Линклар

Шошилинч хабар
23 апрел 2024, Тошкент вақти: 20:20

Shuhrat Abbosov “Mahallada duv-duv gap-2” filmini suratga olishga tayyorlanyapti


Shuhrat Abbosov
Shuhrat Abbosov
O‘zbek kino san‘atining katta arboblaridan biri SSSR xalq artisti Shuhrat Abbosov “Mahallada duv-duv gap-2” kino asari ustida ishlayotganini aytmoqda. U “Mahallada duv-duv gap”, “Sen yetim yemassan”, “Olovli yo‘llar” filmlari bilan tanilgan. 83 yoshga kirgani munosabati qutlab, bog‘langan Ozodlik muxbiri bilan suhbatda keksa san‘atkor bugungi kunda yosh kinochilarga murabbiylik qilayotganini aytdi.

Kinoga emaklab emas, balki dadil kirib kelgan san‘atkor


Sakson uch yoshini ham suratga olish maydonida kutib olgan san‘atkor Shuhrat Abbosov shu kunlarda “Mahallada duv-duv gap-2” filmini suratga olishga hozirlik ko‘rmoqda.

Tavallud kuni bilan qutlab, bog‘langan Ozodlik muxbiri bilan suhbatda san‘atkor uni qadrlagan muxlislari, tomoshabinlari va shogirdlarining ko‘pligidan mamnunligini aytdi va kelgusidagi rejalarini bayon qildi.

- Xudoga ming shukur, hamma meni yaxshi ko‘rar ekan. Shuni yana bir bor bildim men bugun. Vatandoshlarimdan, hamma shaharlardan tabrik kelayapti. Rahmatlar, deyishayapti qilgan ishlarimga. Men shundan juda ham xursandman. Hozir “Mahallada duv-duv gap” filmining ikkinchisini suratga olish ishlarini boshladim, - dedi Shuhrat Abbosov.

Bundan tashqari, u Muhammad Tarag‘ay Ulug‘bek va Jaloliddin Manguberdi haqida, Said Ahmadning qamoqdagi hayoti haqida ham kino olish istagini tilga oldi.

Tavallud kunida o‘tgan umri davomida qilgan ishlarini Ozodlik muxbiri bilan birga xotirlagan Shuhrat Abbosov ba‘zi xulosalarini aytib o‘tdi:

- Bolaligim ocharchilik yillariga to‘g‘ri keldi. Kunjara yedim¸ toshbaqa go‘shti yedim. Ustim yupun¸ och-yalang‘och bo‘lsamda ichimda kinochi bo‘lish kabi orzu bor edi. Men kinoga emaklab emas, balki dadil kirib keldim. 1960 yilda “Mahallada duv-duv gap” filmi ilk ijodiy ishim bo‘ldi. Lutfixonim Sarimsoqova¸ Rahim Pirmuhammedov kabi akterlar bilan ishladim. Abdulla Qahhor kabi yozuvchi bilan hamkorlik qildim. Bugungi yosh avlod ham bu kinoni tomosha qilmoqda. Demak mehnatim bekor ketmabdi, - deydi SSSR xalq artisti Shuhrat Abbosov Ozodlik bilan suhbatda.

Quyida uning ijodiga bag‘ishlangan "Chodirxayol" eshittirishini to‘liq tinglashingiz mumkin.


Millionlar sevgan mumtoz filmlar ijodkori


Shuhrat Abbosov suratga olgan "Mahallada duv-duv gap" (1960), "Sen yetim emassan" (1963), "Toshkent-non shahri" (1968), "Olovli yo‘llar" (1977-1983), "Katta urushdagi kichik odam" (1990) kabi filmlar sovet kinosining mumtoz namunalaridan hisoblanadi.

"Olovli yo‘llar" kinosi
"Olovli yo‘llar" kinosi
Rejissyorning mustaqillikdan so‘ng Tog‘ay Murod romani asosida suratga olgan "Otamdan qolgan dalalar" filmi ham tomoshabinlar tomonidan yaxshi kutib olingan.

Shuhrat Abbosov 1931 yil 16 yanvarda Qo‘qonda tavallud topgan.

1949 yilda Toshkent Tibbiyot texnikumini tamomlagan.

1954 yilda A.N.Ostrovskiy nomli Toshkent Teatr va rassomchilik san‘ati instituti (Hozirgi Mannon Uyg‘ur nomidagi Teatr san‘ati instituti), 1958 yilda esa "Mosfilm" studiyasi qoshidagi Oliy rejissyorlik kurslarida tahsil oladi.

Avvaliga Yangiyo‘l drama teatrida bosh rejissyor, 1959 yildan boshlab "O‘zbekfilm" kinostudiyasi rejissyori bo‘lib ishlagan.

Shuhrat Abbosov kino san‘atini rivojlantirishdagi xizmatlari uchun SSSR Xalq artisti, O‘zbekiston Davlat mukofoti va boshqa ko‘plab yuksak mukofot va unvonlar bilan taqdirlangan.
XS
SM
MD
LG