Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 10:10

Chegaradan o‘tayotgan ayollarni jinsiy aloqaga zo‘rlagan bojgirlar tekshirilmoqda


Suratning lavhada tilga olingan voqeaga bevosita aloqasi yo‘q
Suratning lavhada tilga olingan voqeaga bevosita aloqasi yo‘q
O‘zbek-qozoq chegarasidagi “Qoplonbek” nazorat-o‘tkazish punktidan o‘tgan ayollarni jinsiy aloqaga zo‘rlagan o‘zbek bojxona xodimlari ustidan ichki tekshiruv olib borilmoqda.

Ozodlikning O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasidagi ishonchli manbasining xabar qilishicha, tilga olingan chegara maskanida xizmat qilib kelgan bojxona xodimlarining g‘ayriqonuniy harakatlari bo‘yicha shu kunda tekshiruv o‘tkazilmoqda, bir necha xodim esa javobgarlikka tortilgan.

Ozodlikka ma‘lum bo‘lishicha, “Qoplonbek” ("Qoplonbek" Qozog‘istonga qarashli post. Voqea O‘zbekistonga qarashli "Navoiy" postida bo‘lgan. Lekin voqea bo‘lgan joyni ko‘pchilik "Qoplonbek", deb bilgani uchun maqola oxirigacha "Qoplonbek", deb ishlatamiz) bojxona postida xizmat qilgan o‘zbekistonlik kamida 5 bojxona xodimi xizmat vakolatlarini suiiste‘mol qilgan holda bir necha oy davomida Qozog‘istondan atir-upa tashiydigan tujjor juvonlar bilan bojxona posti binosining ikkinchi qavatidagi maxsus xonada jinsiy aloqa qilgan.

Buning evaziga o‘zbek bojgirlari savdogar ayollarga kontrabanda-molini chegaradan bexatar olib o‘tish imkonini yaratib bergan.

Ozodlik ixtiyoridagi ma‘lumotlarda bojgirlar savdogar ayollarga ma‘naviy-ruhiy bosim o‘tkazish yo‘li bilan ularni jinsiy aloqaga majburlaganligi ehtimoli katta ekanligiga ishoralar ko‘p.

Ma‘lum bo‘lishicha, bojgirlar savdogar ayollarga “yo mollaringizni musodara qilib, jarimaga tortamiz yoki sen biz bilan aysh-ishrat qilasan”, deya talab qo‘yishgan.

“Qoplonbek” chegara postidan kunora mol olib o‘tadigan va o‘zini Zokirjon, deb tanishtirgan toshkentlik tadbirkor yigitning Ozodlikka aytib berishicha, ko‘p holatlarda ayollar bojxona xodimlari bilan jinsiy aloqa qilishga majbur bo‘lishgan:

- Qozog‘istondan atir-upa olib kelib tijorat qiladigan qiz-juvonlar molidan ayrilib qolishdan qo‘rqib bojgirlar bilan hamto‘shak bo‘lishga rozi bo‘lishmoqda. Chunki ularning mollari musodara qilinishi mumkin. Shuning uchun tadbirkor ayollar ixtiyoriy-majburiy tarzda jinsiy aloqa qilishgan. "Qoplonbek"ning Qozog‘iston tarafida konfet, atir-upa sotadigan do‘konlar bor. Atrofdagi qiz-juvonlar o‘sha do‘konlardan O‘zbekistonga narsa olib kelib sotishadi. Qozoq bojgirlari indamaydi, ammo o‘zbek bojgirlari ularni qattiq tekshiradi. Olgan narsasini narxi 10 dollardan oshgan bo‘lsa darrov bayonnoma tuzishadi. Ayollarni qiyin-qistovga olishadi, deydi Zokirjon.

Zokirjon bojxonadagi seks skandalga aralashgan bojgirlarning ism shariflarini ham Ozodlikka bildirdi.

Bu ismlarni odob yuzasidan hozircha ochiqlamaslikni ma‘qul ko‘rdik.

Tabiiyki, Zokirjan maxsus xonada erkak (bojgir) va ayol (tujjor) o‘rtasida bo‘lib o‘tgan jinsiy aloqa(lar)ni qayerdan biladi, degan savol tug‘iladi.

Ozodlikning bu savoliga Zokirjon bu haqda unga jinsiy aloqaga majburlangan ayollardan biri shaxsan aytib berganini aytar ekan, o‘sha ayolning telefon raqamlarini ham berdi. Biz ayol bilan hozircha bog‘lana olmadik, lekin Zokirjon bilan o‘tkazilgan qariyb 1 soatlik suhbat davomida unga bitta savolni 3-4 shaklda berdik va bir xil javoblar oldik.

Suhbatdoshga ko‘ra, “Qoplonbek” bojxona posti xodimlari binoning ikkinchi qavatida tashkil qilgan “ishratxona”da ro‘y bergan voqealar videotasvirga olinib, O‘zbekiston milliy xavfsizlik xizmatiga yetkazilganidan keyin tekshir-tekshir boshlanib ketgan:

- Bundan ikki kun burun qattiq tekshiruv bo‘lib, uch-to‘rt bojxona xodimini ishdan bo‘shatishdi. Ularning ayollar bilan birga bo‘lgani videoga tushib qolgan ekan, o‘sha video bois qattiq taftish bo‘ldi. Muammo shuki, bu holat bojxona postida ish paytida yuz bergan. Ishdan keyin yoki dam olish kuni emas. Ayollar bojxona xodimlari tarafidan jinsiy zo‘rlangan . Bola-chaqasini boqaman, deb chiqqan ayollar seksga majburlangan,tushunyapsizmi bu holatning dahshatli ekanligini, deydi suhbatdosh.

