Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 17:31

“Damas” mashinalari "Mercedes" chiqara olmagan zavodda yig‘iladigan bo‘ldi


GM Uzbekistan shirkati “Damas” avtomobillarini yig‘ishni Asakadan Xorazm viloyatining Hazorasp tumanidagi zavodga ko‘chirmoqda. GM Uzbekistan vakilining aytishicha, ommabop “Damas” mashinasini yig‘ishni boshqa korxonaga ko‘chirishdan maqsad Asakadagi asosiy zavodda yangi modellarni ishlab chiqarish uchun imkon ochish hamda anchadan beri to‘xtab qolgan Xorazmdagi korxonada ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishdir. “Xorazm avtomobil ishlab chiqarish birlashmasi”dan yiliga 40 mingta “Damas” chiqishi aytilmoqda.

GM Uzbekistan O‘zbekiston-AQSh qo‘shma korxonasi 2014 yildan boshlab “Damas” rusumidagi avtomobillarni Xorazm viloyati Hazorasp tumanida joylashgan avtomobil zavodida yig‘ish ishlarini boshlaydi.

“Xorazm avtomobil ishlab chiqarish birlashmasi”da “Damas” mashinalari Asakada ishlab chiqarilgan butlovchi qismlardan yig‘ilishi aytilmoqda. GM Uzbekistan shirkatining o‘zini tanishtirmagan vakili Xorazmdan yiliga 40 mingtagacha mashina ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda, dedi Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda.

“Damas” mashinasini yig‘ish Xorazmdagi zavodga ko‘chirilmoqda. U yerda faqat yig‘ish ishlari amalga oshiriladi. Butlovchi qismlar Asakadan keltiriladi. Hozirda O‘zbekistonda chiqadigan mashinalar butlovchi qismlarining 70 foizi Asaka va boshqa korxonalarda ishlab chiqarilmoqda”, dedi GM Uzbekistan vakili.

Rasmiy xabarlarda “Damas” mashinasi 2014 yilning to‘rtinchi choragida to‘lalaligicha “Xorazm avtomobil ishlab chiqarish birlashmasi”da amalga oshirilishi, ya‘ni butlovchi qismlar ham ayni korxonada ishlab chiqarilishi rejalashtirilayotgani aytilmoqda.

Biroq Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatlashgan GM Uzbekistan vakili bu ma‘lumotni tasdiqlay olmasliginini bildirdi.

Uning yana aytishicha, “Damas” mashinasini yig‘ish ishlarini Xorazmga ko‘chirishdan maqsad, birinchidan Asaka zavodida yangi modellarni ishlab chiqarish uchun konveyyerlarni bo‘shatishdir. “Bundan tashqari bir necha yildan beri to‘xtab qolgan Hazorasp tumanidagi zavodda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish va u yerda yangi ish joylarini ochish haqida ham gap ketmoqda”, dedi suhbatdoshimiz.

7 o‘rindiqli “Damas” mashinalari O‘zbekistonda chiqariladigan avtomobillar orasida eng ommabopi hisoblanadi. Asosan kirakashlik uchun ishlatiladigan “Damas”lar keyingi paytlarda tanqis bo‘lib qolgani kuzatilib kelgan.

Parkentlik Sodiq aka ham bir necha yildan beri “Damas” mashinasi olaman deb navbat kutib, oxiri boshqa rusumdagi mashinaga shartnoma tuzishga majbur bo‘lganini aytadi.

- “Damas” kambag‘alning moshinasi bo‘lgani bilan, uni olib bo‘lmaydi hozir. Men ham “Damas” olishga rosa harakat qildim, lekin unga shartnoma yo‘q deb turib olishdi. “Damas” yo‘q deyishganidan keyin “Cobalt”ga shartnoma olishimga to‘g‘ri keldi. Endi kelasi yili kelsa kerak mashinam. “Damas” menimcha, yo zavoddan kam chiqyapti, yo tanish-bilish qilib sotib yuborishyapti. “Damas”ning bozori chaqqon, sababi hamma olib taksichilik qiladi, boshqa mashinalardan ko‘ra ko‘proq odam oladi, deydi Sodiq aka.

“Damas” mashinalari 1996 yilda Asakada zavod ishga tushirilganidan beri ishlab chiqariladi. Mashinaga talab kuchli bo‘lgani bois, ishlab chiqarishdan olib tashlangan boshqa modellardan farqli 7 o‘rindiqli bu model 2006 yilda takomillashtirilgan holda ishlab chiqarila boshladi.

Xorazmning Hazorasp tumanida joylashgan “Xorazm avtomobil ishlab chiqarish birlashmasi” sobiq ittifoq davrida ishga tushmay qolgan vertolyot zavodi o‘rnida 1990-yilar o‘rtalarida tashkil qilingan. 1995 yilda hukumat qarori bilan bu yerda Mersedes yuk mashinalarini ishlab chiqarish bo‘yicha O‘zbekiston-Germaniya qo‘shma korxonasi tuzilishi kerak bo‘lgan, lekin bu loyiha amalga oshmay qolgan.

Shu yilning fevral oyida hukumat bir necha yildan beri to‘xtab qolgan zavodda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish maqsadida “Damas” avtomobillarini yig‘ishni Xorazmga ko‘chirish haqida qaror qabul qildi
XS
SM
MD
LG