘ontepa hokimiyati tomonidan 600 dollarlik jarimaga tortilgan Axtam Hamroqulov¸ bu voqea yuzasidan Tojikiston Futbol federatsiyasi raisi¸ prezidentning o‘g‘li Rustam Rahmonga arz qilgan:

- Muammo bugunga kelib hal bo‘ldi. Men federatsiyaga shikoyat qildim. Biz 4-5 kuni elektrsiz qoldik. Shahar rasmiylarining bunday qasosi yuzasidan Rustam Imomaliga shikoyat qilganimdan keyin masala hal bo‘ldi¸ deydi Axtam Hamroqulov.

Bunday yordam Hamroqulov hujumchilik qilayotgan Regar-TadAz Dushanbening Istiqlol klubiga Tojikiston birinchiligi uchun final o‘yinda yutqizib qo‘yganidan keldi. Istiqlol klubi egasi esa¸ Rustam Rahmondir.

Hamroqulov esa¸ o‘z shahri klubiga qarshi yana o‘yinga tushish ehtimolini soqit qilmagan holda¸ kelasi o‘yinlarda ehtiyotkorroq bo‘lishini aytmoqda.
XS
SM
MD
LG