Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 03:42

MTS O‘zbekistonga qaytish yuzasidan muzokaralarni davom ettirmoqda¸ ammo hozircha natija yo‘q


Ayni kunlarda o‘zbekistonlik ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari orasida “26 yanvarь kuni MTS Toshkentda qayta ish boshlaydi” degan xabar eng qizg‘in muhokama qilinayotgan mavzu bo‘lib qolmoqda. Ozodlik bilan suhbatda MTS rasmiylari¸ o‘zbek bozoriga qaytish-qaytmaslikka oid savollar yuzasidan izoh bermasliklarini bildirdilar.

Asosiy aktsiyalari Rossiyadagi “Sistema” aktsionerlik-moliya kompaniyasiga qarashli MTS (MobilnieTeleSistemi) o‘zbek mobil aloqa bozoriga qaytib¸ ish boshlash yuzasidan muzokaralarni davom ettirmoqda.

Bu muzokaralarda “Sistema” AFK direktorlar kengashi raisi Vladimir Yevtushenkovning shaxsan o‘zi ishtirok etmoqda.

O‘tgan oy Rossiyaning “Vedomosti” nashriga bergan intervyusida Yevtushenkov¸ 2012 yil yozida O‘zbekistondagi faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘lgan MTSning O‘zbekistonga qaytish ehtimoli real mavjud ekani va bu borada Toshkent bilan borayotgan muzokaralarda shaxsan o‘zi qatnashayotganini bildirgan edi.

“Ha¸ bu muzokaralarda shaxsan qatnashayapman¸ ammo hozircha hech qanday prognoz yo‘q. Bu muzokaralardan bir natija chiqsa yaxshi; chiqmasa ham yaxshi. Bugun bu biz uchun tarixga aylandi. Albatta¸ qaytishimiz ham MTS¸ ham O‘zbekiston uchun yaxshi bo‘ladi. Ammo¸ aytganlaridek¸ iblis tafsilotlarga bekingan bo‘ladi¸ shuning uchun....” degan edi bu suhbat davomida ma‘noli qilib Yevtushenkov.

Aftidan¸ ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgan MTS 26 yanvardan O‘zbekistonda rasman ish boshlaydi¸ degan xabar bilvosita Yevtushenkovning ana shu bayonotiga asoslanadi.

Ayni shu bayonotni dastak qilib Qirg‘iziston rasmiy axborot agentligi 16 yanvar kuni MTSning o‘zbek mobil aloqa bozoriga qaytishi mumkinligi haqida xabar tarqatdi va bu ham ijtimoiy tarmoqlardagi muhokamalarni qizitmay qolmadi.

22 yanvar kuni Ozodlik muxbiri suhbatlashgan MTS matbuot kotibi Dmitriy Solodovnikov¸ shirkatning O‘zbekistonga qaytish-qaytmasligi borasida sharh berishdan saqlanajagi va Yevtushenkov aytgan gapga qo‘shimcha axborot bera olmasligini bildirdi.

Ayni paytda¸ Ozodlikning MTSga yaqin manbasi¸ o‘z shaxsiyati ochiqlanmasligi sharti bilan muzokaralarning ko‘pdan davom etayotgani¸ ammo 26 yanvar kuni O‘zbekistonga qaytish haqidagi gap-so‘zlarda asos yo‘qligini ta‘kidladi.

“O‘zbekistondagi siyosiy vaziyat beqaror bo‘lib turgan hozirgi sharoitda¸ muzokaralarning qanday natija bilan tugashi o‘ta mavhum. Toshkentdagi bu borada bugun qaror beruvchilar MTS O‘zbekistonga qaytsin¸ degan to‘xtamga kelgan taqdirda ham¸ bir marta og‘zi kuygan MTS muayyan kafolatlar istaydi.
Chunki MTS O‘zbekistonga qaytsa¸ stantsiyalarni qayta ishga tushirish uchun ularni ta‘mirlash¸ yangi asbob-uskunalar va yangi kompyuter dasturlari sotib olishga majbur bo‘ladi. Bu esa o‘nlab¸ balki yuzlab million dollar xarajat deganidir. Bu sarmoya xavfsizligini kim va qanday kafolatlaydi? Ayniqsa¸ O‘zbekistonda parlament va prezident saylovlari o‘tadigan yilda¸ hokimiyat almashinuvi payti yaqinlashayotgan bir davrda MTS o‘zini yana bir marta o‘tga tashlashdan saqlanadi”¸ dedi Ozodlikning MTSga yaqin manbasi.

Ayni manbaning ta‘kidicha¸ MTS va O‘zbekiston rahbariyati O‘zdunrobita ishini qayta tiklash yuzasidan rasmiy kelishuvga erishgan taqdirda ham¸ mobil aloqa operatorining o‘z mijozlariga xizmat ko‘rsatishni boshlashi uchun kamida to‘rt oy muhlat kerak bo‘ladi.

“Butun mamlakat bo‘ylab stantsiyalarni qayta ishga tushirish¸ odamlarni ishga yollash va ularni tayyorlash eng tez bo‘lganda ham kamida 3-4 oy vaqt talab qiladi. Shuning uchun MTS O‘zbekistonda 26 yanvar kuni ish boshlaydi¸ degan xabar o‘zbekistonlik mijozlar orzusi xolos”¸ deydi MTS-O‘zbekiston muzokaralari vaziyatidan xabardor manba.

MTS ning O‘zbekistonda "O‘zdunrobita" nomi ostida faoliyat olib borgan sho‘basi 2012 yil yozida rasmiy Toshkent qarori bilan faoliyatini to‘xtatgan edi. O‘zbekiston rasmiy idoralari "O‘zdunrobita" shirkatiga yirik miqdordagi daromadni soliqdan yashirish, pul yuvish, mijozlar pullarini noqonuniy o‘zlashtirish kabi ayblar qo‘ygan.

Toshkentning MTS faoliyatini to‘xtatishi oqibatida mamlakatdagi eng yirik mobil aloqa operatori bo‘lgan "O‘zdunrobita"ning 10 millionga yaqin mijozi bir kunda aloqasiz qolgan edi.

Toshkent hukumatini O‘zbekistondagi mo‘may daromad keltiradigan bizneslarini tortib olishga urinishda ayblagan MTS o‘ziga qo‘yilgan ayblarni rad qilgan va Sarmoyadorlar o‘rtasidagi kelishmovchiliklarni tartibga soluvchi Vashingtondagi xalqaro markaz(ICSID)ga O‘zdunrobita litsenziyasining bekor qilinishi yuzasidan shikoyat arizasi bilan murojaat qilgan.

O‘zbekistondagi faoliyati to‘xtatilishi noqonuniy bo‘lgani, buning oqibatida 1 milliard 80 ming AQSh dollarli sof daromaddan quruq qolgani haqda da‘vo arizasi kiritgan MTS rahbariyati o‘tgan oy o‘z mol-mulki qaytarilishi uchun oxiriga qadar kurashish qarorida qat‘iy ekanini bayon qilgan edi.
XS
SM
MD
LG