Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 21:56

Gulnoraning "jazmani" Madumarovning qayerdaligi noma‘lum qolmoqda


Sentabr oyi boshida Toshkentdagi Nirvana audio va video mahsulotlari tarmoq do‘konlarida reydlar o‘tkazilishi ortidan bu shirkat egasi Rustam Madumarovning qayerda ekani noma‘lum qolayapti. Prezidentning to‘ng‘ichi Gulnora Karimovaning fuqaroviy eri ekani aytiladigan Madumarovga qarashli Nirvana do‘konlari faoliyati hozirda Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan tekshirilmoqda.

Nirvana egasi qayerda?


Toshkentdagi audio va video mahsulotlar hamda qo‘l telefonlari bilan savdo qiladigan Nirvana tarmoq do‘konlari 9 sentabr kunidan beri yopib qo‘yilgan. Shirkat faoliyati esa hozirda prokuratura tomonidan tekshirilmoqda.

Reydlar davomida Nirvana do‘konlarida qaroqchilik yo‘li bilan ishlab chiqilgan kontrafakt audio-video disklarning katta partiyasi musodara qilingani xabar qilindi.

Toshkentdagi Ozodlikning uch manbasi Nirvana do‘konlari joylashgan bir qancha manzillarni borib ko‘rishdi. 4 noyabr kuni ularning barchasi yopiq ekanligi ma‘lum bo‘ldi.

Ozodlik muxbiri Toshkentdagi Nirvana do‘konlarining o‘nga yaqin telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qildi. Biroq ularning birortasidan javob bo‘lmadi.

Toshkent shahar soliq qo‘mitasidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, Nirvana do‘konlari bilan bog‘liq tergov shahar prokuraturasi tomonidan o‘tkazilmoqda.

Manbalarimizga ko‘ra, keyingi ikki oy mobaynida Nirvana egasi Rustam Madumarovning qayerdaligi ham noma‘lum qolmoqda.

Ozodlikning bir-biridan mustaqil ikki manbasi Rustam Madumarovning reydlar boshlanishi bilanoq O‘zbekistondan chiqib ketgani va hozirda Londonda ekanini aytishdi.

“Rustamning Londonda uyi va tijorati ham bor. Uning shu yerga ketganini eshitdik”, dedi manbamiz.

Ikkinchi manba esa, Madumarov Gulnoraning O‘zbekistondan qochgan qo‘riqchisi bilan birga Londonda ekanligini aytdi.

"Gulnora qo‘riqchilarining boshlig‘i ancha avval Londonga qochgan edi. Rustam u bilan juda yaqin aloqada edi. Mendagi ma‘lumotlarga ko‘ra, Rustam hozir o‘sha qo‘riqchi yonida", dedi manbamiz.

Ayni paytda Ozodlik buni tasdiqlatish imkoniga ega bo‘lmadi.

Ozodlik muxbiri Tvitter orqali @GulnaraKarimovadan Rustam Madumarovning qayerda ekani borasida so‘radi. Hozircha bu savolga javob olganimizcha yo‘q.


“Nirvanadan qo‘lingni tort!”


@GulnaraKarimova Twitter lentasida e‘lon qilingan videoda joriy yilning 19 oktabr kuni Toshkent shahridagi "CD-PROFI" korxonasiga qarashli ikkita do‘konga qilingan reyd ishtirokchilari noma‘lum ayol tomonidan "so‘roq" qilinadi.

Videodagi hujjatlarga ishonilsa, reydlardan biri Toshkent shahri Hamza tumani, To‘ytepa ko‘chasidagi 1-uyda joylashgan "CD-PROFI" korxonasiga qarashli do‘konda o‘tkazilgan. Video ortidagi ovoz sohibiga ko‘ra, reydda niqob kiygan "Burgut" maxsus guruhi, soliq idorasi, prokuratura, bojxona, O‘zbekiston intelektual mulk agentligi xodimlari - jami 35 kishi ishtirok etgan.

4 noyabr kuni Ozodlikning Toshkentdagi manbasi ushbu manzilga borib, bu yerda Nirvana do‘koni joylashganini aniqladi. Manba olgan suratda Nirvana do‘konining eshigiga “Zakrito” (Yopiq) degan yozuv ilinganini ko‘rish mumkin.

Nirvana do‘konlarida o‘tkazilgan reydlar haqidagi “Kto posmel zashchitit ot maski-shou v Uzbekistane" sarlavhali video Youtube portaliga 3 noyabr kuni joylanib, oradan sanoqli daqiqalar o‘tishi bilanoq @GulnaraKarimova Twitter lentasida paydo bo‘ldi.


