Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 01:12

Peterburg politsiyasi bir qancha islovotxonalarni fosh etdi


Peterburg politsiyasi shaharda ko‘payib borayotgan islovotxonalarga qarshi kurash boshlaganini xabar qilmoqda. Birgina fevral oyida Rossiyaning “madaniy poytaxti”dagi Primorskiy, Kirovskiy, Nevskiy, Markaziy tumanlarida asosan o‘zbekistonlik ayollar “xizmat” ko‘rsatayotgan fohishaxonalar tarqatib yuborildi.

17 fevral kuni Sankt-Peterburgning Markaziy tumanida politsiya xodimlari tomonidan birdaniga uchta islovotxona fosh etildi. Zaslonova ko‘chasida ijaraga olingan kvartirada 4 ayol, Sovetskaya ko‘chasida – 6 ayol, Nekrasova ko‘chasida yana 6 ayol ushlandi.

Operativ xodimlar O‘zbekiston, Ukraina, Rossiya va Nigeriya fuqarolari bo‘lgan ayollar “ish joyida” yashab kelganini aniqladi.

Sankt-Peterburg shahrining Primorskaya tumani bo‘yicha politsiya bo‘limi rasmiysi Irina Aleksandrova Komendantskaya maydonidagi uylardan birida aniqlangan yana bir islovotxona haqida ma‘lumot mahalliy fuqarolardan kelib tushganini aytadi.

- Bu kvartirada ushlangan 10 ayoldan bittasigina rus. Qolganlari Nigeriya va O‘zbekiston fuqarolari ekani aniqlandi. Ayollar ma‘muriy protokol tuzish va javobgarlikka tortish uchun sudga olib boriladi,- dedi Irina Aleksandrova.

Islovotxona joylashgan 3 xonali kvartira videonazorat apparaturasi bilan ta‘minlangan, kvartira pod‘ezdi va xonalar tasvirga olib turilgani aytilmoqda.



Peterburg politsiyasi vakili rossiyalik ayolga nisbatan “fohishabozlikni tashkil etish” moddasi asosida jinoiy ish qo‘zg‘atilishini ham qo‘shimcha qildi. Hozircha o‘zbekistonlik va nigeriyalik ayollar shaxsini aniqlash uchun shaharning Primorskiy tumanidagi 44-politsiya bo‘limiga olib kelingani aytilmoqda.

Politsiya boshqarmasida Ozodlikka fohishaxonaga “mijoz” sifatida kirib borgan operativ xodimlar xonalar antisanitariya sharoitida ekani, xonaning turli burchaklarida spirtli ichimlik idishlari, ishlatilgan shprits va sigaret qoldiqlari yotganiga guvoh bo‘lishganini ma‘lum qilishdi.

Ma‘lum bo‘lishicha, fevral oyining o‘zida Peterburgning Nevskiy, Liteyniy va Suvorovskiy ko‘chalarida yana uchta fohishaxona yopilgan. Ozodlik u yerda asosan O‘zbekiston va Ukrainadan kelgan ayollar pullik jinsiy “xizmat” ko‘rsatib kelganini aniqladi.

Ozodlik o‘zbek tilida yozilgan “Erkaklar uchun orombaxsh dam!”, “O‘rtoqlar, dam olinglar!”, “Muhabbat – 24 soat” kabi reklama varaqalarini Peterburgning turli joylarida uchratish mumkinligi, Internetda ham o‘zbek fohishalarini “maqtovchi” ijtimoiy tarmoqlardagi guruhlar va saytlar soni ham behisob ko‘payib borayotgani haqida xabar bergan edi.

Rossiya Ichki ishlar vazirligining Sankt-Peterburg bo‘yicha bosh boshqarmasida Ozodlikka yil boshidan buyon shaharning turli joylarida fohishaxonalar yirik tarmog‘i yo‘q qilinganini bildirishdi.

Ozodlik savollariga javob bergan politsiya boshqarmasi rasmiy vakili Vyacheslav Meshkov, shunga qaramasdan fohishalar bilan faqat ma‘muriy jazolash yordamida kurashni Don Kixotning “shamol tegirmonlari” bilan kurashiga qiyosladi.

- Biz ular bilan doimiy kurashib boramiz, afsuski ularning ko‘payishi ajablantiradi. Xodimlarimiz operativ ma‘lumotlar asosida islovotxonalarni aniqlab, yo‘qotadilar. Bir-ikki kun o‘tmasdan bunday bordelь yana boshqa joyda ochilyapti. Masalan, Komendantskaya maydonida ushlangan nigeriyalik ayollar oldin ham qo‘limizga tushgan. Ularning hujjatlari joyida bo‘lsa - ma‘muriy javobgarlikka tortiladi, joyida bo‘lmasa - deportatsiya qilinadi, deydi Vyacheslav Meshkov.

Meshkov Peterburg deputatlari bu sohada qonunchilikni keskinlashtirishga tayyorgarlik ko‘rayotganini aytadi.

- Deputatlar endilikda hammadan barmoq izlarini olishni joriy qilmoqda. Ko‘p hollarda o‘sha o‘zbekistonlik ayollar pasportida bir nechta harfni o‘zgartirib, qaytib kiryapti. Primorskiy tumani – shaharning yangi qurilayotgan eng yirik mavzelaridan hisoblanadi. Ijaraga beriladigan kvartiralar ham, bu ayollarning “xizmatiga” muhtoj mijozlar ham ortig‘i bilan, dedi fohishabozlik bilan kurashish murakkabligi sabablarini tushuntirishga uringan Rossiya Ichki ishlar vazirligining Sankt-Peterburg bo‘yicha bosh boshqarmasi xodimi Vyacheslav Meshkov.
XS
SM
MD
LG