Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 15:44

O‘zbekistonni yorituvchi nashrlar DDoS hujumiga uchradi


O‘zbekistonga oid yangiliklarini yorituvchi to‘rtta axborot sayti bir vaqtning o‘zida hakerlik hujumiga uchradi. 14 noyabr kuni hujumga nishon bo‘lgan Uzmetronom, CA-News, Ferghananews saytlari hanuz yopiq qolmoqda. Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi internet xizmati esa 18 noyabr kuni hakerlik hujumini bartaraf qilishga erishdi.

O‘zbekistonlik internet foydalanuvchilari o‘rtasida tanilgan Uzmetronom, CA-News, Ferghananews va Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi internet saytlari bir vaqtning o‘zida hakerlik hujumiga uchradi.

Ekspertlar buning DDoS-hujumi ekani va uning oqibatida nafaqat O‘zbekiston, balki qo‘shni Qirg‘iziston va Rossiyadagi provayderlarga katta zarar berganini aytmoqda.

Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi internet xizmati esa 18 noyabr kuni hujumni bartaraf qilishga erishdi. Ammo, Uzmetronom, CA-News, Ferghananews saytlari hanuz yopiq qolmoqda.

CA-News axborot nashri muharriri Samagan Aytimbetov Ozodlik bilan suhbatda hakerlik hujumi hozir ham davom etayotganini aytdi.

- Hujum oqibatida serverga yo‘l to‘silib qoldi, hujum shu qadar kuchli bo‘ldiki, hatto bizga xizmat qiladigan Qirg‘izistondagi Internet provayder ham bundan jabr ko‘rdi. Hozir saytimiz faoliyatini asta-sekin tiklashga harakat qilyapmiz, - deydi Samagan Aytimbetov.

Mazkur saytlarga hakerlik hujumi qaysi davlat hududidan amalga oshirilgani ma‘lum emas.

Ferghananews sayti bosh muhariri Daniil Kislov o‘z sahifasiga DDoS-hujumi kim tarafidan amalga oshirilganini bilmasligi va buni aniqlash ham mushkul ekanini aytadi.

- Bir narsani bilaman, Uzmetronom, CA-News va bizni Ferghananews nashriga hujum qilishyapti. Bizga bu ikkinchi hujum va bu safargisi eng kuchlisi bo‘ldi, saytizm hali ham o‘ziga kelolmayapti, - deydi Ferghananews sayti bosh muharriri Daniil Kislov.

CA-News axborot nashri muharriri Samagan Aytimbetov aynan O‘zbekiston haqida xabar beruvchi saytlar hakerlik hujumiga uchrashgani inobatga olinsa, bu ishning ortida kim turganini taxmin qilish mumkin, deb hisoblaydi.

- Bu Gulnora Karimova atrofidagi mojaro va Internetda O‘zbekistonda bo‘layotgan hodisalarga qiziqish ortgani bilan bog‘liq, deb faraz qilayapmiz. O‘zbekistondagi hukumatni tanqid qiluvchi sharhlar ko‘payib ketdi. Bizningcha, bu O‘zbekiston maxsus hizmatlari yoki shu mazmundagi axborot internet nashrlarida ketishini xohlamagan guruhlarni ishi bo‘lishi mumkin. Gulnora Karimova mashmashasi boshlanishi bilan saytmizga kiruvchilar soni aynan O‘zbekistondan kiruvchilar hisobiga oshib ketdi va oyiga 250 mingni tashkil qilayotgan edi, - deydi Aytimbetov.

O‘zbekiston ichkarisidan turib mamlakatdagi hodisalarni yoritib kelayotgan Uzmetronom sayti ham hakerlik hujumi ortidan yopiq qolmoqda.

Sayt bosh muxarriri Sergey Yejkov o‘z sahifasi 14 noyabr kuni DDoS hujumiga uchraganini aytdi.

- Sekundiga bir yarim million zaprosni tashkil etuvchi DDoS hujumi uyushtirildi bizga. Bir vaqtning o‘zida O‘zbekistonga xabar beruvchi saytlarga qilingan bu hujum haqida nima deyishim mumkin, aftidan axborot oqimini bir vaqtning o‘zida to‘xtatish imkonlarini sinab ko‘rishyapti..., - dedi fikrini oxiriga qadar ochiqlashdan tiyilgan mustaqil jurnalist Sergey Yejkov.

Shu yil iyulida O‘zbekiston Harbiy prokuraturasi rasmiy ogohlantirishi ortidan Uzmetronom sayti qisqa muddatga faoliyatini to‘xtatgan edi va ko‘p o‘tmay qayta ish boshlagan edi.

Ayni paytda O‘zbekistondagi hukumat nashri bo‘lgan "Xalq so‘zi” gazetasining sayti ham hakerlik hujumiga uchragani xabar qilindi. Seshanba kungi hujum oqibatida gazeta sayti bir muddat ishlamay qolgan.

Gazeta.uz nashrining xabar qilishicha, “Xalq so‘zi” gazetasiga hujum bangladeshlik hakerlarning Bd Grey Hat Hackers nomli guruhi tomonidan amalga oshirilgan.

Bu hakerlarning Bangladeshdan turib O‘zbekistondagi hukumat gazetasi saytiga nima maqsadda hujum qilgani noma‘lum.

“Xalq so‘zi” tahririyatidagilar gazeta saytida seshanba kuni “texnik muammo” yuzaga kelganini tasdiqladi, lekin hakerlik hujumi bo‘lganini rad etdi.

- Hech qanday hakerlar hujum qilgani yo‘q. Kecha saytimizning bazasi turgan protsessori qandaydir yonib ketib, kecha ozgina ishlamagan edi. Hozir saytimiz ishlayapti, - dedi “Xalq so‘zi” gazetasining ismini aytmagan veb-muharriri.

O‘z ismi sir qolishini istagan o‘zbekistonlik kompyuter xavfsizligi sohasi mutaxassisining aytishicha, DDoS hujuminii amalga oshirish hozirgi davrda qiyin emas.

- Dunyo bo‘yicha keng ko‘lamli DDoS hujumini uyushtirish kuchiga ega bo‘lgan maxsus tarmoqlarga ega virtual guruhlar ko‘p emas, aslida. Asosan Xitoy, Rossiya, Kanadada shunday guruhlar bor. Bilishimcha, ular buyurtma asosida ma‘lum bir to‘lov evaziga qilishadi bunday hujumni. Eng kichik DDoS hujumini uyushtirish uchun buyurtma narxi 80 dollar turadi, - deydi mutaxassis.
XS
SM
MD
LG