Линклар

Шошилинч хабар
16 март 2025, Тошкент вақти: 14:45

O‘zbek qochqinlari o‘z taqdiridan xavotirda


Bishkekda bedarak yo‘qolgan o‘zbek qochqini Shuhrat Musin Andijon sudi tomonidan 8 yilga kesilgani aytilmoqda.
Bishkekda bedarak yo‘qolgan o‘zbek qochqini Shuhrat Musin Andijon sudi tomonidan 8 yilga kesilgani aytilmoqda.
Ozodlik radiosi muxbiriga o‘zini Karimjon deb tanitgan o‘zbekistonlik qochqin besh yildan beri uchinchi davlatga ko‘chirilishini kutib yurganini aytdi.

Karimjonga ko‘ra, unga BMT Qochqinlar ishi bo‘yicha Oliy komissarlikning Bishkek vakolatxonasi tomonidan boshpana izlovchi shaxs maqomi berilgan. Biroq uni uchinchi davlatga ko‘chirish masalasi har yili ortga surilib kelmoqda. Karimjonning aytishicha, uchinchi davlatga ko‘chirilishini yillar davomida kutib yurgan o‘zbekistonlik qochqinlar Bishkekda anchagina.

- UVKB OONdan hech qanday naf yo‘q, yordam ham yo‘q. Uchinchi davlatga ko‘chirilishini uch yillab, to‘rt yillab, besh yillab kutib yurganlar bor. Ular xavotirda yashaydilar. Ular o‘zidan emas, oilasidan, ularning xavfsizligidan xavotirlanib yashamoqdalar. Kelajak haqida hech kim o‘ylamay qo‘ydi, hamma bugungi kuni bilan yashayapti, - dedi Karimjon.

Suhbatdoshimizning aytishicha, o‘zbekistonlik qochqinlarnig Bishkekda xavotirda yashashi uchun asos bor. Qirg‘iziston hududidan O‘zbekiston maxsus xizmatlari tomonidan bir necha o‘zbek qochqini o‘g‘irlangani holati aniqlangan.

O‘zbekistonlik qochqinning o‘g‘irlanishi bilan bog‘liq eng so‘nggi voqea joriy yilning fevralida bo‘lgan edi. Frantsiyadagi “O‘tyuraklar klubi” rahbari Mo‘tabar Tojiboyeva o‘zbekistonlik qochqin Shuhrat Musin Bishkekdan o‘g‘irlab ketilgani va ayni paytda Andijon shahar qamoqxonasida saqlanayotgani haqida ishonchli ma‘lumotlar bor ekanini aytgan edi.

- Biz “Jarayon” veb sayti muxbirlari bilan Shuhrat Musinni ikki oy mobaynida qidirdik. Ammo izlanishlarimiz hech qanday natija bergani yo‘q. Bugungi kunda Shuhrat Musinga yaqin qarindosh bo‘lgan manbadan olgan xabarimizga ko‘ra, u hozir Andijondagi tergov izolyatorida saqlanmoqda. Biz buni to‘la ishonch bilan ayta olamiz, ya‘ni bu ma‘lumotni o‘ta ishonchli manbadan olganmiz, - degan edi Mo‘tabar Tojiboyeva aprel oyidagi eshittirishlarimizdan birida.

Inson huquqlari vaziyatni yorituvchi “Jarayon” nashrining 15 dekabrda ma‘lum qilishicha, Shuhrat Musin Andijon sudi tomonidan 8 yilga kesilgan.

29 yoshli Shuhrat Musinga BMTning Bishkekdagi vakolatxonasi tomonidan 2009 yilda boshpana izlovchi shaxs maqomi berilgan edi. O‘zbekiston tomoni Shuhrat Musinni O‘zbekiston islomiy harakati a‘zosi sifatida ayblab, xalqaro qidiruvga bergan. U 2013 yilning fevralida Bishkekda bedarak ketgan edi.

Karimjonning aytishicha, mana shu voqeadan so‘ng Bishkekda yashayotgan o‘zbek qochqinlari o‘z xavfsizligi tahdid ostida ekanini his qilib, Turkiyaga ko‘chib keta boshlaganlar. Karimjon bir necha oy oldin BMTning Qochqinlar ishlari bo‘yicha Oliy komissarligi Bishkek vakolatxonasi o‘zbekistonlik qochqinlarning bu kabi muammolariga e‘tibor qaratishini talab qilib, Bishkekdagi BMT uyi oldida norozilik namoyishi ham o‘tkazigan edi. Biroq shundan keyin ham hech narsa o‘zgargani yo‘q, Qochqinlar ishi bo‘yicha Oliy komissarlik xodimlari o‘zbek qochqinlari muammolariga, ularning o‘g‘irlanib ketishiga befarq qaramoqda, deydi Karimjon.

- Men haq-huquqlarim uchun oxirigacha kurashaman. Turkiyaga borib, qanday bo‘lmasin Yevropa Ittifoqiga o‘taman.Jenevagacha borib haq-huquqlarimizni talab qilamiz, - dedi Karimjon.

Mazkur masala yuzasidan BMTning Bishkekdagi vakolatxonasidan biror izoh olishning imkoniyati bo‘lmadi. BMT vakolatxonasi xodimlari o‘zbekistonlik qochqinlar yuzasidan biror bir ma‘lumot xavfsizlik nuqtai nazaridan berilmasligini aytib keladi.
XS
SM
MD
LG