Линклар

Шошилинч хабар
16 март 2025, Тошкент вақти: 08:25

Urganchda paxta terishga majburlangan 16 yashar bola yotoqda o‘lib qoldi


Kollej o‘quvchilari, odatan shunday yotoqlarda saqlanmoqda. Bu surat WhatsApp orqali Ozodlikka yo‘llangan.
Kollej o‘quvchilari, odatan shunday yotoqlarda saqlanmoqda. Bu surat WhatsApp orqali Ozodlikka yo‘llangan.
Xorazm viloyati Urganch tumanining G‘alaba qishloq fuqarolar yig‘ini hududida paxta terayotgan 16 yashar Erkaboy Yo‘ldoshev yotoqda kutilmaganda vafot etdi. O‘qituvchilari Urganch Sanoat kasb-hunar kolleji 1-kursida o‘qigan bolakay o‘limiga yurak xuruji sabab bo‘lganini aytmoqda.

Xorazm viloyatining Urganch tumanidagi G‘alaba qishlog‘iga paxta terimiga chiqarilgan 16 yashar Yo‘ldoshev Erkaboy Shuhratovich yotoqda kutilmaganda o‘lib qoldi.

Ozodlikning shu tumandagi manbasi bergan ma‘lumotga ko‘ra, Urganch Sanoat kasb-hunar kollejining 1-kursi o‘quvchisi 21 oktabr kuni paxta terib qaytgach, oqshom soat 10larda jon bergan.

Ushbu kollejning Hayvat mahallasiga joylashtirilgan 40 o‘quvchisi hayotiga mas‘ul o‘qituvchilardan biri Ozodlik muxbiriga bolakay yurak xurujidan vafot etganini aytdi.

“Kuni bilan boshqa bolalar 6 kilodan paxta tersa, bu 20 kilo paxta tergan. Yotoqqa kelgan. Otboy berilgan. Hammasi dam olish uyquga yotadiku. Uxlab yotgan yerida xir-xir qilib boshlagan u dam yetishmasdan. Kasallik bo‘ladiku, tutqanoq kasali bo‘ladiku. Tochno shunday bo‘lib boshlagan. Srazu domlasi, militsiyasi “havo yetishmay turibdi” deb koridorga chiqarishgan talabalar. Tez yordamda kelguncha joni uzilgan. Shu yuragi to‘xtab qoldi, dediku do‘xtirlar”, dedi Ozodlik muxbiri bilan mikrofonsiz suhbatlashgan va ismini oshkor qilmayotganimiz o‘qituvchi.

O‘qituvchining aytishicha, bolakayning o‘limi 21 oktyabrь kuni oqshom soat 10larda qayd etilgach, militsiya hamda shifokorlar jasadni olib ketgan.

Urganch tumani Ichki ishlar bo‘limining hodisani tasdiqlagan navbatchisi o‘lim sabablari qorong‘u ekani, hozir hodisa yuzasidan tergov borayotganini aytdi.

Ozodlik Erkaboyning Urganch tumani Navro‘z shaharchasida istiqomat qilayotgan oilasi bilan bog‘lanishga muvaffaq bo‘ldi.

Erkaboyning 35 yashar onasi Dilfuza Jumaniyozova paxtaga soppa-sog‘ yuborilgan bolasining o‘limi sabablari unga qorong‘u qolayotganini aytdi.

- Men bilmayman nima bo‘lganini. O‘qituvchilaridan so‘rang! Oqshom soat10da o‘lgan bolani tongda soat 5da kelib: “Bolangning joni uzildi. O‘likxonada”, deb qochib ketdi. Shu ketganicha bittasi ham kelmadi. Mening bolam jon berganda nima uchun meni chaqirtirishmaydi? Nima uchun ichini yorgandan keyin xabar beradi bular? Nima uchun bolamni bunday qilishdi? Men janjal qilaman. Men endi qilaman janjalni, - dedi uvvos solib yig‘lagan Dilfuza Jumaniyozova.

Farzand dog‘ida kuyayotgan kelini gapiga qo‘shilgan Erkaboyning keksa buvisi nabirasining jasadi avvaliga yaqinlaridan yashirilganini aytdi.

- Menga qarang yoshulli, men uning o‘lganini aytib turganim yo‘q. Kasal bo‘lsa, nima uchun onasini chaqirishmadi? Nima uchun soat 5da kelib bularga aytgandan keyin tog‘asi bilan dadasi kasalxonama-kasalxona yurdi? “Sizlarning bolangiz falon yerda morgda yotibdi” demasdan mashinaga minib qochib ketganlar. Kollejning direktori, o‘rinbosari bordir. “Opa, bolangiz shunday bo‘ldi, kechiring bizni. Bizlar bilmadik”, deb nima uchun bittasi ham kelmadi? – dedi Erkaboyning kutilmaganda o‘lib qolganidan kuygan keksa buvisi.

