Линклар

Шошилинч хабар
21 март 2025, Тошкент вақти: 22:57

Xorijga ishga ketgan kollej o‘quvchisiga 1 million so‘m jarima solinyapt


Rossiyada ishlayotgan o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari orasida kollej o‘quvchilari ko‘pchilikni tashkil etadi.
Rossiyada ishlayotgan o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari orasida kollej o‘quvchilari ko‘pchilikni tashkil etadi.
So‘nggi bir oy mobaynida O‘zbekistonda prokuratura, militsiya, hokimiyat vakillaridan iborat guruh xorijga ishlashga ketgan kollej o‘quvchilarini qaytarish tadbirini o‘tkazmoqda. Chet elga ketgan o‘quvchilarning ota-onalari esa qariyb bir million so‘m miqdorida jarimaga tortilmoqda.
Xorazm viloyatidagi Hazorasp iqtisodiyot kollejining 3-bosqich o‘quvchisi bo‘lgan yigitning ismini ochiqlamaslik sharti bilan Ozodlikka aytishicha, kollejni tashlab Rossiyada ishlayotgani uchun ota-onasiga bosim bo‘layapti.
“Hozirda men Rossiyada ishlayapman. Uydan oyim telefon qilib aytishicha, uyimga kollejdan kelib: “Agar o‘g‘lingiz 10 kun ichida kollejda bo‘lmasa, bir million so‘m shtraf to‘laysiz”, deyishgan. Shtraf to‘lagandan keyin ham bormasam, bir hafta ichida oyimni yoki dadamni qamashlarini aytishgan. Juda yomon vaziyatga tushib qoldim”, deya xabar qildi xorazmlik o‘quvchi.
Hazorasp iqtisodiyot kolleji rahbariyatidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, huquq-tartibot idoralari bilan qilingan hamkorlik natijasida so‘nggi bir oy mobaynida 10 o‘quvchi Rossiyadan kollejga qaytarilgan va yana xorijda mardikorlik qilayotgan 26 nafar o‘quvchini qaytarish harakati ketayapti.
“Chetga ishlashga ketgan o‘quvchilarni qaytarish uchun mahallalar va Ichki ishlar bilan birga ishlayapmiz. Kollej o‘qituvchilari mahalla oqsoqollari va militsiya xodimlari bilan birgalikda ishlashga ketgan o‘quvchilarning ota-onalari bilan uchrashayapti. Ularga bolasini kollejga qaytarmasa, jarima to‘lashi va hatto, jinoiy javobgarlikka ham tortilishi mumkinligi borasida ogohlantirayapmiz. Hozir Rossiyadagi 26 o‘quvchidan 10 nafari ota-onasi bilan ketgani uchun ularni qaytarish mahallakom va militsiya zimmasiga yuklatilgan”, dedi Hazorasp iqtisodiyot kollejining ismini ochiqlamayotganimiz rahbarlaridan biri.
Xorazm viloyat kollejlar boshqarmasidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, viloyatdagi deyarli har kollejdan o‘nlab o‘quvchi xorijga ishlashga ketgan va hozirda ularni qaytarish tadbiri ketayapti.
Boshqarma mulozimlaridan birining aytishicha, o‘qishni tashlab xorijga ishlashga ketgan farzandini qaytarmagan ota-onalar O‘zbekiston ma‘muriy-javobgarlik kodeksining 47-moddasi (Bolalarni tarbiyalash va ularga ta‘lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik) bo‘yicha javobgarlikka tortilayapti.
Ma‘muriy-javobgarlik kodeksining 47-moddasida "Eng kam ish haqining besh barobaridan o‘n barobarigacha miqdorda jarima solish" jazosi ko‘zda tutilgan.
Bugungi kunda mamlakatda eng kam ish haqi 96105 so‘m bo‘lib, uning o‘n barobari 961 ming 50 so‘mni tashkil qiladi.
Xorazm viloyat kollejlar boshqarmasi qancha o‘quvchining ota-onasi jarimaga tortilganini ochiqlamadi.
Shu kunlarda nafaqat Xorazmda balki butun mamlakat bo‘ylab xorijga ishlashga ketgan kollej o‘quvchilarini qaytarish harakati davom etayapti.
Samarqand viloyat kollejlar boshqarmasidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, bugungi kunda viloyat kollejlarining jami 1 ming 801 nafar o‘quvchisi xorijda mardikorlik qilayapti.
“O‘quvchilarni o‘qishga qaytarish uchun hokimlik va prokuratura xodimlari bilan birga ishlayapmiz. 47-modda bo‘yicha qo‘llanma qilingan. Mardikorlikka ketgan o‘quvchi voyaga yetgan bo‘lsa, o‘ziga shtraf solayapmiz. Voyaga yetmagan bo‘lsa, ota-onasiga shtraf solayapmiz. So‘nggi bir oy ichida 80dan ziyod o‘quvchining ota-onasi jarimaga tortildi”, dedi Samarqand viloyat kollejlar boshqarmasining ismini ochiqlamayotganimiz mulozimi.
Uning aytishicha, hozircha jarima jazosining o‘zi bilanoq o‘quvchilarni kollejga qaytarishga erishilayapti, hali jinoiy javobgarlikka tortish hollari kuzatilmagan.
Mulozim xorijga ishlashga ketgan o‘quvchining ota-onasi qaysi modda bo‘yicha jinoiy javobgarlikka tortilishini ochiqlamadi.
XS
SM
MD
LG