Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 04:29

"Yonilg‘i taqchilligi yaqin kunlarda hal bo‘lmaydi"


O‘zbekistonda yonilg‘i taqchilligi muammosi yanada keskinlashmoqda. Butun mamlakat bo‘ylab AYoQShlar oldida bir necha kilometrlik navbatlarning paydo bo‘lishi oddiy manzaraga aylanib bo‘ldi. Mamlakatdagi ikkita neftni qayta ishlash zavodidan biri butunlay to‘xtab qolgan, yana biri esa qisman ishlamoqda, xolos. O‘zbekiston neft mahsulotlari sohasiga yaqin mutaxassisning aytishicha, yaqin haftalar ichida muammoning hal bo‘lishi shubha ostida qolmoqda. Mustaqil ekspertlar esa, muammo yechimi oddiygina – bozor iqtisodiyotiga amalda o‘tishdir, demoqda.

Dushanba kuni Ozodlikning Samarqanddagi muxlisi yuborgan videoda O‘zGazOyl shirkatiga qarashli yonilg‘i quyish shoxobchasi oldida turgan mashinalar karvoni besh kilometrga cho‘zilib ketdi.

- Bu hali hech narsa emas¸ biz bir marta benzin olib yana qaytib kelayapmiz. Besh kilometrgacha ocheredda turibdi odamlar. Samarqand bo‘yicha umuman benzin yo‘q. Benzozapravkagacha mana hozir kamerada olaman. Sizlar tomosha qilib ketinglar. Mostning ustini qaranglar. Mostning ustida ham mashinalar turibdi¸ bechoralar. Xalq benzinsiz azob chekayapti. Svet yo‘q¸ suv yo‘q¸ gaz yo‘q¸ benzin yo‘q¸ mashinalar o‘ta olmaydigan darajada turibdi qaranglar, deya so‘zlab beradi Ozodlik mushtariysi.

Bunday holatni mamlakatning boshqa hududlarida ham ko‘rish mumkin.

Toshkentdan olingan xabarlarga ko‘ra, seshanba kuni poytaxtning Shayxontohur tumanidagi AYoQShlardan birining oldida ham bir yarim kilomterlik navbat paydo bo‘lgan.

O‘zbekiston hukumati ikki haftadan beri davom etayotgan benzin qurg‘ochiligiga doir vaziyatni izohlaganicha yo‘q.

Ayni paytda Ozodlik manbalarining ma‘lum qilishicha, O‘zbekistondagi neft ni qayta ishlash zavodalaridan biri – Farg‘onadagi korxona butunlay to‘xtab qolgan. Manbaning seshanba kuni Ozodlikka aytishicha, bundan o‘n kuncha avval Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi rahbariyati hibsga olinishi ortidan Milliy xavfsizlik xizmati tergov boshlagan.

“Hozir katta tergov ketmoqda va korxonadan bir tomchi ham benzin chiqmayapti”, dedi suhbatdoshimiz.

Ikkinchi korxona Buxoro neftni qatya ishlash zavodi ham to‘liq ishlamayotgani aytilmoqda. Bu zavod ishlab chiqargan mahsulotni O‘zGazOyl shoxobchalari sotadi. Mazkur shirkatga yaqin bo‘lgan manbaning aytishicha, “Buxorodan juda cheklangan miqdorda benzin kelmoqda”.

O‘zbekneftegaz davlat xoldingiga qarashli O‘zGazOyl O‘zbekistonga tayyor benzin import qilish huquqiga ega yagona shirkatdir. Manbamizning aytishicha, narxi balandroq bo‘lgan import benzin miqdori ham juda cheklangani bois, “uni ham yetkazib berish imkoni bo‘lmayapti”.

O‘tgan hafta boshlangan misli ko‘rilmagan taqchillik sababli mamlakatdagi AYoQSh egalaridan har bir mashinaga 10 litrdan ortiq benzin quymaslik to‘g‘risida tilxat olindi. Bundan tashqari bu vaziyatda qo‘lda sotilayotgan benzin ham keskin oshib ketgani kuzatildi. Xususan, Farg‘ona vodiysi viloyatlarida benzin narxi 8 ming so‘mgacha ko‘tarildi. Hozirda viloyatlarda benzin qo‘ldan 5 ming so‘mgacha sotilayotgani aytilmoqda.

O‘zGazOylga yaqin manbaning Ozodlikka aytishicha, vaziyatning yaqin haftalar ichida hal bo‘lishi kutlmayapti.

Toshkentlik jurnalist, Uzmetronom Internet nashri muharriri Sergey Yejkov vaziyat kun sayin keskinlashib borayotganiga hukumat neft importini oshirishni istamayotgani, valyuta zahiralari tagi ko‘rinib qolgani hissa qo‘shmoqda.

- Tashqaridan sotib olish uchun valyuta yo‘q. Iloji boricha resurslar ajratilmoqda. Hozir benzinni qarzga olyapmiz, bilishimcha qozoqlardan ham, turkmanlardan ham qarzimiz bor. Agar hukumatning iloji bo‘lganida bozorni energiya vositalari bilan to‘ldirishga barcha vositalarni tashlagan bo‘lardi. Chunki ijtimoiy barqarorlik hukumat uchun valyutadan ham, boshqa narsadan ham muhimroqdir, deydi Yejkov.

O‘zbekiston moliya vazirligining sobiq amaldori, hozirda Ostonadagi Yevroosiyo iqtisodiyot instituti dotsenti Saparboy Jubayev, mamlakatda yoqilg‘i taqchilligi va boshqa iqtisodiy muammolarni hal etishning yo‘li juda jo‘n, deydi. Buning uchun bozor iqtisodiga o‘tish kerak, bu esa hokimiyatdagi ma‘lum doiralar manfaatiga yotmaydi, deya davom etadi iqtisodchi.

- Rahbariyatimiz shuni xohlamayotgani uchunmi, endi buni tushunib bo‘lmaydi. Lekin hokimiyatda turgan odamlar juda oson yo‘l bilan boylik orttirishning yo‘lida bu. Bundan ular ajragisi kelmaydi. Mehnatsiz daromad topishning eng yaxshi yo‘li shu rejali iqtisodni olib borish, deydi iqtisodchi.

Benzin taqchilligi muammosi bir necha kundan beri davom etayotgan Twitter aytishuvi mavzularidan biriga aylandi. Shu kunlarda tashqi dunyo bilan Twitter orqali muloqot qilayotgan Gulnora Karimova seshanba kuni benzin taqchilligida Milliy xavfsizlik xizmatini aybladi.



Twitter foydalanuvchilaridan birining "benzin muammosini hal qilib berganingizda, hamma sizni sevib qolardi", degan taklifiga.

"Bu hal qilib bo‘lmaydigan muammo, deb qorqaman. Buxoro va Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodlarining ikkalasi ham hozir MXXning bir birgadasi nazorati ostida... aybdorlarni qidirishmoqda", deya iddao qildi.
XS
SM
MD
LG