Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 04:43

Nukusda ochlik e‘lon qilgan oilaga davlat 175 mln. so‘m tovon puli to‘ladi


Qoraqalpog‘iston poytaxti Nukus shahri markazini qayta qurish oqibatida uysiz qolib, yarim yil davomida ko‘chada yashagan Ubbiniyozovlar oilasi davlatdan kvartirasi uchun tovon puli oldi.

Tashvishlarini Ozodlik bir necha bor yoritgan bu oilaga oid so‘nggi yangilikni oila boshlig‘i Iurat Ubbiniyozovga tayanib xabar qilgan Uznews.net saytiga ko‘ra, oilaga 175 million so‘m (rasmiy kurs bo‘yicha 79,5 ming AQSh dollari, qora bozor kursi bo‘yicha 65 ming AQSh dollari) miqdorida kompensatsiya to‘langan.

Besh xonali uyi evaziga qiymati teng uy ololmayotgan Ubbaniyozovlar oilasi Nukus shahrida ochlik e‘lon qilgani to‘g‘risida Ozodlik radiosi 11 dekabr kuni xabar qilgan edi. Olti oydan beri oydan chodirda yashayotgan besh kishidan iborat oila Nukus shahar hokimligi taklif qilgan tovon puliga buzilgan uyning o‘rnini bosadigan uy sotib olish mumkin emasligidan shikoyat qilib kelgan.

Bundan qariyb 2 hafta oldin Nukus shahrining Qoraqalpog‘iston ko‘chasidagi 130-uyda yashagan Ubbiniyozovlar oilasidan to‘rt kishi, oila boshlig‘i Murat Ubbaniyozov, uning xotini Muhabbat, o‘g‘li Salomat va nogiron ukasi Davlat 8 dekabrdan boshlab muddatsiz ochlik e‘lon qilgan edi.

Ko‘chada o‘tgan 6 oy mobaynida Ubbaniyozovlarning kenja farzandi Sur‘at sentyabr oyida chodirda tug‘ildi.

O‘zbekistonda shaharlar markazlarini qayta qurish bilan bog‘liq aholi shikoyatlari keyingi yillar uchun xarakterli bo‘lib qolgan.

Shu mavzudagi so‘nggi materiallarimiz e‘tiboringizga havola qilinganiga ko‘p bo‘lgani yo‘q.

Toshkent viloyati Quyichirchiq tumani Do‘stobod shahri markazidagi 228 ta uy buzilib, o‘rniga ikki qavatli zamonaviy uylarni qurish rejalashtirilayayotgani, loyihaga ko‘ra, ayrim uylarning faqat bir yoki ikki xonasi buzilajagi, lekin shahar markazidagi ikkita ko‘chada joylashgan barcha uylarning old ko‘rinishi ikki qavatli bo‘lishi shartligi aytilayayotgani to‘g‘risida Ozodlik 20 dekabr kuni xabar qilgan edi.

O‘sha kuniyoq Jizzaxda uyi buzilgan fuqarolarning davomli noroziliklari ortidan shahar hokimiyati uylari buzilgan har bir oilaga va‘da qilingan tovon puli shu yilning oxirigacha to‘lanishini va‘da qilgani to‘g‘risida ham xabar bergan edik.
XS
SM
MD
LG