Ozodlik muxbiri “Qoplonbek” chegara postida o‘zbek bojgirlari qiz- juvonlarga jinsiy zo‘ravonlik qildimi? degan savolni O‘zbekiston Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati vakiliga berdi.

Xizmatning o‘zini Xurshid, deb tanishtirgan vakili savolimizga javoban "Bojxonaga oid barcha savollaringizga javoblarni rasmiy saytimizdan topasiz", degan javob bilan cheklandi.

Qo‘mita saytida biz o‘rganayotgan mavzuga oid yangilik topa olmadik.

“Qoplonbek” chegara postidan yiliga 23 mingga yaqin avtomobil va o‘n minglab yo‘lovchi o‘tadi.

O‘zbek-qozoq chegarasining umumiy uzunligi 2 ming 300 kilometrni tashkil qilgan hududida 16 ta bojxona posti faoliyat ko‘rsatadi.

Ozodlik bilan suhbatlashgan ba‘zi o‘zbekistonliklar bu bojxona maskanlarida kamsitish va ta‘magirlikka duch kelganini aytishdi.

O‘tgan yilning oktyabr oyida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan bir videotasvirda bojxona, deya ishonilgan tekshiruv maskanida o‘zbek erkak mulozimining ayollarni yalang‘och yechintirib tekshirayotgani aks etgan.

Bu videotasvirdagi ayol pirovardida qip yalang‘och bo‘ladi
Bu videotasvirdagi ayol pirovardida qip yalang‘och bo‘ladi
Bu videotasvirda Toshkent shevasida gapirgan erkak kishi kamida to‘rtta ayolni yechinishga buyuradi. Boshiga ro‘mol o‘ragan va ko‘rinishidan tujjorga o‘hshaydigan 30 yoshlar atrofidagi ayol erkak mulozimning oldida siynabandi va lozimini yechadi.

Ayni shu tarzda 19-20 yoshlardagi boshqa uch nafar qiz ham mulozim oldida siynabandini ko‘tarib, tursigini tushiradi.

Ba‘zi tasdiqlanmagan iddaolarga ko‘ra, aynan shu videotasvir “Qoplonbek” chegara postida tushirilgan va MXX tekshiruviga bois bo‘lgan.

O‘zbekistonning Turkmaniston, Tojikiston va Qirg‘iziston bilan checharasidagi bojxona maskanlarida ham tamagirlik va ayollarga jinsiy zo‘ravonlik qilish holatlari borligi aytiladi.

O‘zbekistonning Qirg‘iziston bilan chegarasidagi “Do‘stlik” chegara postidan o‘tgan ayollarning ham jinsiy xizmat evaziga bojxona tekshiruvidan ozod qilinayotgani aytildi.

Chegarada ayollarning kamsitilishiga oid tadqiqot o‘tkazgan va o‘z ismi ochiqlanishini istamagan o‘shlik huquq himoyachisi so‘nggi 6 oy davomida olib borgan kuzatishlariga asoslanib, ba‘zi ma‘lumotlarni berdi:

- Qirg‘izistondan O‘zbekistonga oltin buyumlar olib o‘tadigan bir necha o‘zbek ayolning har ikkala chegarada zo‘rlangani haqida ma‘lumotim bor. Bu ayolning eri, bola-chaqalari borligini andisha qilib ismini aytmayman. Lekin aytadiganim shuki, chegaradagi jinsiy tajovuz sistemaga aylanib bo‘ldi. Ayollar avvaliga majburlanadi. Qamayman, jarima qilaman, molingni musodara qilaman deb qo‘rqitiladi. Shu tariqa savdogar ayollar bunga o‘rganib qoladi. Ba‘zi ayollar esa bojxonachilarga o‘z tanasini o‘zi taklif qiladi. Chegaradagi askarlar, MXX hodimlari va sanitariya xizmati nozirlari birlashib kunora aysh-ishratga to‘liq orgiyalar qilishadi, deydi huquq himoyachisi.

Qozog‘iston Bojxona qo‘mitasining “Jibek yo‘li” chegara posti boshlig‘i Barxan Minboyevning Ozodlikka aytishicha, ayollarning erkak mulozimlar tarafidan tekshirilishi mavjud qonunlarga mutlaqo ziddir:

- Ayolni ayol, erkakni erkak tekshirishi lozim. Bu qat‘iy qoida. Bilishimcha, bunday qoida O‘zbekiston bojgirlariga ham tegishli. Bojxona kodeksiga ko‘ra yo‘lovchini yechintirib ko‘rikdan o‘tkazish favqulloda holatlarda, faqat boshliqdan yozma izn olinib amalga oshirilishi kerak. Bunday holatda fuqarolarning insoniy qadr-qimmati hurmat qilinishi kerak, deydi Qozog‘iston Bojxona qo‘mitasining “Jibek yo‘li” chegara posti boshlig‘i Barxan Minboyev Ozodlik bilan suhbatda.
XS
SM
MD
LG