Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 13:49

O‘zbekistonda Yangi yil bayramini o‘tkazish uchun tadbirkorlardan pul undirilmoqda


Toshkentning Oloy bozori oldidagi archa bezalmoqda
Toshkentning Oloy bozori oldidagi archa bezalmoqda
O‘zbekistonning Toshkent va Samarqand shaharlarida Yangi yil tadbirlarini o‘tkazish harajatlari tadbirkorlar zimmasiga yuklandi.

Samarqand viloyat hokimligidagi Ozodlik manbasining aytishicha, viloyat hokimi Zoyir Mirzayev imzolagan 3-463 raqamli majlis bayonnomasida “Yangi yil bayramini yuksak saviyada o‘tkazish uchun tadbirkorlar sahovatiga suyanilishi” aytilgan.

Samarqandlik tadbirkorlardan birining aytishicha, "Yangi yilda shaharni bezash va bayram dasturlarini o‘tkazish uchun tadbirkorlardan pul yig‘ish bilan viloyat hokimligi mulozimi Dilshod Berdiqulov shug‘ullanmoqda".

Suhbatdoshga ko‘ra, hokimlikning qarori mahalliy tadbirkorlar uchun “ixtiyoriy-majburiy”dir.

Ismi aytilishini istamagan samarqandlik tadbirkor "shahar markazidagi usti yopiq bozorda joylashgan do‘kon egalari Yangi yil bayrami uchun 2 dekabrdan boshlab 15 kun ichida xayriya tarzida pul o‘tkazishga majburlanganini" aytdi.

Samarqand viloyat hokimligidagi Ozodlik manbasining aytishicha¸ tadbirkorlardan undirilgan pullar shahar markaziga archa o‘rnatish¸ ko‘chalarni yaltiroq marjonlar bilan bezatishga sarflanmoqda.

Yangi yil bayrami bilan bog‘liq tadbirlarga ketadigan pulni tadbirkorlar cho‘ntagidan chiqarib olish harakatlari respublikaning boshqa viloyatlarida ham kuzatilmoqda.

Toshkentdan olingan ma‘lumotlarga ko‘ra¸ Turkiston saroyida o‘tkaziladigan “Prezident archasi “ tadbirini o‘tkazish harajatlari ham tadbirkorlar zimmasiga yuklangan.

O‘zbekiston Prezidentining to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova 17 dekabr kuni o‘zining twitterdagi sahifasida “Prezident archasi “ tadbirini o‘tkazish uchun korxonalardan majburan pul undirilayotganligini tvitladi:

“Turkistonda (Turkiston saroyida - tahr.) prezident archasi o‘takzilishi munosabati bilan kabmin zavodlardan 3 kunlik kontsert tashkil qilish uchun buyruq yo‘li bilan surbetlarcha 400 million so‘mdan pul undirmoqda”, deya iddao qilinadi Gulnora Karimova mikroblogida.

Bu iddaoni Toshkentdagi Ozodlik manbalari ham tasdiqladi.

Manbalarning bildirishicha¸ Turkiston saroyida o‘tkaziladigan “Prezident archasi“ dasturiga tadbirkorlarni homiylik qilishga undash o‘tgan yillari ham bo‘lgan.

O‘zbekistonda o‘tkaziladigan davlat dasturlari va hasharlar uchun tadbirkorlardan majburan pul undirilgani haqida Ozodlik tasarrufida hujjatli ma‘lumotlar mavjud.

Masalan, joriy yilda jizzaxlik tadbirkorlardan “Asrlar sadosi” festivali uchun majburan pul undirilgan edi.

Shu yil kuzda Toshkentlik tadbirkorlar paxtaga chiqqan hasharchilarni oziq- ovqat bilan ta‘minlaydigan Mega Super Food shirkati hisobiga 3 million so‘m o‘tkazib berishga tadbirkorlar hokimiyat tarafidan majburlangan edi.

Tekin tomosha ko‘rsatish


Bu yil “Prezident archasi“ tadbiri Toshkentdagi Turkiston saroyida yigirmanchi marta o‘tkazilmoqda.

Bu sanaga bag‘ishlangan shouda qatnashadigan taniqli qo‘shiqchilar ham tekinga hizmat ko‘rsatish majburiyatini olishgan, deydi toshkentlik prodyuser Ravshan G‘ulomov Ozodlik bilan suhbatda:

- Har bir san‘atkor litsenziya olayotganda litsenziya majburiyatlarini imzolaydi. Shunday majburiyatlardan biri davlat tadbirlarida beg‘araz ishtirok qilishdir. Shu qoidaga ko‘ra, artistlar “Prezident archasi “ tadbirida tekin¸ hech qanday pul talab qilmasdan qatnashib keladi¸ deydi toshkentlik prodyuser.

Suhbatdoshga ko‘ra¸ Turkiston saroyida tantanalar xozirdanoq boshlanib ketgan:

-Xavfsizlik choralari kuchaytirilgan holda o‘tyapti. Xozir mana ashulachi Rayxon va "Ummon" guruhi solistlari archa atrofida qo‘shiq kuylamoqda, deydi suhbatdosh.
XS
SM
MD
LG