Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2025, Тошкент вақти: 15:20

Rossiyaga ketgan kollej o‘quvchisi o‘qishdan mosuvo qoldi


Qashqadaryo viloyatidagi Nishon transport kasb-hunar kollejining 2-bosqichi birinchi yarmini o‘qigach, Rossiyaga ishlagani ketgan o‘quvchi ikki oy darsda bo‘lmagani uchun o‘qishdan haydaldi. O‘smir yoshida ehtiyojmand oilaning boquvchisiga aylangani bois, pul topishga majbur qolganini aytgan o‘quvchi o‘qishga tiklanishni so‘rab, tuman hokimiga qadar qilgan shikoyatlari kor qilmaganidan Ozodlikka arz qildi.

Qashqadaryolik 20 yashar Shodiyor Annaqulov viloyatdagi Nishon transport kasb-hunar kollejining 2-bosqichida 2 oy dars qoldirgani uchun o‘qish imkonidan mahrum bo‘ldi.

Kam ta‘minlangan oila to‘ng‘ichi bo‘lgan Shodiyor o‘qishning ikkinchi kursi yarmiga kelganda otasi to‘shakka mixlanib qolgach, ham o‘zi, ham oilasini boqishga mahkum bo‘lib qolganini aytadi.

- 2013 yilning aprelidan boshlab, o‘qishga bormaganman. Rossiyaga ketganman, chunki o‘qishga borishga, oilamizni boqishga pul topishim kerak edi. 6-7 oy ishlab, yana bir yil oilani boqishga, 3-bosqichni ham tugatishimga yetadigan pul topib keldim. Keyin, o‘qishga qatnadim. Lekin, direktorimiz 3-kurs oxiriga yetay deganda, meni o‘qishdan chiqarib yubordi,- deydi hozir yana Rossiyada ishlab yurgan Shodiyor.

Uning hikoya qilishicha, oilasining yagona boquvchisi bo‘lgan otasi o‘tgan yili og‘ir jarohat olib ishga yaroqsiz bo‘lib qolgan. Ota mardikor usta va aholi uylarini qurish, asosan tom yopish bilan shug‘ullanib kelgan.

- Oldin qo‘li sinib keldi otamning. Suyagi yorilib ketdi, lekin shunda ham ishga qatnab yurdi. Keyin, qo‘lini ehtiyot qilaman, deb yana tomdan yiqildi, oyog‘i sinib, tamomila yotib qoldi. Men katta o‘g‘il bo‘lganim uchun majbur bo‘ldim pul topishga, o‘qishni to‘xtatishga,- deydi Shodiyor.

Ammo oilaviy sharoiti og‘ir ahvolga tushganidan esankirab qolgan yigit kollej ma‘muriyatini o‘qishni to‘xtatishga majbur qolganidan ogohlantirmadi.

- Men Rossiyaga ishlagani ketyapman, desam kim menga ruxsat beradi? Hech kim. Rossiyadan boshqa joydan pul topib bo‘lmasa, bizga o‘xshagan oilalarga pensiya bermasa, ish bermasa? Nima qilishim kerak edi? Hamma qatori Rossiyaga ketdim,- deydi og‘ir sharoitda qolgan oilaning boquvchisiga aylangan sobiq o‘quvchi.

Rossiyada o‘tgan yilning aprelь oyidan noyabrь oyiga qadar ishlagan Shodiyor bor kuchi bilan pul topishga uringani va yaxshigina pul topganini aytadi.

- Bor kuchim bilan yemay-ichmay pul yig‘dim. Uyga ham jo‘natdim, o‘qishgayam to‘pladim. Chunki, o‘qishni yaxshi ko‘rardim, nima qilib bo‘lsa ham tugataman, degan edim. Kuzda paxta paytida ham men Rossiyada qolib pul ishladim. Keyin dekabrdan o‘qish boshlanganda, kollejga bordim. Lekin direktor meni o‘qitmadi. 2-kursni boshidan o‘qiysan, deydi. Agar menda shu o‘qishga pul bo‘lsa, men shunaqa qilib Rossiyada yurarmidim?! Men Kitob tumanida turaman, yo‘l kiraga zo‘rg‘a pul topdimki Rossiyalarda yurib!- deydi Shodiyor.

Shodiyor avvaliga o‘qituvchilari, keyin maktab direktori bilan qayta-qayta gaplashib, ularga sharoitini tunushtirishga uringani, ammo natijasi bo‘lmagach, Nishon tuman hokimi qabuligacha borganini aytadi.

- Hammasi tushunganday bo‘ldi, lekin yordam bermadi. Prokuraturaga yozdim keyin. Ular bo‘lsa, sen Rossiyada nima qilib yurgan eding, nimaga yoza-yoz qilayapsan, o‘zingni qamab yuboramiz, deb naoborot menga ugroza qilishga o‘tdi. Oxir bo‘lmadi, yana hammasini yig‘ishtirib Rossiyaga keldim. Yilda bir kun o‘qishga bormagan ba‘zi kursdoshlarim ham diplomini olib, men bilan Rossiyaga keldi naoborot,- deydi qashqadaryolik o‘spirin.

