Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 03:38

Moskva metrosida "o‘zbek mafiyasi" ushlandi


Moskva metropolitenida qalbaki hujjatlar tayyorlash va sotishda ayblanayotgan 29 nafar O‘zbekiston fuqarosi hibs etildi. Operativ xodimlar tomonidan o‘ta sifatli ekani e‘tirof etilgan yasama hujjatlar¸ asosan¸ Rossiyaga ish izlab kelgan mehnat muhojirlariga pullangan.

Moskva metrosi politsiya boshqarmasi operativ xodimlari qalbaki hujjatlar sotayotganlikda gumonlanayotgan bir guruh O‘zbekiston fuqarosini qo‘lga oldi.

"Izquvarlar o‘tkazgan maxsus operatsiya davomida o‘z yurtdoshlariga soxta migratsiya qaydlari, ishga ruxsatnoma va chegarani kesib o‘tganligi to‘g‘risida shtamplarni urib berayotgan 29 o‘zbekistonlik ayol va erkak ushlandi", deydi Ozodlik bilan suhbatda amaliyot tafsilotlarini ochiqlagan Moskva metropolitenidagi Ichki ishlar boshqarmasi rasmiysi Aleksey Mishlyayev:

- Ushlangan 29 kishidan 6 nafariga jinoiy ayblov e‘lon qilindi va ular 91- modda asosida jinoyat joyida ushlangani bois, hibsda qoldi. Qolganlarga esa 18.8, aniqrog‘i Rossiya hududida istiqomat qilish qoidalarini buzganlik moddasi asosida ma‘muriy ish ochildi. Bu materiallar sudga topshiriladi va ular deportatsiya qilinadi, dedi Aleksey Mishlyayev.

Ichki ishlar boshqarmasi vakili ma‘lumotiga ko‘ra, tovlamachilikda gumonlanayotgan o‘zbeklarga tegishli oltita kvartirada tintuv o‘tkazilgan.

Zamonaviy kompьyuter va nusxa ko‘chiruvchi asbob-uskunalar bilan jihozlangan “maxfiy ofislar”da politsiyachilar FMS, Ichki ishlar vazirligi, FSB Chegara xizmati, Sog‘liqni saqlash vazirligiga qarashli 120 ziyod muhr va blankalar musodara qilingan.

“Ularda hatto Federal migratsiya xizmatining to‘ldirilgan daktiloskopiya kartalari va barmoq izlarini olish uchun uskunalar topildi”, deydi jinoiy guruh a‘zolari texnik jihatdan yaxshi ta‘minlanganini aytgan Moskva metropoliteni politsiyasi vakili Aleksey Mishlyayev:

- Bu bir kunlik ish emas, albatta. Bunday guruhni qo‘lga olishga 3-5 oy vaqt ketadi. Masalan, ular qalbaki hujjatlar tayyorlanuvchi kvartiralarni kamida ikki oyda bir almashtirib turadi. Nima uchun metropoliten politsiyasining bu ishga bosh qo‘shganiga kelsak¸ tayyorlanayotgan hujjatlarning asosiy qismi metro ichkarisida sotiladi, ko‘p hollarda bu ishni kurьerlar bajarayotgani sababli ularni javobgarlikka tortish ham mushkul, degan rasmiy¸ ayniqsa¸ Qozon vokzali metrosi va boshqa metrolarda “qog‘oz” sotayotganlarning aksari o‘zbeklar ekanini ta‘kidlaydi.

Aleksey Mishlyayev musodara qilingan hujjatlarning deyarli barchasini ushlanganlar o‘z yurtdoshlariga pullab kelganini ma‘lum qildi.

Rasmiyga ko‘ra¸ ayrim hujjatlar metroning o‘zida – farroshlar xonasida tayyorlab berilgan.

So‘nggi yillarda millatchilik ruhida yozilgan maqolalari bilan tanilgan “Komsomolskaya pravda” gazetasida mazkur reyd davomida qo‘lga olingan va tovlamachilikda ayblanayotgan o‘zbekistonliklar ro‘yxati chop qilindi.

“Moskvada o‘zbek mafiyasi qo‘lga olindi” sarlavhali maqolada keltirilgan bu ro‘yxatdan ushlanganlarning nafaqat tug‘ilgan sanasi, balki ularning asosiy qismi Farg‘ona viloyatining Marg‘ilon shahridan ekanini aniqlash mumkin.

Politsiya tasdig‘iga ko‘ra, qalbaki hujjatlarni tayyorlaganlikda ayblanayotgan olti nafar o‘zbek fuqarosi 80 ming rubldan ziyod jarima, 3 oydan 6 oygacha qamoq jazosi yoki ikki yilgacha majburiy mehnatga jalb qilinishi mumkin.

Ayni paytda, Moskva metrosidagi muhojirlar ustidan nazoratni kuchaytirish masalasi Moskva shahar Dumasida ham jiddiy muhokama etilmoqda. Moskva parlamenti deputati Sergey Goncharov poytaxt metrosining “Aylana” liniyasi va vokzalbo‘yi bekatlarda Federal migratsiya xizmati punktlarini ishga tushirish tashabbusi bilan chiqdi.

Xalq namoyandasi bu punktlar¸ asosan¸ metroga tushayotgan o‘zbek, tojik va qirg‘iz fuqarolari ustidan qo‘shimcha nazorat o‘rnatish maqsadida tuzilishi lozimligini yashirib ham o‘tirmadi.
XS
SM
MD
LG