Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 21:21

TeliaSonera O‘zbekistondagi janjalga aloqador yana bir mulozimni ishdan oldi


TeliaSonera shirkatining Yevroosiyo bo‘limi rahbari o‘zgardi. Katta qismi Shvetsiya hukumatiga tegishli telekom shirkatining dushanba kuni e‘lon qilishicha, joriy yil boshida bu lavozimga tayinlangan Veysel Aral o‘rnini Erik Hallberg egallagan.

TeliaSonera o‘tgan oyda to‘rt nafar menejerini, jumladan shirkatning O‘zbekiston bozoriga kirishi uchun mas‘ul bo‘lgan shaxsni ishdan haydagan edi. Shirkat rahbariyatidagi almashinuv Shvetsiya prokuraturasi TeliaSonera O‘zbekistonda biznes qilish uchun katta miqdorda pora berganiga oid iddaolarni tergov qilayotgan paytda ro‘y bermoqda.

TeliaSonera dushanba kuni shirkatning yangi ijrochi menejerlari tarkibini e‘lon qildi.

TeliaSonera matbuot xizmati rahbari Salomon Bekelening Ozodlikka aytishicha, shirkatning Yevroosiyo mamlakatlari, jumladan O‘zbekistondagi faoliyati uchun mas‘ul bo‘lgan Veysal Aral egallab turgan lavozimidan chetlatilib, o‘rniga Erik Hallberg tayinlangan. Hallberg shu paytgacha TeliaSonera-ning xalqaro mobil aloqa masalalari bo‘yicha vitse prezidenti edi, deydi suhbatdoshimiz.

- Erik Hallberg 1 apreldan boshlab Yevroosiyo geografik mintaqasi bo‘yicha ijrochi vitse prezident vazifasiga o‘tadi. Bugundan boshlab allaqachon, amaldagi rahbariyat tarkibida Yevroosiyodagi biznes uchun mas‘uliyatni o‘z zimmasiga oldi,- dedi Salomon Bekele.

Yevropadagi eng yirik telekom shirkati o‘tgan oyda to‘rt nafar yuqori darajali menejerini ishdan haydagan edi. Bu qaror TeliaSonera-ning keyingi bir necha yil davomida “Evroosiyodagi hamkorlari” bilan amalga oshirgan “oldi-berdilarning ba‘zilari biznes etikasiga zid” bo‘lgani bilan izohlangan edi.

TeliaSonera o‘z qarori O‘zbekistondagi pora oldi-berdisi to‘g‘risidagi iddaolarga aloqasi yo‘qligini bayon qilganiga qaramasdan, ko‘pchilik shirkat rahbariyatidagi tub o‘zgarishlarni aynan Shvetsiya prokuraturasining bu yuzadan olib borayotgan tergovi bilan bog‘ladi.

O‘tgan oyda shirkatdan haydalganlarning biri TeliaSonera-ning O‘zbekistonga kirib borishi uchun bevosita mas‘ul bo‘lgan Tero Kivisaaridir. Veysal Aral shu yilning boshida aynan Kivisaarining o‘rniga Yevroosiyo uchun mas‘ul etib tayinlangan edi.

Oradan bir necha oy o‘tib Aral ham bu lavozimdan olindi va TeliaSonera matbuot xizmati rahbarining aytishicha, uning ham shirkatda boshqa lavozimda faoliyat davom ettirishi savol ostida qolmoqda.

- Hozircha bu borada qaror qabul qilingani yo‘q, lekin Veysal Aralga boshqa rahbar lavozimi taklif qilinmaydi. Uning vazifalarini Hallbergga o‘tkazish jarayonining silliq o‘tishi borasida hozirda Veysal bilan muzokaralar olib borilmoqda. Lekin uning boshqa vazifada shirkatda qolishi yoki qolmasligini aniq aytib bo‘lmaydi, dedi Salomon Bekele.

Katta qismi Shvetsiya va Finlyandiya hukumatlariga qarashli TeliaSonera bir necha hafta ichida ishdan haydagan Tero Kivisaari va Veysal Aral bu shirkatning Shvetsiya tergovchilari tekshirayotgan O‘zbekistondagi biznes faoliyatiga bevosita aloqador bo‘lgani aytiladi.

Shvetsiya bosh prokuraturasi TeliaSonera O‘zbekiston bozoriga kirish uchun prezident Islom Karimov oilasiga, xususan to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimovaga Takilant vositachi firmasi orqali jami 350 million AQSh dollari miqdorida pora berganiga doir iddaolarni tergov qilmoqda. Shvedlar o‘tgan yili tergov boshlaganidan beri Shveytsariya, Frantsiya va Latviyada ham bu tekshiruv bilan bog‘liq jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.

Tergov doirasida bu mamlakatlarda Gulnora Karimovaga aloqador ekani ishoniladigan bank hisob raqamlari va mol-mulk muzlatilib qo‘yilgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Shu yilning avgust-noyabr oylari davomida Shveytsariya va Frantsiyada Gulnora Karimovaga tegishli deb ko‘rilgan uylarda tintuv o‘tkazilib, eshiklari muhrlab qo‘yilgani aytilmoqda.

TeliaSonera-ning O‘zbekistondagi faoliyati bilan bog‘liq janjal o‘tgan yili tergovchilar nazariga tushganidan beri Aral va Kivisaaridan tashqari shirkat prezidenti Lars Nyuberg, bosh moliyaviy direktori Per-Arne Blumkvistlar ham ishdan ketdi hamda TeliaSonera boshqaruv hay‘ati tarkibi to‘la o‘zgartirildi.
XS
SM
MD
LG