Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 14:54

“Bilayn” O‘zbekistonda aloqa sifatini yaxshilashni va‘da qildi


O‘zbekistondagi yirik uyali telefon operatori sanalmish “Bilayn” mamlakatda aloqa sifatini yaxshilash uchun 900 ta yangi stansiya o‘rnatishini ma‘lum qildi. O‘tgan oylarda "Bilayn” uyali telefon operatorining Toshkentdagi bosh idorasida tekshirgan soliq xodimlari kompleks tekshiruvlar davomida jiddiy qonunbuzarlik topmagani ma‘lum qilingan edi.

Toshkentda 23 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida “Bilayn-O‘zbekiston” bosh direktori Andrey Safronyuk mamlakatda yangi baza stantsiyalari o‘rnatilishi uchun ruxsatnoma olinganini aytdi.

- Mamlakatda yangi stantsiyalarni ishga tushirish uchun ruxsat oldik. Bu bizga O‘zbekistonda 900 dan ziyod yangi stantsiyani ishga tushirish va aloqa sifatini yahshilash imkonini beradi, - dedi Safronyuk.

O‘zbekistonda 2012 yilda "O‘zdunrobita" yopilishi ortidan uning mijozlari keyinchalik boshqa kompaniyalarga, jumladan "Bilayn"ga o‘tib ketdi.

Bu mobil operatorlar esa shuncha mijozga xizmat ko‘rsatishga tayyor emasligi bois, aloqa sifati O‘zbekistonda birdan pasayib ketdi.

“Bilayn” mijozlari O‘zbekistonda aloqa sifati haddan ziyod yomonligini aytishadi.

- “Bilayn”da gaplashishga juda qiynalamiz. Ovoz bo‘linib-bo‘linib, umuman gapni tushinib bo‘lmaydigan darajada, qayta-qayta telefon qilib, amallyapmiz, - deydi buxorolik Sharif aka.

“Bilayn-O‘zbekiston” ta‘sischisi Vimpelkom shirkatining Moskvadagi bosh idorasi matbuot vakili Galina Kurganovaning Ozodlikka aytishicha, O‘zbekistonda yangi 900ta baza stantsiyalari o‘rnatilishi anchayin yomonlashib ketgan mobil aloqa sifatini nafaqat yaxshilaydi, balki kelajakda 3G tarmog‘ini yo‘lga qo‘yish uchun xizmat qiladi.

- Umid qilamizki, yangi stantsiyalarning ishga tushirilishi mijozlar ko‘paygani bilan bog‘liq "nagruzka"ni kamaytiradi va aloqa sifatini yaxshilaydi. Bundan tashqari 3G tarmog‘i ham ishga tushiriladi. Sirdaryoda yangi yil arafasi mijozlarimizga 3G xizmatini taqdim etyapmiz, - dedi Kurganova.

"Bilayn" brendi ostida faoliyat yuritayotgan uyali aloqa operatori hozir O‘zbekistonda 10 milliondan ortiq abonentga ega.

Oktyabr va noyabr oylarida "Bilayn” uyali telefon operatorining Toshkentdagi bosh ofisida tekshiruv o‘tkazgan soliq xodimlari kompleks tekshiruvlar davomida jiddiy qonunbuzarlik topolmagani ma‘lum qilingan edi.
XS
SM
MD
LG