Hayvat mahallasida yotoqda qolib paxta terayotgan 15-16 yoshdan 17-18 yoshgacha bo‘lgan o‘quvchilarini paxta terimiga majburiy safarbar qilgan Urganch Sanoat kasb-hunar kolleji direktori Sobirjon Masharipov hodisa yuzasidan Ozodlikka izoh berishdan bosh tortdi.

Ammo, ushbu kollejning Ozodlik muxbiri bilan mikrofonsiz suhbatlashgan va ismini oshkor qilmayotganimiz boshqa mutasaddisi Erkaboy Yo‘ldoshevning ota-onasi bilan kollej rahbariyati o‘rtasida imzolangan shartnomani ro‘kach qilib, bola o‘limi uchun mas‘uliyatni kollej rahbariyati zimmasidan soqit qilishga urindi.

“Bola o‘qishga kirganda Oila Kodeksidagi moddalar yozilgan, “Kasb-hunar ta‘limi olish quyidagi vazifalarni to‘liq bajaraman”, deyilgan 7 ta punktdan iborat shartnoma imzolangan. Qishloq xo‘jaligi ishlari ham bor ichida. Shuni o‘zi, ota-onasi imzolagan, bizda turibdi shu hujjat”, dedi kollejning ismini oshkor etmayotganimiz mutasaddisi.

Urganch tuman hokimining Iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari va respublika bo‘ylab tashkil etilgan paxta shtabining ushbu tumandagi mutasaddisi Ravshan Sapayev ham paxta terimiga majburiy safarbar qilingan voyaga yetmagan Erkaboy Yo‘ldoshev o‘limi yuzasidan izoh berishdan bosh tortdi.

- Telefonda men sizga hech qanday izoh bermayman, - dedi Ravshan Sapayev.

Urganchlik 16 yashar Erkaboy Yo‘ldoshev 2013 yilgi paxta terimi mavsumining Ozodlikka ma‘lum bo‘lgan 9 qurbonidir.

Bunga qadar Qoraqalpog‘istonning To‘rtko‘l tumani Jo‘lim jamoasidagi “Karimov Safarboy” fermer xo‘jaligi rahbari Safarboy Karimov paxta rejasini bajarish bo‘yicha hokimiyat bosimiga chidolmay, 17 oktabr kuni paxtazorda o‘zini osdi.

Namangan viloyati Chust tumanida 14 oktabr kuni mahalliy soat 16. 30 larda paxtadan qaytayotgan 21 yashar Zilola avtohalokat qurboni bo‘lgan edi.

Qoraqalpog‘istonning Nukus shahridagi 1-Tibbiyot kollejining 2-kursida tahsil olgan o‘quvchi Malika Yembergenova yotoqda o‘zini osib qo‘ygani to‘g‘risida 7 oktabr kuni xabar bergan edik.

30 sentabr kuni Namangan Davlat universitetining 4-kurs talabasi Nuriddin Xoldorovni kursdoshi urib o‘ldirib qo‘ygan edi.

O‘tgan oyda Jizzax viloyatining Do‘stlik tumanidagi fermer Abdug‘ani Jumaboyevning 20 yashar kelini (ism-familiyasi hozircha noma‘lum - Tahr.) paxtazorda vafot etdi. Bu ayolning o‘limi sabablari ham noma‘lum qolmoqda.

15 sentabr kuni Buxoro viloyatining Vobkent tumani Narchoq qishlog‘ida 6 yashar bolakay Amirbek Rahmatov paxta ortilgan pritsepga chiqib uxlab qolgan va shom qorong‘usida uning ustiga tashlangan paxta tagida bo‘g‘ilib o‘lgan.

Qarshi Davlat universiteti Tarix fakulteti milliy g‘oya yo‘nalishining 2-kurs talabasi 16 sentabr kuni shu fakulьtet 4-kurs talabalaridan 4 nafarini paxta dalasida pichoqlab qo‘ydi. Pichoqlanganlardan biri voqea joyida halok bo‘ldi.

9 sentabr kuni Qarshidagi Hilol agrosanoat kollejining 2-bosqich talabasi, 1996 yili Qarshi tuman, Saroy qishlog‘ida tug‘ilgan Muxlisa O‘rol qizi Rajabova paxta dalasida tok urib nobud bo‘ldi.
XS
SM
MD
LG