Линклар

Шошилинч хабар
11 май 2024, Тошкент вақти: 01:09

Qozondagi aviahalokatda 50 kishi nobud bo‘ldi


Aviahalokat chog‘ida Tatariston prezidenti Rustam Minnixanovning o‘g‘li Irek hamda Rossiya Federal xavfsizlik xizmatining Tatariston boshqarmasi rahbari Aleksandr Antonov ham halok bo‘lgan.

Bu haqda jurnalistlarga Qozon aeroportida Tatariston bosh vazirining o‘rinbosari Yuriy Kamaltinov ma‘lum qildi.

Jurnalistlarning “Halok bo‘lgan barcha odamlarning jasadi va qora qutilar topildimi?” degan savoliga Kamaltinov: “Bu borada ish olib borilmoqda”, deya javob berdi.

“Tatariston” aviashirkatiga qarashli Boeing 737 samolyoti yakshanba oqshomida aeroportga qo‘nayotgan paytda qulagan. Samolyot bortidagi 44 nafar yo‘lovchi va 6 nafar ekipaj a‘zosining hammasi halok bo‘lgan.

Sinoptiklarning ma‘lumotlariga ko‘ra, aviahalokat chog‘ida Qozonda ob-havo sharoiti normal bo‘lgan.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Qozondagi fojea munosabati bilan halok bo‘lganlarning yaqinlariga ta‘ziya izhor qilgan va aviahalokat sabablarini o‘rganish uchun hukumatga topshiriq bergan. Hozirda mazkur fojeiy hodisa bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani aytilmoqda.

Rossiya Favqulodda vaziyatlar vaziri Vladimir Puchkov vazirlik aviatsiyasi Qozondagi aviahalokatda o‘lgan kishilarning jasadlarini ular dafn etilajak joylarga yetkazib berishini ma‘lum qildi.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, Qozonda halokatga uchragan Boeing 737 ekipaji qo‘nish yo‘liga 500 metr qolganda samolyot qo‘nishga tayyor emasligi haqida bildirgan. Bu haqda Interfaks agentligi Qozondagi favqulodda vaziyat oqibatini tugatish bo‘yicha tezkor shtabdagi o‘z manbasi so‘zlariga tayangan holda xabar qildi.

Agentlikka ko‘ra, ekipaj dispetcherlarga samolyot qo‘nolmaydigan vaziyatda ekanini bayon qilgan. Bu samolyotda texnik nosozlik kuzatilganidan darak berishi mumkin, biroq buning aynan qanday nosozlik bo‘lganiga ekipaj a‘zolari aniqlik kiritmaganlar.

Qo‘nishga tayyor emaslik haqidagi xabardan keyin ekipaj ikkinchi marta qo‘nishga urinib ko‘rish uchun uchishda davom etgan, biroq bir kilometrcha uchib borgach, tumshug‘i bilan yerga qulagan.

Halokatga uchragan Boeing 737 samolyoti, ma‘lumotlarga ko‘ra, 23 yildan beri ekspluatatsiya qilib kelingan. Boshqa ma‘lumotlarda mazkur samolyot “Tatariston” aviashirkati tomonidan 2008 yilda sotib olingani aytiladi.

Prezident Rustam Minnixanov farmoni bilan 18 noyabrь Tataristonda motam kuni, deb e‘lon qilingan.
XS
SM
MD
LG