Линклар

Шошилинч хабар
18 апрел 2024, Тошкент вақти: 19:22

"Russkiye" harakati "muhojir ovi" loyihasini qo‘llab-quvvatlamoqda


GUESTBUSTERS – migrantlarga qarshi qaratilgan rus millatchilarining yangi loyihasi. “Russkiye” millatchilar birlashmasi qoshida tuzilgan harakat a‘zolari "podvallarni migrantlardan tozalash" reydlaridan foto va videolavhalarni uzatib bormoqda. Harakat rahbarlaridan biri Ozodlik bilan suhbatda "Rossiya ko‘chalarini faqat ruslar tozalashi kerakligi" to‘g‘risida gapirdi.

GUESTBUSTERS loyihasi faollarining g‘ayriqonuniy ishlariga Rossiya huquq-tartibot organlari qandaydir bir ko‘rinishda munosabat bildirgani to‘g‘risida ma‘lumot yo‘q.

21 dekabr kuni Rossiya Internet maydonida rus millatchilarining Ximki shahrida o‘tkazgan mehnat muhojirlariga qarshi “tozalash” amaliyoti davomida olingan video paydo bo‘ldi.

Videoda bir guruh rus yigit-qizlarining Ximki shahri, Melnikov ko‘chasidagi 2-B uyda o‘tkazgan reydi tasvirlangan. Bu uyda yashovchi fuqarolardan biri ko‘rsatmasi bilan yerto‘laga tushgan GUESTBUSTERS harakati faollari yashash uchun sharoit qilingan xonalardan birida markaziy osiyolik muhojirlar televizor ko‘rayotganini aniqladi.



Videoga olayotgan millatchi qizlardan ikkitasi yerto‘laning burchagida yerga to‘shalgan matraslar ustida yotgan noma‘lum ayolni tasvirga tushira boshladi. Ruschani bazo‘r gapirayotgan muhojir ayol bilan savol-javobdan bu ayolning yetti oylik homilasi borligi, toksikozdan qiynalib yotganini bilish mumkin.



Qo‘rqib ketganidan boshini to‘shakka o‘rab yig‘layotgan ayol bu yerda eri bilan o‘zi yashashi, dushanba kuni Rossiyadan chiqib ketishga chipta olib qo‘yganini gapiradi.

GUESTBUSTERS loyihasi rasmiy saytida “Rossiyaga har yili 14 million odam kirib keladi, 3 - 5 millioni mamlakat ichkarisida g‘oyib bo‘lmoqda. Rossiyada yashayotganlarning har yettinchisi – muhojir. Ular bizning yonimizda, pod‘ezd, chordoq, yerto‘lalarimizda, do‘kon va omborlarimizda yashamoqda”, degan ma‘lumot beriladi. Harakat tashabbuschilari “befarq bo‘lmagan” fuqarolardan shaharning biror yerida aniqlangan noqonuniy muhojirlar yashovchi joylarni maxsus tuzilgan interaktiv xaritada belgilab berishni so‘raydi.

Ozodlik video muallifi – “Russkiye” millatchilar birlashmasi faoli, GUESTBUSTERS harakati rahbari Ulyana “Ulitka” Sporixinani topib, undan yangi harakat to‘g‘risida so‘zlab berishni so‘radi.

- Loyiha taqdimoti joriy yilning aprel oyida bo‘lib o‘tgan edi. Saytimiz paydo bo‘ldi – migrantam.net. Bu loyiha nafaqat Moskva va viloyatda, balki Rossiyaning boshqa shaharlarida mavjud, masalan, Ryazanda bolalar kuni kecha uni ishga tushirishdi. Bu loyiha “Russkiye” etnosiyosiy birlashmasining ijtimoiy loyihalaridan biridir. Bu loyiha uch asosiy yo‘nalish bo‘yicha amal qila boshladi: nafaqat noqonuniy mehnat muhojirlarining yashash joylarini aniqlash va ularga qarshi kurashish, balki spays kabi narkotiklarni tarqatishga qarshi kurash hamdir. Zero, spays va narkotiklarni tarqatish bilan asosan Markaziy Osiyo va Kavkazorti fuqarolari shug‘ullanadi. Uchinchi yo‘nalishimiz – ko‘chalarda sertifikatlanmagan noqonuniy savdo bilan kurashish, deydi Gastbasters harakati rus bo‘lmaganlar va ularning “faoliyati”ga qarshi keng qamrovli hujum boshlaganini aytgan Ulyana.

GUESTBUSTERS loyihasi faoli videoda tasvirlangan homilador ayol Ximki shahrida 14 dekabr kuni o‘tkazilgan reyd paytida tasvirga olinganini aytadi. Bu ayolning keyingi taqdiriga oid savolimizga u bunday javob berdi:

- Uni keyin politsiya bo‘limiga olib ketishdi. Uning keyingi taqdiriga oid bizga boshqa ma‘lumot ham berishmadi. “Rasman murojaat qiling!” deyishdi bizga politsiyada. Bu ayolning hech qanday hujjatlari yo‘q ekan. Biz hozir so‘rovnoma yubordik, uning keyingi taqdirini bilmoqchimiz – deport qilindimi-yo‘qmi. Menimcha, bu ayol o‘z yurtida tug‘ishi kerak, deydi Moskva millatchilari vakilasi.

Suhbat davomida Ulyana Sporixina mahalliy aholi, birinchi navbatda ruslar, ish bilan ta‘minlanishi kerakligini ma‘lum qildi.

O‘zi ham moskvalik emasligi, poytaxtga Smolensk shahridan kelganini ta‘kidlagan Ul yana “mollarcha sharoitlardan yashayotgan migrantlar shunday hayvonlarcha o‘g‘irlik qilish, zo‘rlash, odamlarni o‘ldirish bilan shug‘ullanadi”, deydi.

- O‘sha homilador ayolga zarracha ham rahmim kelgani yo‘q! Chunki u bu yerga kelib bolasini “Moskva shahrida tug‘ilgan” muhrini, Rossiya fuqaroligini olish uchun tug‘diradi. Men ularga achinmayman. Ular o‘z yurtiga qaytib borishi mumkin. Bu podvallarda yashash – bu ular o‘zlari tanlagan yo‘l, dedi “Russkiye” millatchilar birlashmasi faoli, “Shilliq qurt” laqabi ostida millatchilar guruhini boshqaruvchi Ul yana Ozodlik bilan suhbatda.

GUESTBUSTERS loyihasi faollarining g‘ayriqonuniy ishlariga Rossiya huquq-tartibot organlari qandaydir bir ko‘rinishda munosabat bildirgani to‘g‘risida ma‘lumot yo‘q.

Ozodlik Moskvada mahalliy millatchilar tomonidan migrantlarga qarshi tuzilgan boshqa tashkilotlar bilan ham suhbatlashgan edi.

Moskvadagi “Shchit Moskvi” tashkiloti shu yilning 27 sentyabrida muhojirlar yashovchi yotoqxonaga bostirib kirishi natijasida ro‘y bergan otishma va ommaviy mushtlashuv natijasida 60 kishi politsiyaga olib kelingani, 20 yaqin migrant deportatsiya qilinganini xabar bergan edi.

Millatchi rus yoshlarining politsiya nazorati ostidagi bunday “muhojir ovlari” Rossiyaning boshqa o‘lkalarida ham o‘tkazilmoqda.
XS
SM
MD
LG