Videoda noma‘lum ayol Nirvanaga tekshirishga kelgan guruhni “so‘roqqa tutib”, ularni mobil telefoniga tasvirga oladi.

Reydlar haqidagi ushbu video montaj qilingan holda e‘lon qilingan. Ya‘ni rus tilida gapirgan noma‘lum ayolning ovozi o‘zgartirilib, uning so‘zlari videoda subtitr shaklida paydo bo‘ladi.

Reyd ishtirokchilarini suratga olayotgan noma‘lum ayol do‘konning unga umuman aloqasi yo‘qligi, reyd haqida Internet orqali xabar topib kelganini aytadi.

Lekin videoni tomosha qilganlar noma‘lum ayol Gulnora Karimovaning o‘zi ekanligini taxmin qilishmoqda.

Jumladan, @uoyevoliaranlug “Maski shou” roligidagi ovozni qayta tiklanganimizda, ovoz 98 % sizning ovozingizga o‘xshash ekani ma‘lum bo‘ldi”, deb yozdi.



Ayni mazmundagi tvitlarni Karimova xonim biror marta inkor qilmadi, faqat tabassum belgilarini qo‘yish bilan kifoyalanmoqda.

Videodagi tekshiruvchilar ham noma‘lum ayoldan qo‘rqishlarini ilg‘ash qiyin emas. Ya‘ni videoga olayotgan ayol ta‘sirga ega shaxslardan biri ekanini taxmin qilish mumkin.

Ayniqsa, niqob kiygan “Burgut” guruhining ikki yigiti ayol “ta‘siridan pusib qolishadi".

Shu paytgacha mamlakatda “Qora niqoblilar” tomonidan yiliga o‘nlab reydlar o‘tkazilgan paytda “miq” etmagan Karimova Nirvana mo‘ljalga olingan payti “tilga kirdi”.

Nirvana do‘konlari Gulnoraning fuqaroviy eri Rustam Madumarovga tegishli ekanini inobatga olsak, Karimova xonimning bu qadar “yonib-kuyishi”ni tushinish mumkin.


Gulnora & Rustam


Rustam Madumarov PanTerra ovoz yozish studiyasiga ham egalik qiladi. PanTerra esa Gulnora Karimovaga tegishli Terra Group media shirkatiga kiradi.

Karimova Internetdagi keyingi paytdagi chiqishlarida nafaqat o‘z jazmani ekani aytilaëtgan Rustam Madumarov¸ balki o‘z biznes manfaatlarini ham himoya qilayotgani kuzatilayapti.

Ayni paytda Nirvana tarmog‘ining birinchi marta reyd nishoniga aylanmaëtganini ham aytish lozim. Faqat bu galgidan farqli¸ taxminlarga ko‘ra¸ o‘tgandagi tekshiruv tashabbuschisi Karimovaning o‘zi bo‘lgan.

2008 yilda Toshkent Soliq boshqarmasi va mualliflik huquqlari idorasi qo‘shma amaliyot o‘tkazib, Nirvanaga tegishli 100 mingdan ortiq DVD, VCD va MP3 disklarni musodara qilgan edi.

Ozodlik suhbatlashgan Toshkent ijodiy elitasining o‘z ismini aytmagan vakili iddaosiga ko‘ra¸ 2008 yildagi bu tekshiruv Rustam Madumarov va Gulnora Karimova o‘rtasidagi ishqiy munosabatlar sovuqlashgan paytiga to‘g‘ri kelgan.

Bu sovuqlashuv va tekshir-tekshirdan so‘ng¸ Madumarovning bir muddat Moskvaga ketib qolgani aytiladi.

Ayni manbaning aytishicha¸ Rustam Madumarov Moskvadan qaytib kelib Karimova bilan aloqalarini tiklaganidan so‘ng¸ Nirvanaga oid muammolar barham topgan va bu do‘konlar O‘zbekiston huquq idoralari nazoratidan ustun bo‘lgan tarmoqqa aylangan.

Nirvana do‘konlariga qarshi kuni-kecha amalga oshirilgan reyd amaliëti mohiyatan Madumarov emas¸ uning asos homiysi Karimova xonimga qarshi qilingan harakat ekani aytilmoqda.

Manbaning aytishicha¸ bu tadbir O‘zbekiston boshqaruv elitasidagi Gulnora Karimovaga qarshi kuchlarning ramziy ishorasidir.
XS
SM
MD
LG