Линклар

Шошилинч хабар
24 март 2025, Тошкент вақти: 19:19

Suratimni mendan beso‘roq Internetda e‘lon qilishdi, nima qilay?


Kuni kecha Ozodlikka shikoyat bilan murojaat qilgan o‘zbekistonlik yosh ayol Internetdagi ijtimoiy tarmoqlardan birida uning nomiga boshqa birov ochgan va uning suratlarini joyshlatirgan sahifaga ko‘zi tushib qolganini aytdi. O‘zini N. deb tanishtirgan o‘zbekistonlik ayolning aniqlashicha, qalbaki sahifani Internetda tanishgani yigit ochgan va N.ning suratlarini olib tashlash talabini rad etmoqda.
"Men bilan yurasan, dedi. Ko‘nmadim."
“Suratlarimni olib tashlang, desam, ko‘nmayapti. Nima qilsam bo‘ladi?”deb zorlangan N. Ozodlik muxbiri bilan suhbatda bo‘lib o‘tgan voqeani mana bunday hikoya qilib berdi:
- U yigit bilan Internetda tanishganman. Profilim bor edi. U bilan ancha vaqt gaplashib yurdik. Oilasi bor. Shuning uchun shunchaki do‘stona ma‘noda gaplashib yurdim. Keyin u men bilan yurasan, deganday qildi. Men, yo‘q, oilangiz bor, oilangizni buzishni istamayman, deb rad etdim. Shundan keyin u xuddi menikiday nomga profilь ochib, rasmlarimni qo‘yib qo‘yibdi, dedi N.
Aytishicha, u Internetdagi “do‘sti”ning nafaqat ism-familiyasini, hatto qaysi ko‘cha, qaysi uyda yashashigacha biladi.
- Olib tashlang, deb iltimos qildim. Yo‘q, deydi, turadi, deydi. Ko‘nmayapti. Kimga murojaat qilishni bilmayapman, dedi N.
Advokatning degani
Tinglovchimizning shikoyatini sharhlar ekan, toshkentlik advokat Ruhiddin Komilov bunday dedi:
- Suratni egasidan beso‘roq e‘lon qilgan konkret shaxs aniq bo‘lsa, tegishli huquqni saqlash organlari orqali masalani hal qilsa bo‘ladi. Avvalo, ichki ishlar organlariga murojaat qilishi kerak, dedi advokat.
Shikoyatchining so‘zlariga qaraganda, dedi advokat, uning ismi bilan tarmoqda profilь ochib, suratlarini e‘lon qilgan yigitning harakatlarida shaxsiy hayotga tajovuz alomatlari ko‘rinmoqda.
- Lekin, masalani yaqindan o‘rganmay turib, xulosa qilish to‘g‘ri emas. Suratlar qayerdan va qanday olindi? Nima maqsad bilan olindi? Balki shantajdir, balki tamagirlikdir? Agar jinoyat, deb hisobga olinsa, motiv nimadan iborat bo‘lgan? Bu savollarga huquqni saqlash organlari javob topshi kerak, dedi advokat.
Qonunlar nima deydi?
Ruhiddin Komilovning aytishicha, fuqaroning shaxsiy hayoti daxlsizligi qator hujjatlarda – Ma‘muriy, Fuqarolik va Jinoyat kodekslarida kafolatlangan.
Shaxsiy hayot daxlsizligi mamlakat Konstitutsiyasida ham kafolatlangan.
Konstitutsiyadagi me‘yor
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 27-moddasida “Har kim o‘z sha‘ni va obro‘siga qilingan tajovuzlardan, shaxsiy hayotiga aralashishdan himoyalanish va turar joyi daxlsizligi huquqiga ega. Hech kim qonun nazarda tutgan hollardan va tartibdan tashqari birovning turar joyiga kirishi, tintuv o‘tkazishi yoki uni ko‘zdan kechirishi, yozishmalar va telefonda so‘zlashuvlar sirini oshkor qilishi mumkin emas” deyilgan.
Sudga yetib borgan "yalang‘och ayol"
Demak Konstitutsiyada ham, kodekslarda ham shaxs daxlsizligi kafolatlangan.
Biroq o‘sha qonunlarga tayanib o‘zini himoya qila olganlarni sanash uchun barmoqlar ham ko‘plik qiladi.
Har holda, advokat Ruhiddin Komilov keyingi yillarda xuddi shu masalada sudgacha yetgan birgina ishni biladi.
- Bir yigit tanishi bo‘lgan ayolning yalang‘och holda tushgan suratlarini telefon orqali tarqatgan va ish sudgacha yetib, yigit jazolandi, dedi advokat.
Ruhiddin Komilov mazkur ish bilan shaxsan shug‘ullanmagani uchun jazo qanday ko‘rinishda bo‘lganini ayta olmadi.
Shaxsga tajovuz qilgan shaxs qanday jazolanadi?
Advokatdan so‘radik:
- Shaxs daxlsizligiga tajovuz qilinsa, tajovuz qilgan shaxs qanday jazolanadi?
- Savolingiz ham, holat ham mavhum. Bunga ta‘rif berish uchun dispozitsiyani bilish kerak. Aniqlovchi belgilar yo‘q bizda. 3 – 4 yo‘nalishda javobgarlikka tortsa bo‘ladi. Hatti-harakatning oqibatiga qaraladi. Shuning uchun men bu savolga konkret javob bera olmayman. Bunga haqim ham yo‘q, dedi advokat.
Soxta sahifalar "epidemiyasi"
Ma‘lumotlarga qaralsa, Ozodlikka shikoyat qilgan N. o‘z tashvishida yolg‘iz emas.
U yoki bu shaxsning ismi ijtimoiy tarmoqlarda beso‘roq ishlatilishi keyingi paytlarda o‘ziga xos epidemiyaga aylanib ketgan. Bu kasallik birinchi navbatda taniqli san‘atchilarni “chalmoqda”.
Masalan, 2013 yilning sentyabrigacha O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova nomidan “Odnoklassniki”da 300 ta, “Feysbukda” 25 ta, O‘zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov nomidan “Odnoklassniki” tarmog‘ida 275 ta, “Feysbuk”da 16ta, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Rayhon G‘aniyeva nomidan “Odnoklassniki”da 158 ta, “Feysbuk”da 6 ta, xonanda Munisa Rizayeva nomidan “Odnoklassniki”da 311 ta, “Feysbuk”da 10 ta soxta sahifa ochilgan.
Lift va to‘shak sirlari, tahqirlangan transvestit...
Soxta sahifalar hodisaning yumshoqroq ko‘rinishidir. Boshqa ko‘rinishini chinakam tajovuz, deb klassifikatsiyalash mumkin.
Keyingi paytlarda taniqli sozandaning liftda ayol hamkasbiga nisbatan qilgan harakatlari, taniqli kinorejisserning to‘shak sirlari, transvestit yigit bilan zo‘ravonlik bilan o‘tkazilgan “muloqot” videotasvirlari ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi, telefondan telefonga ko‘chdi.
Bu videolar qahramonlari o‘zlarining shaxsiy hayoti daxlsizligi himoya qilinishini so‘rab huquq-tartibot organlariga murojaat qilgani to‘g‘risida ma‘lumot yo‘q.
XS
SM
MD
LG