Nishon transport kasb-hunar kolleji ma‘muriyatidan bu borada biror izoh olishning imkoni bo‘lmadi. Ammo, viloyatdagi bir necha kollej ma‘muriyatlari bilan bog‘langan Ozodlik muxbiri bunday o‘quvchilar soni ko‘pligi va ayni paytda viloyat hokimligi yetakchiligida o‘quvchilarning Rossiyaga ketishi oldini olishga urinilayotgani haqida ma‘lumot oldi.

"Hozir har bir kollejdagi Madaniya va ma‘naviyat bo‘limlari boshchiligida mahalla komitetlari va uchastkovoy melisalar birga gruppa-gruppa bo‘lib, ota-onalardan, mahallakomlardan tushuntirish xati olinayapti. O‘quvchilarni Rossiyaga jo‘natmaslik bo‘yicha, keyin qizlarni erga bermaslik to‘g‘risida", deydi Qarshi shahridagi kasb-hunar kollejlaridan birining ismini oshkor qilmayotganimiz rahbari.

Uning muxbir bilan mikrofonsiz suhbatda aytishicha, talabga bo‘ysunmaganlarga eng kam ish haqqining 5 barobari miqdorida jarima solish yoki jinoiy javobgarlikka tortish chorasi belgilangan.

"Mening qizim ham kollejda o‘qiydi. Men o‘zim ham tilxatga qo‘l qo‘ydim. O‘qishni bitirguncha erga bermayman, deb. Agar bajarmasa, 5 barobar minimal oklad jarima, vaqtida to‘lamasam, 4 oy qamoq jazosi berilishi mumkin, deb yozilgan tilxatda" dedi kollej rahbari.

Qashqadaryo O‘rta maxsus kasb-hunar ta‘lim boshqarmasining o‘zini tanishtirmagan xodimi Shodiyor kabi og‘ir sharoitda qolib, Rossiyaga ketishga majbur bo‘layotgan o‘quvchilar borligini qisman tan oldi.

"Agar 2 oy o‘qimagan bo‘lsa va bunga sabablari bo‘lsa, hamma ma‘lumotnomani yig‘ib berishi kerak. Otasining kasalligi, oilasida boquvchisi yo‘qligi, mahalladan buni tasdiqlaydigan hujjat, 2-kurs davomida necha kun o‘qigani, qishki sessiyani topshirgani - xullas, hamma hujjatlarni yig‘ib, kollej direktoriga beradi. Keyin maxsus komissiya o‘rganib chiqib, alohida tartibda qaror bersa, bu bola o‘qishni qolgan joydan davom ettirishga ruxsat olishi mumkin", dedi boshqarmaning o‘zini tanishtirmagan rasmiysi.

Ammo uning so‘zlariga ko‘ra, agar o‘quvchi Rossiyaga ishlagani ketgan bo‘lsa, u holda bunga qarshi ko‘rilgan chora keskin bo‘ladi.

"Bu bolani mayli, deb tushunsak, unisini mayli, deb tushunsak - ertaga hammasi hujjatlarini ko‘tarib keladida?! Kam ta‘minlangan oila bo‘lsa, boquvchisi kasal bo‘lsa, ana mahallaga borsin, hokimiyatga borsin - moddiy yordam bor, nafaqa puli bor. Rossiyada nima qiladi yosh bola", dedi o‘quvchilarning xorijga ish izlab ketishini keskin qoralagan mutasaddi.

Rasmiy ma‘lumotga ko‘ra, yanvar oyidan buyon viloyat miqyosida tashkil etilgan maxsus guruhlar bahorgi mavsum oldidan Rossiyaga ketayotgan muhojirlar orasidagi o‘smirlar yo‘lini to‘sishga urinmoqda.

Buning uchun mahallama-mahalla yurib, oilalar va bolalar hamda mahalla fuqarolar yig‘inlari raislaridan tilxat olayotgan guruhlar ishi natijasini respublika miqyosidagi rahbarlar ishtirokida o‘tayotgan selektor yig‘inlarida taqdim qilmoqda.

Ayni paytda bunday kampaniya so‘nggi ikki oy davomida respublikaning boshqa viloyatlarida kuzatilayotgani haqida ma‘lumotlar bor.

Prokuratura, militsiya, hokimiyat vakillaridan iborat guruhlar xorijga ishlashga ketgan kollej o‘quvchilarini ham qaytarishga urinmoqda.

O‘zbekistondagi og‘ir iqtisodiy vaziyat oqibatida millionlab o‘zbekistonlik mamlakat tashqarisiga ish izlab ketgan. Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, Rossiyada kamida 2 milllion o‘zbekistonlik mehnat muhojiri bor. Norasmiy manbalar Rossiya, Qozog‘iston, Janubiy Koreya va boshqa mamlakatlarda tirikchilik qilayotgan o‘zbekistonliklar soni 8 milliongacha ekanini taxmin qiladi.
XS
SM
MD
LG